“Nyukasl” ilk transferni amalga oshirdi

Sport

image

Angliyaning “Nyukasl” klubi “Atletiko Madrid” qanot himoyachisi Kiran Tripper bilan ikki yillik shartnoma imzolandi. Bu klubning Saudiya Arabistoni investorlari qo‘l ostiga o‘tganidan keyingi ilk transferi hisoblanadi.

“Ajoyib klub safiga qo‘shilganimdan xursandman. Madriddagi davr menga yoqdi, biroq avvallari birga ishlagan murabbiy Eddi Xauning qiziqishini bilganimdan so‘ng, faoliyatimni aynan shu yerda davom ettirishga qaror qildim. Oldimizda mashaqqatli yo‘l turganini bilaman, lekin Angliya Premer ligasidagi futbol uslubi bilan juda yaxshi tanishman. Iqtidorli futbolchilarga ega ajoyib klub safida maydonga tushish – katta sharaf”, deydi Tripper.

Avvalroq, OAVda “Nyukasl” futbolchi uchun taxminan 15 million yevro hamda bonuslar to‘lashi haqida xabarlar tarqalgandi. 31 yoshli angliyalik charm to‘p ustasi bunga qadar “Manchester Siti”, “Byornli” va “Tottenxem” klublari safida faoliyat yuritgan. 

Eslatib o‘tamiz, Kiran 2019 yilning yozida “Tottenxem”dan 22 million yevro evaziga “Atletiko”ga kelib qo‘shilgan edi. “Transfermarkt” portalida uning transfer narxi 18 million yevroga baholanmoqda.

Ma’lumot uchun, joriy mavsumda angliyalik futbolchi Ispaniya chempionati va UEFA Chempionlar ligasida 17 ta o‘yinda maydonga tushgan.


Maqola muallifi

Teglar

APL Atletiko N'yukasl Tripp'er

Baholaganlar

20

Reyting

2.8

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing