Migratsiya agentligining 2 mansabdori qo‘lga olindi

3-sahifa

image

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligining Namangan viloyati filiali bosh mutaxassisi pora bilan ushlandi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, ushbu mansabdor xizmat mavqeidan foydalangan holda, aldov yo‘li bilan bir guruh fuqarolarning ishonchiga kirib, ularni Janubiy Koreyaga ishga yuborish evaziga 41 ming dollar olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.

Tergovga qadar tekshiruv davomida u mazkur noqonuniy faoliyatni Migratsiya agentligi markaziy apparatining bosh mutaxassisi bilan birgalikda amalga oshirishi aniqlanib, tezkor tadbir davom ettirilgan va agentlikning ushbu mas’ul xodimi ham yuqoridagi pul mablag‘idan 15 ming dollarini olgan vaqtida jinoyat ustida qo‘lga olindi.

Shuningdek, ular 2024 yilda 80 dan ortiq fuqaroni Koreyaga yuborish uchun 700 ming dollardan ortiq pulni olib, hozirga qadar ularni sarson qilib yurgani ma’lum bo‘ldi.

Holat yuzasidan mazkur shaxslarga nisbatan DXX Tergov boshqarmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28,211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, mazkur jinoiy guruhning qolgan a’zolarini aniqlash va ularni tergovga jalb qilish bo‘yicha zarur chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Bildirilishicha, fuqarolar xorijga ishga yuborish bilan bog‘liq har qanday shubhali takliflar yuzasidan DXX Call-markazining 1520 qisqa telefon raqami orqali murojaat qilishi mumkin.

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligi ham holat bo‘yicha munosabat bildirib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 17 oktyabrdagi PF-162-sonli “Migratsiya jarayonlarini boshqarish tizimini isloh qilish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni bilan Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligi qayta tashkil etilgandan so‘ng, bugungi kungacha Koreyaga E–9 vizasi uchun hech qanday tanlovlar o‘tkazilmaganini ma’lum qildi.

“Ayrim xodimlar tomonidan yo‘l qo‘yilgan qoidabuzarliklardan keyin, Migratsiya agentligi faoliyatida Janubiy Koreyaga yuborish bilan bog‘liq kadrlar, shu jumladan, Seul shahridagi vakolatxonasida faoliyat yuritgan barcha xodimlar to‘liq o‘zgartirildi.

Agentlik xodimlari orasida o‘z kasbiga xiyonat qilgan, fuqarolarning ishonchi va haq-huquqlarini suiiste’mol qilgan shaxslarning harakatlari keskin qoralanadi”, deyiladi agentlik xabarida.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Farg‘ona viloyatida Xalq qabulxonasining mas’ul xodimi 5 million so‘m pora olgan vaqtida qo‘lga tushgandi.


Maqola muallifi

Teglar

pora Janubiy Koreya Namangan viloyati Migratsiya agentligi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing