Nyu-Yorkda immigratsiya agentlari bolasi bilan mashinada ketayotgan erkakni otdi
Olam
−
09:26 1715 3 daqiqa
AQSHning Nyu-York shahrida Immigratsiya va bojxona nazorati xizmati (ICE) agentlari maxsus amaliyot vaqtida mashina ichida 5 yoshli bola bo‘lgan erkakni otib, yaraladi. Bu haqda CNN xabar berdi.
Hodisa kecha, 8 oktyabr kuni soat 16:00 larda, shaharning Bronks hududida sodir bo‘lgan. 28 yoshli Oskar Belgal ismli erkak avtomobilini to‘xtash joyiga qo‘yayotgan paytda oddiy kiyimdagi federal agentlar uning mashinasiga yaqinlashgan. Ulardan biri haydovchi tomonidagi oynga qurol o‘qtalgan, yana biri esa avtomobilning old qismiga kelgan. Shundan so‘ng mashina oldinga harakatlangan va agentlardan kamida biri unga qarata o‘q uzgan.
Nyu-York politsiyasi komissari Jessika Tishning aytishicha, voqea joyida to‘plangan dalillarga ko‘ra, kamida bitta ICE agenti yetti marta o‘q uzgan. O‘qlardan biri erkakning chap qulog‘i ostidagi bo‘yin qismiga tekkan. Politsiya kuzatuv kameralari hodisani qisman tasvirga olgan, biroq o‘q uzilgan lahza yozuvda aks etmagan.
Huquq-tartibot idoralaridagi manbaga ko‘ra, erkakning bo‘yniga o‘q tegib, u yengil yaralangan. Uning jarohati hayot uchun xavfli deb baholanmagan va u shifoxonaga olib ketilgan. Mashinaning orqa o‘rindig‘ida bo‘lgan 5 yoshli bolaning jarohat olmagani ma’lum qilingan. Politsiya komissari bolaning yaralangan erkakning o‘g‘li ekanini taxmin qilmoqda. Bola keyinchalik oila a’zolariga topshirilgan.
Nyu-York meri Zoxran Mamdani hodisadan g‘azabda ekanini bildirgan. Uning aytishicha, ICE agentlari erkakning mashinasini o‘rab olgan, biroq ular yuzlarini niqob bilan yashirgan va qurilish ishchilariga xos nimchalar kiygan. Shu sababli ularni federal agentlar sifatida tanib olish qiyin bo‘lgan.
“Xudoga shukrki, bola jismonan zarar ko‘rmadi”, degan Mamdani.
Mamdani AQSH Prezidenti Donald Tramp va Ichki xavfsizlik vaziri Markveyn Mallin bilan gaplashib, yaralangan erkakni ozod qilish masalasini muhokama qilganini aytgan. Biroq muzokaralar natija bermagan. Erkak politsiyadan Immigratsiya va bojxona nazorati xizmati ixtiyoriga o‘tkazilgan.
AQSH Ichki xavfsizlik vazirligi erkakning Trinitarios jinoiy to‘dasi bilan aloqasi borligini, avval yirik miqdordagi o‘g‘rilik uchun sudlanganini, shuningdek, hujum, talonchilik, giyohvand moddalar va qurol saqlash bilan bog‘liq holatlar bo‘yicha ilgari qo‘lga olinganini bildirgan. Vazirlik agentlar erkak yaralanganidan so‘ng darhol unga yordam ko‘rsatganini ham ma’lum qilgan.
Hodisa vaqtida yana ikki agent jarohat olgan va ular ham shifoxonada davolanmoqda. Federal rasmiylardan biri agentlardan biri avtomobil halokati oqibatida jarohatlangan bo‘lishi mumkinligini aytgan. Biroq bu holat erkakni qo‘lga olishga urinish bilan bog‘liqmi yoki yo‘qmi, hozircha noma’lum.
Voqea guvohlari politsiyaga yorqin sariq qurilish nimchasini kiygan, qo‘lida qurol bo‘lgan erkakni ko‘rganini aytgan. Ular, shuningdek, besh-oltita o‘q ovozini eshitganini va odamlarning baqirganini bildirgan. Hodisa joyidan olingan videoda esa shunday kiyimdagi erkak yarim avtomatik miltiq ushlab turgani va bo‘yniga ICE nishonini taqqani ko‘rinadi.
Nyu-York politsiyasi hodisada ishtirok etmaganini bildirgan. Otishmadan keyin politsiya xodimlari voqea joyida tartibni saqlash va dalillarni yig‘ish uchun safarbar qilingan. Keyinchalik Ichki xavfsizlik vazirligining Tergov boshqarmasi xodimlari tergovni o‘z zimmasiga olgan. Erkakning avtomobili evakuator yordamida olib ketilgan, uning old oynasida o‘q tekkan teshik bo‘lgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSHning Kaliforniya shtatida “The New York Times” nashrining “Games” xizmati muhandislik direktori Jonatan Makkinsi otib o‘ldirilgandi.
Live
Barchasi