Endi kattakonlar jazodan qutulolmaydi!

Tahlil

Namanganda ayol jazmani bilan yollanma qotil orqali erini o‘ldirmoqchi bo‘ldi. Toshkent viloyatida daydi it yosh bolani tishlab o‘ldirdi. O‘zbekistonlik maktab o‘quvchisi AQSHda jinsiy zo‘ravonlikka uchradi. Buxoroda 17 yoshli qiz o‘zini 8-qavatdan tashlamoqchi bo‘ldi. Turkiyada yana bir o‘zbekistonlik ayolning jasadi topildi. Mana shunday og‘ir mavzular va boshqa jarayonlar tafsiloti bilan QALAMPIR.UZ studiyasida hafta tahlili.

Jamiyatimiz ayolni ikki qutb orasida ko‘radi. Kimdir uchun u faqat uy xizmatkori, "ro‘zg‘or g‘ildiragi", yana kimdir uchun esa u — mo‘’jiza, jamiyatni harakatga keltiruvchi, haqiqiy erkaklarni tarbiyalab yetishtiruvchi ulkan kuch. Aslida esa, ayol — bu ziddiyatlarni bir nuqtada birlashtira olgan yagona xilqatdir. U qo‘lidagi supurgini ham, davlat ahamiyatiga molik hujjatlarni ham birdek qat’iyat bilan tuta olyapti bugun. Bu hafta e’tiborga tushgan vaziyatlar ham bu gapimizga isbot bo‘ladi. 

Buxoroda 17 yoshli qiz o‘zini 8-qavatdan tashlashga uringan bo‘lsa, Toshkentda uning tengdoshlaridan ayrimlari erishgan yutuqlari sabab prezidentdan “Zulfiya” nomidagi mukofotlarini qabul qilib oldi. Namanganda ayol jazmani bilan yollanma qotil orqali erini o‘ldirmoqchi bo‘lgani fosh bo‘lgan haftada, yoshi u tengi bo‘lgan ayolga ijodkorligi uchun 2 xonali uy sovg‘a qilindi. Xullas taqdir taqozosi bilan bu haftada eng ko‘p muhokama ayollar va xotin-qizlar atrofida sodir bo‘ldi. 

Ayollarni faqat bir kun, qaysidir belgilangan sanada emas bir umr e’zozlash pozitsiyasida ekanligimizni ta’kidlagan holda, birinchi vaziyatga to‘xtalamiz.

Namangan viloyatining Davlatobod tumanida erini o‘ldirish uchun killer yollagan ayol ushlandi. U bu ish uchun jazmani bilan birgalikda reja tuzgan. Ayol o‘ldirilishi kerak bo‘lgan erkak bilan shar’iy nikoh asosida birga yashab kelgan. Uni yo‘q qilish uchun 6000 AQSH dollari berishga tayyorligi haqida tezkor ma’lumot olingan. 

Ushbu jinoyat Namangan viloyati Ichki ishlar boshqarmasi tezkor xodimlari tomonidan olib borilgan profilaktik tadbirlar davomida joriy yilning 4 mart kuni aniqlangan.
Namangan viloyati Ichki ishlar boshqarmasi, Davlat xavfsizlik xizmati va viloyat prokuraturasi xodimlari tezkor tadbir tashkil etib, shartli yollanma qotil orqali buyurtmachilar bilan suhbatlashilgan. 

Telegram messenjeri orqali bo‘lgan muloqotda ayol turmush o‘rtog‘ini Cobalt avtomashinasida yolg‘iz yurishini va bundan foydalanish mumkinligini killerga uqtirgan. Qo‘yilgan shart esa yanada vahshiyona. Yollanma qotilga “o‘ljasini” Andijon-Namangan yo‘lidagi ovloq joyda o‘ldirib, avtomashinasini yoqib yuborish majburiyati qo‘yilgan. Tadbir ishtirokchilari tomonidan jabrlanuvchi o‘ldirilgani aks etgan qotillik jinoyati sahnalashtirilgan va shartli qotil ushbu holatni videotasvirga olib, ayol va uning jazmaniga videoni ko‘rsatgan. 

Buyurtmachilar kelishilgan pul mablag‘idan 5500 AQSH dollarini shartli qotilga berayotgan vaqtda tezkor xodimlar tomonidan ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.

Hozirda mazkur holat yuzasidan Qasddan odam o‘ldirish 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumonlanuvchilar ushlangan. Odatda bunday turdagi jinoyatlar uchun 15 yildan 25 yilgacha yoki umrbod qamoq jazosi tayinlanadi.

Turkiyada esa yana bir o‘zbekistonlik ayolning jasadi topildi. Istanbuldagi chamadon fojeasini unutishga ulgurmasimizdan yana bir dahshatning daragi chiqdi. Ikki farzandning onasi, 46 yoshli Dilafruz Cho‘liyeva ishlash uchun Turkiyaga borib, Balikesirning Burhoniya tumanida yashagan. U yerda keksa va bemor kishiga qaragan. 

Ayol joriy yilning 21 yanvar kuni bozorga chiqish uchun ruxsat olgan va to‘satdan g‘oyib bo‘lgan. Uni topolmagan o‘g‘li qidiruvga bergan. 2 mart kuni esa Turkiyadagi o‘rmonlarning biridan tanib bo‘lmas darajadagi ayol jasadi topilgan. Ehtimollarga tayanib xodimlar Dilafruz Cho‘liyevaning yaqinlarini chaqirtirishgan. Ular murdani ko‘rgach kiyimlar va ba’zi belgilarga tayanib, jasad unga tegishli ekanini tasdiqlashgan. Ayolning qotilligida gumonlanib u bilan yaqin tanish ekanligi aytilgan O‘zbekiston fuqarosi qo‘lga olingan. Ha, yana O‘zbekiston fuqarosi.

Turkiyada sodir bo‘layotgan jinoyatlar bir muhim masalani o‘rtaga tashladi.

Ko‘p holatlarda migrantlar maqomida bo‘lgan o‘zbeklar o‘zaro tanishib, O‘zbekistondagi yaqinlari yoki oila a’zolarini ogohlantirmasdan o‘sha yerda nikohdan o‘tib, oila qurish holatlari so‘nggi yillarda keskin ko‘paygan. Ha, baxtli bo‘lishga hammani haqi bor. Begona yurtda hamma suyanchiq bo‘la oladigan jufti bilan yashashni xohlaydi. Biologik jihatdan ham hammaning o‘z qarashi va haqiqatlari bor. Biroq duch kelgani bilan oila qurib ketaverish yo uchrashib yurish to‘g‘ri emasligi isbot talab qilmaydigan haqiqatga allaqachon aylanib bo‘ldi.

Xorijdan yana bir noxush xabar ham shu 7 kunlikda e’lon qilindi. O‘zbekistonlik maktab o‘quvchisi AQSHda jinsiy zo‘ravonlikka uchraganini nazarda tutyapmiz. U o‘quv dasturi orqali “orzular mamlakati”ga borish imkoniyatini qo‘lga kiritgan.

O‘zbekistonlik Mehribon ismli qiz 2025 yilda FLEX dasturi bo‘yicha O‘zbekistondan tanlangan 60 nafar finalchidan biri bo‘lgan. Bu – AQSH hukumati tomonidan to‘liq moliyalashtiriladigan madaniy almashinuv dasturi bo‘lib, u yuqori sinf o‘quvchilariga bir o‘quv yili davomida Amerika maktabida bepul o‘qish va qabul qiluvchi oilada yashash imkonini beradi.

Qizni Indiana shtatidagi kichik shaharchada yashovchi, farzandsiz musiqa o‘qituvchilari oilasi qabul qilgan. Mehribonning ota-onasi ushbu oila bilan videomuloqot orqali tanishgan, er-xotin ilgari ham xorijlik bolalarni qabul qilganini aytib, ota-onada ishonch uyg‘otgan.
Ammo afsuski, oradan bir oy o‘tib, qabul qiluvchi oiladagi erkak qizga jinsiy tegajog‘lik qila boshlagan va unga “tajriba orttirishni” taklif qilgan. Bu haqda qizning otasi – Azizbek Boltayev o‘zining Facebook sahifasida ma’lum qildi.

“Qizim bo‘lgan voqeani FLEX dasturi koordinatoriga aytdi. Ammo dastur qizimni himoya qilish o‘rniga uni butunlay izolyatsiya qildi. Qizimni darhol boshqa oilaga ko‘chirib yuborishdi va bu biz bilan kelishilmadi. Bu xabarni menga keyingi kuni (9 soatlik vaqt farqini hisobga olgan holda) Toshkentdagi FLEX ofisi ma’lum qildi. Lekin qizim aynan qayerda va kim bilan ekanini aytishmadi”, deydi u.

Qizning otasi FLEX dasturi rahbariyatiga – Vashingtonga maktub yo‘llab, qizini bunday oilaga joylashtirganlik uchun kim javob berishini, qanday choralar ko‘rilishini va bunday holatlar takrorlanmasligi uchun nima qilinishini so‘ragan. Unga: “Afsusdamiz, biz vakolatlarimiz doirasida harakat qildik, dastur odatdagidek davom etadi”, degan javob berilgan.

“Bunday befarqlikdan so‘ng men qizimning zudlik bilan O‘zbekistonga qaytirilishini talab qildim. Mehribon uyga qaytgach, AQSH Davlat departamenti unga 10 oylik dasturni atigi 1,5 oyda tugatgan bo‘lsa-da, “Alumni” (bitiruvchi) maqomini berishdi. Lekin bu og‘zimizni yopish uchun berilgan arzon tasalli edi, xolos”, deydi Azizbek Boltayev.

Azizbek Boltayevning aytishicha, unga kelgan xabarlarga ko‘ra, Mehribon bilan bog‘liq voqea yagona holat emas. U shunday vaziyatga duch kelganlar bo‘lsa, o‘zi bilan bog‘lanishni so‘ramoqda.

Vaziyatni tasavvur qildingiz-a? O‘smir qiz, oilasidan ancha uzoqda, katta maqsadlar bilan o‘qish uchun bir davlatga kelgan. Bunaqangi xunuk ishlar bu yoshdagi qizga juda katta va og‘ir ruhiy zarba bo‘lishi aniq. 

O‘zbekiston tomonidagi mas’ullar avvalo bu kabi holatlarni oldini olish, yana takrorlanmasligini ta’minlash va aybdorlarga chora ko‘rish masalasida ikkinchi tomon rasmiylari bilan albatta jiddiy gaplashib olishlari kerak!

Yuqorida o‘smirlarning ruhiy holati bilan bog‘liq mavzuga qisman to‘xtalgan bo‘ldik. Aynan shu psixologik jarayon sabab yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan falokatlarga aniq misol Buxoroda kuzatildi. Buxoro shahrida 8-qavatdan o‘zini tashlamoqchi bo‘lgan qizning videolari paydo bo‘ldi.

Sakrashga va o‘z joniga qasd qilishga urinayotgan, ikkilanish girdobida qolib qichqirgan qiz 2009 yilda tug‘ilgan. Uning tahlikali holatini ko‘rgan FVB xodimi zudlik bilan uni qutqarishga kirishgan. U qiz turgan ko‘p qavatli uyning tomiga chiqqan va u bilan suhbatlashib ortga qaytargan. E’tiborli tomoni, 17 yoshli qizning hayotini saqlab qolgan xodim harbiy psixolog mutaxassisligiga ega bo‘lgan. O‘smir qiz o‘sha paytda judayam tushkun holatda bo‘lganini ma’lum qilgan. Hozirda holat yuzasidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Ayollarga va bolalarga nisbatan zo‘ravonlik holatlari bugunning, bizning, “bolajon” ekani doimiy e’tirofga aylangan, ayollarga “muqaddas” deb ta’rif berilishi odatiy bo‘lib qolgan jamiyatimizning eng og‘riqli nuqtalaridan. Ammo endi bu kabi salbiy holatlarni oldini olishga jiddiy kirishildi. Pedifiliya uchun umrbod qamoq jazosi berilishi bu yo‘lda tashlangan eng katta qadam bo‘ldi. Yana bir muhim deb aytish mumkin bo‘lgan farmon ham prezident tomonidan imzolandi. 

Davlat rahbari ushbu farmonni “ongni o‘zgartiradigan, adolatni o‘rnatadigan hujjat” deb atadi. Unga ko‘ra endi ayollar va bolalarga qo‘l ko‘taradigan odam yo O‘zbekistondan ko‘chib ketadi, yo qonun asosida yashashga majbur bo‘ladi. Bu haqda 6 mart kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan bo‘lib o‘tgan bayram tadbirida so‘z ochdi.

10 mart – Xalqaro ayol sudyalar kuniga bag‘ishlangan tantanali uchrashuv chog‘ida prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva ham ayollar va bolalarga nisbatan zo‘ravonlikka murosasiz kurash boshlanganini yana bir bor ta’kidladi.

Bolalarni vahshiy pedofillardan, ichib kelib uradigan otalardan, yoki eriga jahl qilib kaltaklaydigan onalardan himoya qilish qonun bilan mustahkamlanishi albatta yaxshi. Ammo Toshkent viloyatida hech kim himoya qilib qololmagan maktab o‘quvchisining o‘limi bilan bog‘liq xabar dilni siyoh qiladi. Angren shahrida maktab o‘quvchisini daydi it talagani, tishlagani va oqibatda bolakay og‘ir jarohatlar sabab vafot etgani haqida xabarlar tarqaldi.

Ammo dastlab ushbu xabar rasmiy tasdiqlanmagan. Biroq hodisa yuzasidan tegishli tashkilotlar tomonidan tezkor chora-tadbirlar va o‘rganish ishlari boshlangani, shahar va viloyat hududida daydi hayvonlarni nazorat qilish, ularni tutish hamda belgilangan maxsus joylarda saqlash ishlari kuchaytirilgani haqida viloyat hokimligi rasman ma’lum qilgach, “shamol bo‘lmasa daraxtning uchi qimirlamaydi” deb xulosa chiqarganlar ko‘p. 

Hafta tahlilini tayyorlashda mavzu mohiyati, sodir bo‘lgan voqea-hodisaning jamiyatga aloqadorlik va muhimlilik darajasini inobatga olamiz. Shunchaki xabar sifatida e’lon qilish yetarli bo‘lmagan vaziyatlarga to‘xtalamiz. Shunchaki maktabdan qaytayotgan bola daydi itga talanishi, unday itlarning soni ko‘p bo‘lishi bu oddiy falokat emas. U takror sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan hodisadir. Shu nuqtai nazardan Toshkent viloyat va Angren shahar hokimligi hamda boshqa mas’ullar yana kimdirni itlar g‘ajib tashlamasidan oldin chora ko‘rishlari shart. Yana mahalliy aholi ham itlarga ozuqa berishda ehtiyotkor bo‘lishi, hayvonlar to‘dalashib kelishiga sababchi bo‘lib qolmasliklari lozim.

O‘tgan hafta keng muhokama qilingan YPX xodimining vafotiga bu gal ham yana bir bor to‘xtalishga majburmiz. 16 yoshli, pravasiz o‘smir urib ketishi oqibatida halok bo‘lgan kichik serjant Hosilbek Eshnazarov xotirasiga bag‘ishlab yodgorlik majmuasi ochildi va uning oilasiga uy sovg‘a qilindi. Marosimda Ichki ishlar vazirligi rahbariyati, poytaxt jamoatchiligi, Hosilbekning safdoshlari va oila a’zolari ishtirok etdi.

“Ichki ishlar bosh boshqarmasida xizmat vaqtida halok bo‘lgan xodimlar lavhi yana bittaga ko‘paydi. Jasoratli o‘g‘lonlarning pok xotirasi yod etilib, ularning poyiga gulchambarlar qo‘yildi. Hosilbek Eshnazarovning porloq xotirasiga ehtirom ko‘rsatish tadbiri davomida Ichki ishlar vaziri tomonidan uning mashaqqatli xizmat faoliyati, Prezident tomonidan e’tirof etilgani va har bir xodimga o‘rnak bo‘lishi ta’kidlandi”, deyiladi xabarda.

Endi marhum Hosilbekning oilasi, farzandlari va ota-onasi hamisha davlat e’tiborida bo‘lib, ijtimoiy muhofazasi ta’minlab boriladi. Qashqadaryo viloyatining G‘uzor tumanidagi 62-maktabda esa Hosilbek uchun yodgorlik barpo etilishi ma’lum qilindi.

Avvalroq, davlat rahbarining tashabbusi bilan Hosilbek Eshnazarov yuksak unvon “Jasorat” medali bilan mukofotlangandi.
Tadbirda Ichki ishlar vaziri tomonidan ushbu medal Hosilbekning otasiga topshirildi. Shu bilan birga Prezident sovg‘asi sifatida Eshnazarovlar oilasiga uch xonali uy taqdim etilgan.

Hozirda YPX xodimining vafoti yuzasidan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi bo‘yicha tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Jinoyat ishi doirasida o‘smir yigit Jinoyat kodeksining 267-moddasi Transport vositasini olib qochish 1-qismi va 104-moddasi 3-qismi “d” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda gumon qilinuvchi tariqasida jalb etilgan.

Sudning 28 fevral kungi ajrimi bilan gumonlanuvchi Turg‘unovga nisbatan “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llandi. Tergov ustidan nazorat shaxsan Bosh prokuror tomonidan o‘rnatilgan.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh YPX Namangan Turkiya Buxoro jinsiy zo'ravonlik qotil hafta tahlili kattakonlar daydi it

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing