“Maktabi bombalangan Erondan keldim”. Pezeshkiyon BMT minbarida nutq so‘zladi (video)
Olam
−
23 Sentyabr 958 3 daqiqa
Bugun, 23 sentyabr kuni Eron Prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon Nyu-Yorkda BMT Bosh Assambleyasi majlisida ishtirok etdi. Bu AQSH bilan urush holatida bo‘lgan mamlakat yetakchisining ushbu tashkilot oldida chiqish qilishi bilan bog‘liq birinchi holat.
“Amerika va Isroil eng so‘nggi texnologiyalar va qurol-yarog‘ tizimlaridan foydalangan holda bizga hujum qildi, xalqimiz esa matonat bilan dosh berdi. Ha, ular bizga zarba berishdi, ammo biz tiz cho‘kmadik va bosh egmadik”, deydi Pezeshkiyon.
Eron Prezidenti o‘z nutqi davomida taslim bo‘lmaslikka va’da bergan hamda Amerika yetakchisi Donald Tramp uning mamlakatini tushunmasligini aytib, nizoga chek qo‘yish vositasi sifatida diplomatiyaga ishonishini urg‘ulagan.
“Janob Tramp va bizni qo‘rqitishga urinayotganlar Eronni tushunishlari kerak, biz muloqot, diplomatiya va muzokaralarga tayyormiz, lekin kuch tilida gaplashishni qabul qilishga tayyor emasmiz”, deydi u.
Shuningdek, Pezeshkiyon Eronning o‘zi terrorizm qurboni bo‘lganini aytgan. U mamlakat oliy rahbarining o‘ldirilishi, bolalar o‘ynayotgan maktab va sport zaliga berilgan zarbalar, shuningdek, Tehronda Ismoil Xoniyaning o‘ldirilganini eslab o‘tgan. Prezident AQSH va Isroilni universitetlar, shifoxonalar va boshqa fuqarolik ob’ektlariga zarba berishda ayblagan.
“Kuni kecha Tramp bizni terrorchilar deb atadi. Aslida esa biz terrorizm qurboni bo‘lib kelmoqdamiz. Men muhtaram Oliy rahbarimiz hech qanday huquqiy me’yorsiz va sababsiz suiqasdga uchragan Erondan keldim. Men maktabi bombalangan Erondan keldim. Ushbu bolalarni ko‘ryapsizmi? Bu bolalar AQSH va Isroil tomonidan qo‘llangan qurollar va bombalar ostida halok bo‘ldi. Ular aybsiz edi va hech qanday jinoyat sodir etishmagan edi”, deydi Eron Prezidenti.
Pezeshkiyon Eron shaharlarini bombardimon qilish javobsiz qoladi, degan illyuziya hech kimda paydo bo‘lmasligi uchun Eron mudofaa tizimini yaratganini ma’lum qilgan. Eronning mudofaa qudrati himoyalanish uchun mo‘ljallangan va Tehronga o‘zini himoya qilish uchun kimningdir ruxsati kerak emas.
Shu bilan birga, u Eron yadroviy bilimlar bir nechta mamlakatlarning monopoliyasi bo‘lib qolishiga ko‘nmasligini aytgan.
“Eron yadroviy qurolni xavfsizlik omili deb hisoblamaydi, ammo fan, sanoat va tinchlikparvar energetikaga bo‘lgan o‘z huquqidan ham voz kechmaydi. Ochig‘ini aytaylik: yadroviy qurolga – yo‘q, yadroviy bilimlarga bo‘lgan huquqdan mahrum qilishga – yo‘q”, deydi u.
Pezeshkiyonning fikricha, Eronning yadroviy masalasini “jang maydonida hal qilib bo‘lmaydi”. Dunyoga Eron dasturining istisnosiz tinchlik xususiyatiga ega ekani bo‘yicha ishonchli kafolatlar, Eron xalqiga esa o‘z huquqlariga rioya etilishiga ishonch beradigan kelishuv yagona yechimdir. U “ikki xil standartlar”ni tanqid qilgan.
“Atom va yadroviy bombalar Isroil rejimining qo‘lida, lekin inspektorlardan Eronga kelish talab qilinmoqda. Isroil G‘azoda 70 mingdan ortiq aybsiz insonlarni vahshiylarcha o‘ldirdi, ammo Eron muzokaralar stoli ortida o‘tirgan bir vaqtda bombalandi.
Isroil yadroviy bombaga, ommaviy qirg‘in qurollariga ega, Yadro qurolini tarqatmaslik to‘g‘risidagi shartnomaga a’zo emas va o‘zining sharmandali mavjudligi davomida biror marotaba ham tekshiruvga ruxsat bermagan, biroq mintaqadagi istalgan poytaxtni xohlaganicha bombalashi uchun ularga barcha zarur imkoniyatlar yaratib berilmoqda”, deydi u.
Hormuz bo‘g‘izi haqida gapirar ekan, Pezeshkiyon boshqa mamlakatlar ushbu suv yo‘lidan foydalanib, bir vaqtning o‘zida undan Eronga hujum qilish va Eronning o‘zi uchun ushbu yo‘lni yopish maqsadida foydalanayotganini ma’lum qilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, urushning kengayishi xavfsizlik olib kelmaydi, mintaqa muammolarini esa aynan shu mintaqa davlatlarining o‘zi hal qilishi kerak.
Live
Barchasi