DXX hokimni 60 ming dollar bilan ushladi

Tahlil

Prezident Shavkat Mirziyoyev joriy yilning 30 iyun kuni yoshlar bilan uchrashuvda viloyat, tuman hokimlari har bir bolaga o‘z farzandidek qarab, sog‘ligi, o‘qishi, yurish-turishi, qiziqish va orzulari, muammolaridan doim xabardor bo‘lishi zarurligini ta’kidlagandi. Negaki hokimlar boshqaruv masalasi o‘ziga ishonib topshirilgan hududda nafaqat yoshlarning, balki o‘sha yerda yashovchi barcha aholining, fuqarolarning huquq va manfaatlari uchun xizmat qiladigan ijro hokimiyatining vakillari ekani hammaga ma’lum. Ammo ayrim tuman rahbarlari: “Bugun hokimlarga berilayotgan ishonch o‘zini qanchalik oqlayapti?”, degan savolni o‘rtaga tashlashga majbur qilmoqda. O‘tgan yili ”zamhokim”larning pora bilan qo‘lga olinishi ancha avj olgandi. QALAMPIR.UZ tomonidan tayyorlangan videomaterialning izohlar bo‘limida kuzatuvchilar tomonidan hokimlarni ham tekshirish kerakligi, chunki bunday ishlarning boshida hokimlar ham turishi aytilgandi. Hokimlar “zam”larining pul bilan ushlanishi  odatiy holdek bo‘lib qolgandi. 2025 yilda esa bunday qing‘ir ishlarda hokimlar “jonbozlik ko‘rsatmoqda”. Bu galgi videoimizda ana shular haqida to‘xtalamiz.

Davlat xavfsizlik xizmati joriy yilning iyul oyi boshida Jizzaxda Sharof Rashidov tumanining sobiq hokimi Mahmud Xolbo‘tayevni qo‘lga olgandi. Gap shundaki, tuman hokimligining qurilish, kommunikatsiyalar, kommunal xo‘jalik, ekologiya va ko‘kalamzorlashtirish masalalari bo‘yicha bo‘limi bosh mutaxassisi qurilish sohasida faoliyat yurituvchi MCHJ rahbarining ishonchiga kirib, unga tuman hokimining tegishli qarori bilan “Tokchilik” MFY hududida umumiy o‘rta ta’lim maktabi binosini barpo etish uchun ajratilgan 1,7 gektar yer maydonida 8 ta ko‘p qavatli uy qurilishiga ruxsat olib berishi evaziga 30 ming dollar talab qilgan. Joriy yilning 5 iyul kuni bosh mutaxassis so‘ralgan pul mablag‘idan 10 ming dollarini olib, tuman hokimi Xolbo‘tayevga beradi. 8 iyul kuni esa tadbirkordan qolgan 20 ming dollarni ham oladi va unga ko‘p qavatli uy qurish uchun hokim tomonidan ruxsat berilgan hujjatlarni taqdim etadi.

So‘ngra bosh mutaxassis hokimiyat binosi oldida Xolbo‘tayev bilan uchrashib, 10 ming dollarni unga bergan vaqtida ushlanadi. 8 iyul kuni qo‘lga olingan hokim Xolbo‘tayev deputatlik daxlsizligi huquqidan mahrum qilinib, unga nisbatan Jinoyat kodeksining 210-moddasi (pora olish) bilan, bosh mutaxassisga esa Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Ammo qiziq ssenariy shundan keyin boshlandi. Xolbo‘tayev hibsda bo‘lishiga qaramasdan hokim nomidan qarorlar chiqarilgani aniqlandi. E-qaror platformasiga shunday qarorlardan 5 tasi joylashtirilgan.

Jumladan, xalq deputatlari tuman kengashining 2025 yil 8 iyuldagi qarori bilan tuman Obodonlashtirish boshqarmasiga 9 may – Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan o‘tkaziladigan bayram tadbirini yuqori saviyada tashkil etish maqsadida tuman markaziy ko‘chasini tartibga keltirish va bayroqlar sotib olishga 42 million so‘m, tumandagi ko‘p qavatli uy-joylarning ta’mirtalab holatga kelib qolgan tom qismini ta’mirlash uchun shifer sotib olishga 70 million so‘m ajratish belgilangan. O‘sha kungi yana bir qaror bilan esa tuman hokimligi moddiy-texnik bazasini mustahkamlash maqsadida devonxona mollarini xarid qilish jarayonida vujudga kelgan qarzdorliklarni qoplash, org-texnika vositalarini ta’mirlash hamda xo‘jalik mollari xarid qilishga 150 million so‘m ajratilgan.

Shuningdek, 9 iyuldagi qarorlar bilan tumanda tashkil qilingan oila va xotin-qizlar bo‘limlari moddiy texnik bazasini mustahkamlash maqsadida 100 million so‘m, Toqchiliq mahallasi Otchopar massivida sun’iy qoplamali mini futbol maydonini qurish uchun 200 million so‘m va Qulpisar mahallasidagi Madaniyat bo‘limiga qarashli binoni joriy ta’mirlash uchun 400 million so‘m, tuman hokimligi moddiy texnik bazasini mustahkamlash maqsadida devonxona mollarini xarid qilish jarayonida vujudga kelgan qarzdorliklarni qoplash, ofis texnika vositalarini ta’mirlash hamda xo‘jalik mollari xarid qilishga 255 million so‘m ajratish belgilangan.

Bunday holatlar nafaqat tuman rahbariyatini, balki xalq deputatlari tuman kengashining ishini tekshirish lozimligi masalasini o‘rtaga ko‘ndalang tashladi.

Holat yuzasidan viloyat prokuraturasi rasmiy munosabat bildirib, Sharof Rashidov tumani prokuraturasi tergovga qadar tekshiruv harakatlarini olib borayotganini ma’lum qildi. To‘plangan hujjatlar bo‘yicha qonuniy qaror qabul qilinishi viloyat prokuraturasi tomonidan nazoratga olingan.

O‘zbekistonliklar hali bir tuman hokimi va o‘sha tumanda bo‘lgan mutasaddilarning kirdikorlari bilan bog‘liq jarayonni to‘liq hazm qilib ulgurmasdan, yana bir hokim trendga chiqdi. Namangan shahri hokimi Anvar Otaxo‘jayev 60 ming dollar pora olayotganda ushlandi.

Anvar Otaxo‘jayev va poyabzal ishlab chiqaruvchi MCHJ rahbari o‘zaro til biriktirib, qurilish sohasida tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanmoqchi bo‘lgan fuqarodan shahar hududidagi 35 sotix yer maydonida joylashgan, ma’nan eskirgan turarjoy binolari o‘rniga ko‘p qavatli uy barpo etish huquqini olib berish va moliyalashtirish evaziga 60 ming dollar talab qilgan.

DXX tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda dastlab MCHJ rahbari ushbu so‘ralgan pul mablag‘ini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan. Shundan so‘ng, tezkor tadbir davom ettirilib, shahar hokimi o‘zining yana bir ishonchli odami bo‘lgan – hokimlikning devonxona mudiri orqali MCHJ rahbaridan 60 ming AQSH dollarini olgan vaqtida uning noqonuniy harakatlariga chek qo‘yilgan.

Hozirda Namangan shahar hokimi deputatlik daxlsizlik huquqidan mahrum qilinib, Davlat xavfsizlik xizmatining Namangan viloyati boshqarmasi Tergov bo‘limi tomonidan unga va devonxona mudiriga nisbatan Jinoyat kodeksining 210-moddasi (pora olish) 3-qismi “a” bandi bilan, MCHJ rahbariga nisbatan esa Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) 4-qismi “a” bandi va 28, 211-moddasi (pora berish) 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Bildirilishicha, shahar hokimi Otaxo‘jayevga nisbatan “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llangan. Tergov doirasida hokimning boshqa noqonuniy harakatlariga nisbatan ham huquqiy baho berilishi aytilgan.

Anvar Otaxo‘jayev ushbu lavozimda 2023 yilning 18 dekabridan buyon faoliyat yuritib kelayotgan edi.

Hokim bo‘lmasa ham qolib ketmasin, deb qo‘shib qo‘ya qoldik. Negaki navbatdagi “qahramon” ham tuman mutasaddilaridan.

Toshkent viloyati Zangiota tumani qishloq xo‘jaligi bo‘limi bosh mutaxassisi ham 20 ming dollar pora bilan ushlandi. U mahalliy fuqaroga tegishli uyning yonida joylashgan va davlat zaxirasida bo‘lgan 8 sotix yer maydonini tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishi uchun tuman hokimligi tomonidan tuziladigan ishchi guruh orqali uning nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 40 ming dollar talab qilgan.

Mutaxassis ushbu pul mablag‘idan 20 ming dollarni olgan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmati va Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti tomonidan ushlangan.

Hozirda unga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) 4-qismi “a” bandi va 28, 211-moddasi (pora berish) 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llangan. Tergov harakatlari olib borilmoqda.

Bu oxirgi oylarda kuzatilganlari edi. Umid qilamizki, hokimlar halol ishlaydi va davlat, aholi tomonidan berilayotgan ishonchni suiiste’mol qilmaydi. Yangi tayinlanayotgan hokimlar esa bundan tegishli saboq oladi.


Maqola muallifi

Teglar

firibgarlik Mahmud Xolbo'taev Namangan shahri pora berish Sharof Rashidov tumani pora olish Anvar Otaxo'jaev E-qaror

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing