Namangan shahri tarkibida yana bir tuman tashkil etiladi

Jamiyat

image
Yangihayot va Davlatobod tumanlari tashkil etildi north_east

Yangihayot va Davlatobod tumanlari tashkil etildi

Namangan shahri tarkibida yana bir tuman — Yangi Namangan tumani tashkil etiladi. Bu haqda xalq deputatlari viloyat kengashining bugun, 5 mart kuni bo‘lib o‘tgan yigirma birinchi sessiyasida so‘z bordi. 

Sessiya kun tartibiga xalq deputatlari Namangan shahar kengashining joriy yil 4 martdagi viloyat markazidagi ayrim fuqarolar yig‘inlari hududlarini yangi tashkil etilayotgan Yangi Namangan tumaniga o‘tkazish haqida qarorini tasdiqlash masalasi kiritildi. 

Sessiyada ma’ruza qilgan viloyat hokimining o‘rinbosari Saidahmad Sultonovning bildirishicha, viloyat hududida boshqaruvni tizimli yo‘lga qo‘yish, aholi uchun ijtimoiy va maishiy qulayliklar yaratish hamda Namangan shahrini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish uchun shunday taklif kiritilmoqda. 

Yangi tashkil etilayotgan tumanning umumiy yer maydoni 8223 gektarni tashkil etadi. Tarkibiga shahardagi 24 ta — “Mingterak”, “Bunyodkor”, “Mustaqillikning 5 yilligi”, “Axsikent”, “Mashrab”, “Ma’naviyat”, “Furqat”, “Guliston”, “Beruniy”, “Mingchinor”, “Tinchlik”, “Yoshlik”, “Oromgoh”, “Atangan guzar”, “Yangi zamin”, “Mehnatobod”, “Sihatgoh”, “Go‘zal”, “Chamanzor”, “Ishonch”, “Sherbuloq”, “Kelajak tongi”, “Sohil” va “Istiqbol” mahallalari hududini o‘tkazish ko‘zda tutilmoqda. 

Ushbu mahallalarda bugungi kunda 145 ming kishi istiqomat qilmoqda.

Sessiyada ta’kidlanishicha, Yangi Namangan tumani tashkil qilinishi munosabati bilan alohida dastur ishlab chiqiladi. Mavjud “Paxtalikko‘l” kichik sanoat zonasidan tashqari yana uchta — “Yoshlik”, “Mashad” va “Bunyodkor” kichik sanoat zonalari tashkil etiladi. Ularda umumiy qiymati 245 milliard so‘mlik 60 dan ortiq loyiha amalga oshirilishi hisobiga 2600 ta yangi ish o‘rinlari yaratiladi.

Deputatlar Namangan shahri tarkibida yangi tumanni tashkil etish haqidagi qarorni ma’qulladi. Endi bu taklif ko‘rib chiqish uchun  Oliy Majlisga yuboriladi. Parlament palatalari roziligi olinganidan so‘ng esa xalq deputatlari viloyat kengashi sessiyasi muhokamasiga kiritiladi.


Maqola muallifi

Teglar

Namangan

Baholaganlar

238

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing