NamDU oldida xotinini vahshiylarcha o‘ldirgan erkakka hukm o‘qildi

3-sahifa

image

Avvalroq Namangan davlat universiteti binosi oldida oilaviy kelishmovchilik sababli o‘zining turmush o‘rtog‘i bilan janjallashib, uni pichoqlab o‘ldirgani haqida xabar bergan edik. QALAMPIR.UZ mazkur holat yuzasidan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi yakuni bo‘yicha ma’lumot olish maqsadida Oliy sud matbuot kotibi Aziz Obidov bilan bog‘landi. 

Uning ma’lum qilishicha, joriy yilning 6 may kuni soat 12:00 larda Namangan shahar Uychi ko‘chasi 316-uyda joylashgan Namangan davlat universitetining darvozasi oldidagi piyodalar yo‘lakchasida 26 yoshli U.O. 23 yoshli turmush o‘rtog‘i O.H. bilan yarashib olish maqsadida unga qo‘lidagi gullarni bergan. 

Biroq u rad javobini olgach O.H. bilan janjallashib, qo‘lidagi oshxona pichog‘i bilan uning tomog‘idan kesib, tanasining turli sohalariga jiddiy jarohat yetkazgan. O.H. olgan jarohatlari oqibatida shu zahoti vafot etgan. 

Mazkur holat yuzasidan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi joriy yilning 10 oktyabr kuni Namangan shahar sudi binosida ochiq sud majlisida ko‘rib chiqilgan. Unda sudlanuvchi U.O. Jinoyat kodeksining 97-moddasi (Qasddan odam o‘ldirish) 2-qismi “j" va "l” bandlarida nazarda tutilgan jinoyatni sodir qilganlikda aybli deb topilgan. Unga nisbatan 17 yil 6 oy ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanib, jazoni umumiy tartibli koloniyalarda o‘tattirish belgilangan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Samarqand viloyatida o‘zining uch nafar farzandini o‘ldirgan otaga nisbatan umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangani haqida xabar berilgan edi. Shuningdek, Surxondaryo viloyatining Termiz shahrida yashovchi ayol o‘z opasi bilan pul masalasidagi ziddiyat sababli jiyanini so‘yib tashlagani haqida xabar berilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

qotillik Namangan davlat universiteti

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing