Namangan insidenti: bir balosi bo‘lmasa shudgorda quyruq na qilur? 

Jamiyat

image

 Xabaringiz bor, Namangan shahriga kiraverishdagi “Qizilko‘prik” postida Yo‘l-harakati xavfsizligi xizmati xodimlari va Xalq deputatlari Namangan shahar kengashi deputati Tolib Muhammadiyev o‘rtasidagi janjal ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘ldi. Ushbu masala yuzasidan IIV Axborot xizmati tomonidan tayyorlangan videolavha tanqidlarga uchradi.  “Bosar-tusarini bilmay qolgan” nomi ostida e’lon qilingan axborot mamlakatdagi kattayu kichik deputatlarning e’tiroziga sabab bo‘lmoqda. 17 aprel kuni mazkur holat bo‘yicha deputat Muhammadiyevga nisbatan Namangan shahar prokuraturasi tomonidan jinoyat kodeksining 219-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan degan gaplar tarqaldi. 
      

Yuridik fanlar nomzodi Faxriddin Komilov ham ushbu masalada o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.  Huquqshunos fikricha, bu tarzda ish tutishda tergovchi va prokuror tarafidan manfaatdorlik mavjud degan fikrga kelish mumkin.       
      

“Namangan shahar prokurorining deputat ustidan jinoyat ishi qo‘zg‘atish haqidagi qarorini o‘qib “bir balosi bo‘lmasa, shudgorda quyruq na qilur” degan maqol esga tushib ketdi. Prokuror janoblarining oliy yuridik ma’lumotli ekaniga shubha yo‘q, ammo chiqargan qarori uning huquqiy savodini kattakon savol ostiga qo‘yadi! 
 

Zikr etilmish qarorda deputatni jinoyat ishida ayblanuvchi tariqasida ishtirok etishga jalb qilish va ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olishga Xalq deputatlari Namangan shahar Kengashidan rozilik so‘ralganini yana bir karra eslatib o‘tamiz. 
 

Deputatning daxlsizlik huquqi bekor qilinmasdan turib, unga nisbatan ma’muriy va jinoiy ish qo‘zg‘atish ham, qamoqqa olish ham mumkin emas. Binobarin, shu oddiy huquqiy normani bilmagan shaxs prokuror vazifasida qanday qilib ishlamoqda, degan savol tug‘ilishi tabiiy. 
 

Qolaversa, jinoyat ishini qo‘zg‘atishga nega bunchalik shoshilishdi? Axir vaziyat to‘liq o‘rganilib, dastlabki surishtiruv o‘tkazilib, voqea-hodisalarga xolisona baho berilganidan keyingina jinoyat ishi qo‘zg‘atilishi kerak emasmi? Ochig‘ini aytsam, menda bu holatda prokuror bir tomonning manfaati nuqtai nazari asosida jinoyat ishi qo‘zg‘atib, o‘zining noxolis nuqtai nazarini ifoda etgan, degan taxmin bor. 
 

Men ham uzoq yillar tergovchi, sudya lavozimlarida ishlaganman. Ammo bunday noxolislikni ilk bor ko‘rib turibman. 
 

Bo‘lib o‘tgan voqealardan ko‘rinadiki, Namangan shahar kengashi deputati T.O.Muhammadiyevga kimningdir yashirin qasdi borga o‘xshaydi. Bu ishning oqibati ham  xalq maqolida aks etmishdir: “qasd qilganlar past bo‘lur…” 
 

Xulosa shuki, huquqni muhofaza qiluvchi organlarga tanish bilishi orqali adashib kirib qolgan, huquqiy bilim va savodi past bo‘lgan xodimlar bundan buyon o‘z xohishlari bilan ishdan bo‘shab ketganlari ma’qul. Chunki Prezidentimiz  Shavkat Mirziyoyev qo‘yayotgan talablarning asosi qonunlarga og‘ishmay rioya qilishdir! 
 

Bu o‘rinda prokuror Kengashdan deputatni daxlsizlik maqomidan ozod qilishni so‘rashi lozim edi. Endi prokurorning ushbu noto‘g‘ri qarori o‘z ishining ustasi bo‘lgan advokatning qo‘liga tushsa, tergov va prokurorga qarshi ishlatilishi, ya’ni bu yerda manfaatdorlik bor degan vaj keltirilishi mumkin”. 
 

Eslatib o‘tamiz, IIVning “bosar-tusarini bilmagan deputat” nomli videolavhasi jamoatchilikka taqdim etildi. Videolavhada deputatlar tomonidan (hammasi, ayrim deyilmagan) daxlsizlik huquqi vaj qilinib, IIV xodimlarining qonuniy talablarini bajarmaganligi aytiladi
 

So‘ngra, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Doniyor G‘aniyev IIV videosida ko‘rsatilgan gaplar konteksdan uzib olinib ko‘rsatilganligi, qayta-qayta bu odamni deputatligiga urg‘u berilgani va bunday salbiy holatlar xuddi deputatlarga “signal” berish uchun tayyorlangani haqida o‘z taxminini bildirgan.
 

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherboyev esa ushbu holat bo‘yicha masalaga umuman aloqasi bo‘lmagan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlarining ham tiqishtirilishi juda shubhali tuyulayotganini aytmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

IIV Namangan Oliy Majlis Deputat Doniyor G'aniev

Baholaganlar

436

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing