Bugun Namanganning 60 ming dollar bilan qo‘lga tushgan hokimi ustidan sud boshlanadi
3-sahifa
−
24 aprel 11539 2 daqiqa
Avvalroq, Namangan shahri hokimi Anvar Otaxo‘jayev 60 ming dollar pora olayotganda ushlangandi. Bugun, 24 aprel kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona viloyati sudida Anvarjon Otaxo‘jayev ustidan sud jarayoni boshlanadi. Bu haqda “Ezgulik” jamiyati rahbari Abdurahmon Tashanov ma’lum qildi.
Manbalarga ko‘ra, sobiq hokimning himoya tomoni sudning Namangan viloyati hududida o‘tkazilishiga raddiya bergan. Shu boisdan sud Farg‘ona viloyati sudlarida o‘tkazilishi rejalangan.
Otaxo‘jayev ishi
Otaxo‘jayev va poyabzal ishlab chiqaruvchi MCHJ rahbari o‘zaro til biriktirib, qurilish sohasida tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanmoqchi bo‘lgan fuqarodan shahar hududidagi 35 sotix yer maydonida joylashgan, ma’nan eskirgan turarjoy binolari o‘rniga ko‘p qavatli uy barpo etish huquqini olib berish va moliyalashtirish evaziga 60 ming dollar talab qilgan.
DXX tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda dastlab MCHJ rahbari ushbu so‘ralgan pul mablag‘ini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan. Shundan so‘ng, tezkor tadbir davom ettirilib, shahar hokimi o‘zining yana bir ishonchli odami bo‘lgan – hokimlikning devonxona mudiri orqali MCHJ rahbaridan 60 ming AQSH dollarini olgan vaqtida uning noqonuniy harakatlariga chek qo‘yilgan.
Namangan shahar hokimi deputatlik daxlsizlik huquqidan mahrum qilinib, Davlat xavfsizlik xizmatining Namangan viloyati boshqarmasi Tergov bo‘limi tomonidan unga va devonxona mudiriga nisbatan Jinoyat kodeksining 210-moddasi (pora olish) 3-qismi “a” bandi bilan, MCHJ rahbariga nisbatan esa Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) 4-qismi “a” bandi va 28, 211-moddasi (pora berish) 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Bildirilishicha, shahar hokimi Otaxo‘jayevga nisbatan “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llangan. Tergov doirasida hokimning boshqa noqonuniy harakatlariga nisbatan ham huquqiy baho berilishi aytilgan.
Anvar Otaxo‘jayev ushbu lavozimda 2023 yilning 18 dekabridan buyon faoliyat yuritib kelayotgan edi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Kamolov Ayyubxon Orifjonovich Namangan shahar hokimi lavozimiga tayinlangandi.