Namangan shahrining 60 ming dollar bilan qo‘lga tushgan hokimi o‘rniga yangisi tayinlandi

Jamiyat

image

Kamolov Ayyubxon Orifjonovich Namangan shahar hokimi lavozimiga tayinlandi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

Tayinlov bugun, 29 oktyabr kuni xalq deputatlari Namangan shahar kengashining navbatdan tashqari sessiyasida amalga oshirilgan.

U tayinlovga qadar Markaziy bank raisining o‘rinbosari sifatida ishlab kelayotgandi.

Ma’lumot uchun, Ayyubxon Kamolov 1971 yil 22 fevralda Namangan shahrida tug‘ilgan. Ma’lumoti oliy. 1993 yilda Leningrad qishloq xo‘jaligi instituti va 2001 yilda Namangan muhandislik – pedagogika institutini tamomlagan. U mehnat faoliyatini 1993 yilda Namangan viloyati hokimi huzuridagi istiqbolni belgilash va statistika bosh boshqarmasi bozor munosabatlari istiqbolini belgilash bo‘limida 1-toifali mutaxassis sifatida boshlagan.

Ayyubxon Kamolov 2017 yildan 2019 yilga qadar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi ijrochi direktori sifatida faoliyat yuritgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Namangan shahri hokimi Anvar Otaxo‘jayev 60 ming dollar pora olayotganda ushlangandi.

Otaxo‘jayev va poyabzal ishlab chiqaruvchi MCHJ rahbari o‘zaro til biriktirib, qurilish sohasida tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanmoqchi bo‘lgan fuqarodan shahar hududidagi 35 sotix yer maydonida joylashgan, ma’nan eskirgan turarjoy binolari o‘rniga ko‘p qavatli uy barpo etish huquqini olib berish va moliyalashtirish evaziga 60 ming dollar talab qilgan.

DXX tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda dastlab MCHJ rahbari ushbu so‘ralgan pul mablag‘ini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan. Shundan so‘ng, tezkor tadbir davom ettirilib, shahar hokimi o‘zining yana bir ishonchli odami bo‘lgan – hokimlikning devonxona mudiri orqali MCHJ rahbaridan 60 ming AQSH dollarini olgan vaqtida uning noqonuniy harakatlariga chek qo‘yilgan.

Namangan shahar hokimi deputatlik daxlsizlik huquqidan mahrum qilinib, Davlat xavfsizlik xizmatining Namangan viloyati boshqarmasi Tergov bo‘limi tomonidan unga va devonxona mudiriga nisbatan Jinoyat kodeksining 210-moddasi (pora olish) 3-qismi “a” bandi bilan, MCHJ rahbariga nisbatan esa Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) 4-qismi “a” bandi va 28, 211-moddasi (pora berish) 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Bildirilishicha, shahar hokimi Otaxo‘jayevga nisbatan “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llangan. Tergov doirasida hokimning boshqa noqonuniy harakatlariga nisbatan ham huquqiy baho berilishi aytilgan.

Anvar Otaxo‘jayev ushbu lavozimda 2023 yilning 18 dekabridan buyon faoliyat yuritib kelayotgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Kamolov Ayyubxon Orifjonovich Namangan shahar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

Mavzuga doir yangiliklar