Namoyishlar ortidan Nazarboyev iste’foga chiqdi
Olam
−
05 yanvar 2022
20157Qozog‘istonning Birinchi Prezidenti - Elboshi Nursulton Nazarboyev Qozog‘iston Xavfsizlik kengashi raisi lavozimidan ketdi. Bu haqda mamlakatning amaldagi Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev televideniye orqali murojaatida ma’lum qildi.
Ta’kidlanishicha, endi To‘qayevning o‘zi mamlakat Xavfsizlik kengashi raisi lavozimini egalladi. Ushbu lavozimda 2019 yil martdan buyon Elboshi Nursulton Nazarboyev faoliyat yuritib kelayotgan edi.
Ma’lumot o‘rnida, Qozog‘istonni qariyb 30 yil boshqargan Nazarboyev 2019 yilning 20 martida prezidentlikdan ketgan, biroq Xavfsizlik kengashi rahbari va hokimiyatdagi “Nur Otan” partiyasi yetakchisi lavozimlarini saqlab qolgandi. O‘tgan yil aprelida Nazarboyev Qozog‘iston Xalq Assambleyasi raisligi lavozimini tark etish va bu vakolatlarni respublikaning amaldagi rahbariga o‘tkazish to‘g‘risidagi qarorini e’lon qildi, biroq u organning faxriy raisi sifatida qoldi.
Eslatib o‘tamiz, Qozog‘istonning Janaozen shahrida avtomobil egalari suyultirilgan gaz narxi 120 tengega (qariyb 3 ming so‘m) ko‘tarilganidan norozi bo‘lib, ommaviy mitingga chiqdi. Tobora olovlangan namoyishlar ortidan Hukumat komissiyasi Aqtau shahridagi “Intimak” maydonida namoyishchilar bilan uchrashgan. Uchrashuv davomida suyultirilgan gaz narxini pasaytirish va Mang‘istau viloyatida gaz narxini litri uchun 50 tenge etib belgilash to‘g‘risida qaror qabul qilingan.
Muzokara davomida tomonlar barcha yuzaga kelayotgan muammolarni konstruktiv muloqotning asosiy oqimida va amaldagi qonunchilik doirasida hal qilishga kelishib olgan.
Shuningdek, miting ishtirokchilari javobgarlikka tortilmasligiga ham kafolat berilgandi. Lekin, 5 yanvar kuni Qozog‘iston huquq-tartibot idoralari mamlakatning bir qancha viloyatlarida sodir etilgan noqonuniy harakatlar chog‘ida jamoat tartibini buzganlik uchun 200 dan ortiq kishini qo‘lga oldi.
5 yanvar kuni, shuningdek, Qozog‘istonning amaldagi Hukumati iste’fo berdi. Prezident Qosim-Jomart To‘qayev Hukumat iste’fosini qabul qildi.
To‘qayev mamlakatdagi norozilik vaziyatiga Hukumat, xususan, Energetika vazirligi, shuningdek, “Kazmunaygaz” va “Kazakgaz” kompaniyalarini aybladi.
LiveBarchasi