Namanganda tuproq bosib qolgan ikki ishchi halok bo‘ldi

3-sahifa

image

Kecha, 24 aprel kuni Namangan shahrida ko‘p qavatli uyga kanalizatsiya tarmog‘ini o‘tkazish uchun transheya qaziyotgan ikki ishchi tuproq bosib qolishi natijasida halok bo‘ldi. Bu haqda Namangan viloyati prokuraturasi ma’lum qildi.

Hodisa soat 14:10 larda “Azizbek Avtogaz Servis” MCHJga tegishli bo‘lgan “Shodlik” MFY, Alisher Navoiy ko‘chasida yuz bergan. Shu yerda joylashgan qurilishi tugallanmagan ko‘p qavatli uylarga kanalizatsiya tarmog‘ini tortib o‘tish uchun transheya kovlash ishlari olib borilayotgan vaqtda, tuproq qatlami o‘pirilib ketgan.

Natijada yer sathidan 4,5 metr pastlikdagi transheya ichida ishlayotgan yollanma ishchilar Chortoq tumani, “Chortoq” MFYda yashagan K.Yo. va Namangan tumani, “Navbahor” MFYda yashagan A.Sh. tuproq ostida qolib, hodisa joyida vafot etishgan.

Olib borilgan tergovga qadar tekshiruv natijasida qurilishi tugallanmagan ko‘p qavatli turar joy ob’ektlari qurilishi va kanalizatsiya tarmog‘i tortish ishlari “Azizbek Avtogaz Servis” MCHJ tomonidan amalga oshirilayotgani, jamiyatga turar joy ob’ektlarini qurish uchun Namangan shahar hokimining 20.06.2018 yildagi 913-sonli qaroriga asosan ruxsat berilgani, biroq kanalizatsiya tarmog‘i tortish uchun yer uchastkasida qazish ishlarini amalga oshirishga shahar hokimining tegishli ruxsatnomasi olinmagani aniqlangan.

Hozirda vafot etgan shaxslarning o‘limi sabablarini aniqlash yuzasidan sud-tibbiy ekspertizasi tayinlandi.

Namangan shahar IIO FMB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan mazkur holat yuzasidan 24.04.2021 yilda O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 257-moddasi 2-qismi “b” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Namangan prokuratura kanalizatsiya

Baholaganlar

232

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing