Qarmoqda nahanglar. Namangan shahar hokimi 60 000 $ pora bilan qo‘lga tushdi (video)

3-sahifa

image

Namangan shahri hokimi Anvar Otaxo‘jayev 60 ming dollar pora olayotganda qo‘lga olindi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, Namangan shahar hokimi va poyabzal ishlab chiqaruvchi MCHJ rahbari o‘zaro til biriktirib, qurilish sohasida tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanmoqchi bo‘lgan fuqarodan shahar hududidagi 35 sotix yer maydonida joylashgan, ma’nan eskirgan turarjoy binolari o‘rniga ko‘p qavatli uy barpo etish huquqini olib berish va moliyalashtirish evaziga 60 ming AQSH dollari talab qilgan.

O‘tkazilgan tezkor tadbirda dastlab MCHJ rahbari ushbu so‘ralgan pul mablag‘ini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan. Shundan so‘ng, tezkor tadbir davom ettirilib, shahar hokimi o‘zining yana bir ishonchli odami bo‘lgan – hokimlikning devonxona mudiri orqali MCHJ rahbaridan 60 ming AQSH dollarini olgan vaqtida uning noqonuniy harakatlariga chek qo‘yilgan.

Hozirda Namangan shahar hokimi deputatlik daxlsizlik huquqidan mahrum qilinib, Davlat xavfsizlik xizmatining Namangan viloyati boshqarmasi Tergov bo‘limi tomonidan unga va devonxona mudiriga nisbatan Jinoyat kodeksining 210-moddasi (Pora olish) 3-qismi “a” bandi bilan, MCHJ rahbariga nisbatan esa Jinoyat Kodeksining 168-moddasi (Firibgarlik) 4-qismi “a” bandi va 28,211-moddasi (Pora berish) 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Bildirilishicha, shahar hokimiga nisbatan “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Tergov doirasida hokimning boshqa noqonuniy harakatlariga nisbatan ham huquqiy baho beriladi.

Ma’lumot uchun, Anvar Otaxo‘jayev 2023 yilning 18 dekabridan buyon Namangan shahri hokimi lavozimini egallab kelayotgan edi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumani hokimi pora bilan qo‘lga tushgan edi. U umumiy o‘rta ta’lim maktabi binosini barpo etish uchun ajratilgan 1,7 gektar yer maydonida 8 ta ko‘p qavatli uylar qurilishiga ruxsat olib berish evaziga 30 ming AQSH dollari talab qilgan.


Maqola muallifi

Teglar

pora Namangan hokim Anvar Otaxo'jaev

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing