Namanganda o‘qituvchilarni o‘t-o‘lan yulishga majburlagan direktor jarimaga tortildi
3-sahifa
−
09 avgust
4144Avvalroq Namangan viloyati Pop tumani 43-maktab direktori maktabda ta’til bo‘lishiga qaramay, pedagoglarni ta’lim maskaniga chaqirib, soat 16:00 gacha o‘zlariga tegishli bo‘lmagan vazifalarni bajarishga, ya’ni maktab hududidagi o‘t-o‘lan, beda va ajriqlarni yulishga majbur qilgani haqida xabar berilgandi.
Ushbu direktor jarimaga tortildi. Bu haqda viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi xabar berdi.
Direktorga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 51- moddasi (Mehnatga ma’muriy tarzda majburlash) 1-qismiga asosan bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravari miqdorida jarima jazosi qo‘llangan.
Ma’lumot uchun, pedagog xodimlarning xizmat vazifalarini bajarishiga to‘sqinlik qilganlik uchun javobgarlikni kuchaytirishni ko‘zda tutuvchi qonunga ko‘ra, ️huquqbuzarlik ta’lim tashkilotining pedagog xodimiga nisbatan sodir etilgan bo‘lsa, bazaviy hisoblash miqdorining 100 baravaridan 150 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 14 avgustdagi tegishli qaroriga muvofiq, xalq ta’limi xodimlarini xizmat majburiyati bilan bog‘liq bo‘lmagan ishlarga jalb etish, majburiy mehnatga, shu jumladan tuman va shahar hududlarini obodonlashtirish hamda ko‘kalamzorlashtirish ishlari, mavsumiy qishloq xo‘jaligi ishlari, shuningdek, boshqa turdagi ishlarga jalb qilish taqiqlangan.
Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasida majburiy mehnatga barham berishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingan.
LiveBarchasi