Senat qarori bilan Namangan va Xonobod shaharlari hududi kengaytirildi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati yigirma uchinchi yalpi majlisida Namangan viloyatining Namangan shahri, To‘raqo‘rg‘on, Kosonsoy, Namangan va Yangiqo‘rg‘on tumanlari, shuningdek, Andijon viloyatining Xonobod shahri va Qo‘rg‘ontepa tumani chegaralarini o‘zgartirish to‘g‘risidagi masalalar ko‘rib chiqildi. 

Bunga ko‘ra, Namangan shahrining markaziy qismi va asosiy ko‘chalari shaharning Bosh rejasiga asosan qayta qurilishi natijasida keyingi yillarda shaharga tutash bo‘lgan qo‘shni Kosonsoy, Namangan va Yangiqo‘rg‘on tumanlari hududlaridan jami 1 ming 39 gektar yer maydonlariga shahar markazida uy-joylari buzilishga tushgan aholi uchun yangi turar joy mavzelarini barpo etish uchun ajratib berildi. Mazkur hududlardagi aholi va o‘zini-o‘zi boshqarish organlari ma’muriy boshqaruv tizimi bo‘yicha Namangan shahriga bo‘ysinuvchi bo‘lgani holda, yer maydonlari hozirga qadar tumanlar hududiga tegishlidir. Bu esa o‘z navbatida kommunal xizmatlar ko‘rsatish, hududlarni kompleks rivojlantirish, yo‘llar va kommunikatsiyalarni qurilishida bir qator muammolarni keltirib chiqarmoqda.

Shuningdek, taklif etilayotgan o‘zgarish natijasida Namangan shahrining ijtimoiy-iqtisodiy salohiyatini oshirish va aholiga qulay sharoit yaratish, jumladan, shahar hududiga o‘tkazilayotgan yer maydonlarida yangi turar joy komplekslari, ijtimoiy va madaniy-maishiy ob’ektlar, sanoat va ishlab chiqarish korxonalari qurilishi hamda muhandislik kommunikatsiyalarini yanada rivojlantirish rejalashtirilgan.
Shu sababli, Namangan shahri tarkibiga To‘raqo‘rg‘on, Kosonsoy, Namangan va Yangiqo‘rg‘on tumanlarining jami 3 ming 665 gektar yer maydonini Namangan shahri tarkibiga o‘tkazish nazarda tutilmoqda.

Andijon viloyatining Xonobod shahriga 1972 yilda asos solingan bo‘lib, aholisi 41 ming kishini, umumiy yer maydoni 23 kvadrat kilometrni tashkil etadi. Bugungi kunda Xonobod shahri hududi kichikligi sabab ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish ob’ektlarini barpo etishga yetarlicha imkon berilmayapti.

Shu bois, Qo‘rg‘ontepa tumanidagi to‘rtta – "Sultonobod", "Xonobod", "Sh.Rashidov" va "Avazmatov" mavzelarida joylashgan jami 1 ming 284 gektar yer maydonini Xonobod shahri tarkibiga o‘tkazilishi shahar aholisiga qulay sharoit yaratadi. Bu esa shaharning ijtimoiy-iqtisodiy salohiyatini oshishiga xizmat qiladi.

Ta’kidlanganidek, mazkur chegaralarini o‘zgartirish hududlarning yanada taraqqiy etishiga xizmat qiladi.

Masala senatorlar tomonidan ma’qullandi.


Maqola muallifi

Teglar

Oliy Majlis Senati Namangan Xonobod

Baholaganlar

26

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing