Nyu-Yorkda ko‘chani belgilanmagan joydan kesib o‘tishga ruxsat berildi
Olam
−
05 noyabr
1265AQSHning Nyu-York ma’muriyati shahar aholisiga ko‘chani belgilanmagan joydan kesib o‘tishga (jaywalking) rasman ruxsat berdi. Bu haqda “The New York Times” nashri xabar berdi.
Qayd etilishicha, qonun o‘tgan oy shahar kengashi tomonidan qabul qilingan va Nyu-York meri Erik Adams 30 kun davomida unga hech qanday munosabat bildirmagani (imzolamagani yo veto qo‘ymagani)dan keyin o‘tgan hafta oxirida avtomatik ravishda kuchga kirgan.
“Keling, realist bo‘laylik, har bir Nyu-York fuqarosi ko‘chani belgilanmagan joydan kesib o‘tadi. Odamlar shunchaki o‘zlariga kerakli joyga borishga harakat qilmoqda”, deydi qonun loyihasi tashabbuskori shahar kengashi a’zosi Mersedes Narciss.
Yangi qonun piyodalarga yo‘lni istalgan joydan, jumladan, o‘tish joylari atrofidan, shuningdek, qizil chiroqda ham kesib o‘tishga ruxsat beradi. Shu bilan birga, piyodalar yo‘lning harakat qismida ustunlikka ega emasligi va ular boshqa transport vositalarini o‘tkazib yuborishi shartligi belgilab qo‘yilgan.
Ma’lumot uchun, 1958 yildan beri Nyu-Yorkda belgilanmagan joydan o‘tish taqiqi amal qiladi va 250 dollargacha jarimaga sabab bo‘ladi. Bu qoidabuzarliklar uchun jarimaga tortilgan 463 kishining 90 foizdan ortig‘i qora tanli yoki lotin amerikalik bo‘lgan. Politsiya, shuningdek, qoidabuzarlikdan aholini, ayniqsa, ularning teri rangiga qarab to‘xtatish, so‘roq qilish va qidirish uchun bahona sifatida foydalangan.
“Yangi qonun huquqni muhofaza qilish organlaridagi irqiy tafovutlarga barham beradi”, deydi Narciss.
Tashabbus nyu-yorklik kam ta’minlanganlarga bepul yuridik xizmatlar ko‘rsatuvchi “Legal Aid Society” notijorat tashkiloti tomonidan qo‘llab-quvvatlandi. U qonunni qabul qilish vaqti allaqachon yetib kelganini ta’kidlagan va shahar kengashini “jamoat xavfsizligi maqsadlariga xizmat qilmaydigan va odamlarni faqat jinoiy-huquqiy tizimga tortadigan eskirgan qonunlarni bekor qilishni davom ettirishga” chaqirgan.
LiveBarchasi