Naqd pulga uy-joy va avtomobil oldi-sotdisi bekor qilinadi

Jamiyat

image

O‘zbekistonda naqd pulga uy-joy va avtomobil oldi-sotdisi bekor qilinadi. Bu haqda Prezidentning bugun, 10 dekabr kuni qabul qilingan “Naqdsiz hisob-kitoblarni ommalashtirish va yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonida so‘z boradi. 

Farmonga ko‘ra, quyidagilar 2030 yilgacha yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirishning asosiy maqsadli ko‘rsatkichlari etib belgilandi, jumladan:

  • Yalpi ichki mahsulotga nisbatan kuzatilmaydigan iqtisodiyot ulushini 1,3 baravarga qisqartirish;
  • savdo va xizmat ko‘rsatish sohalarida aholi tomonidan to‘lovlarni naqd pulsiz amalga oshirish ulushini 75 foizga yetkazish.

2026 yil 1 apreldan quyidagilar uchun to‘lovlar faqatgina bank kartalari yoki elektron to‘lov tizimlari orqali amalga oshiriladi:

  • davlat organlari tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlar;
  • elektr energiyasi, tabiiy gaz, ichimlik suvidan foydalanganlik uchun to‘lovlar;
  • alkogol va tamaki mahsulotlari;
  • transportlarga yoqilg‘i quyish shoxobchalari orqali aholiga neft-gaz mahsulotlarini sotish va elektrda harakatlanadigan transportlarni zaryadlash bo‘yicha xizmatlar;
  • qiymati 25 mln so‘mdan oshadigan tovar va xizmatlar;
  • ko‘chmas mulk ob’ektlari, ishlab chiqarilganiga 10 yildan oshmagan M, N, O va G toifaga kiruvchi transportlar hamda maxsus avtotransport vositalarini sotish va sotib olish.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda fuqarolarga qurilish uchun ajratilgan yer uchastkalarida barpo etilgan, shu jumladan, o‘zboshimchalik bilan qurilgan uy va inshootlarni rasmiylashtirish hamda ularni yagona tartibda hisobga olish bo‘yicha yangi mexanizm joriy etilishi mumkinligi haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

avtomobil' uy-joy Naqd pul

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing