Nadal, Medvedev, Sitsipas... “Katta Dubulg‘a” turnirining yarim finalchilari ma’lum 

Sport

image

Avstraliya ochiq chempionatida ikkinchi raqam ostida tasniflangan rossiyalik tennischi Daniil Medvedev kanadalik Feliks Aje-Alyassimni besh setda 6:7, 3:6, 7:6, 7:5, 6:4 hisobida mag‘lub etib, yarim finalga yo‘l oldi. Qarama-qarshilik 4 soat 42 daqiqa davom etdi.

Medvedev uchrashuv davomida 15 marta “eys” amalga oshirdi va 9 ta qo‘sh xatoga yo‘l qo‘ydi. Alyassim esa o‘z hisobiga 18 ta eys va 4 ta qo‘sh xatoni yozib qo‘ydi. 

O‘yin kutilganidek, murosasiz kechdi. Turnirning asosiy favoritlaridan biri hisoblangan Medvedev dastlabki ikki setda imkoniyatni boy bergan bo‘lsa-da, qolgan setlar o‘z foydasiga hal qildi va final yo‘llanmasi uchun Gretsiya vakili Stefanos Sitsipasga qarshi kortga chiqadigan bo‘ldi. Ikkinchi yarim finalda esa ispaniyalik Rafael Nadal va italiyalik Matteo Berrettini o‘zaro bahs olib boradi.

Eslatib o‘tamiz, Avstraliya ochiq chempionatining amaldagi g‘olibi dunyoning birinchi raqamli tennischisi Novak Jokovich hisoblanadi. U o‘tgan yilgi finalda aynan Medvedevni 7:5, 6:2, 6:2 hisobida mag‘lub etgan edi.

Ma’lumot uchun, “Katta Dubulg‘a” turkumiga kiruvchi turnir g‘olibi 2000 reyting ochkosi va 2,2 million AQSH dollari miqdoridagi pul mukofotiga ega bo‘ladi.
 


Maqola muallifi

Teglar

Tennis Medvedev Nadal' Avstraliya open Tsitsipas Berrettini

Baholaganlar

18

Reyting

2.6

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing