Myuller, Zommer va Xummels Portugaliya klubini sotib oldi
Sport
−
19:17 418 1 daqiqa
Germaniya terma jamoasining sobiq futbolchilari Tomas Myuller va Mats Xummels, shuningdek, Shveysariya terma jamoasi darvozaboni Yann Zommer boshchiligidagi nemis investorlar guruhi Portugaliyaning “Eshtrela da Amadora” klubi aksiyalarining 90 foizini sotib oldi. Bu haqda “Record” nashri xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, kelishuv 40 million yevroga baholanmoqda. Bu Portugaliya futboli tarixida ommaviy savdoga qo‘yilgan sport kompaniyasining eng qimmat bitimi hisoblanadi.
Xabarlarga ko‘ra, endilikda 2020 yildan buyon klub prezidenti lavozimida ishlab kelayotgan Paulu Lopo iste’foga chiqadi. Uning o‘g‘li Fransishku Lopo esa bosh direktor lavozimida ishlashda davom etadi.
Paulu Lopo 2020 yil iyul oyida klub uchinchi divizionda ishtirok etayotgan paytda uni 72 ming yevroga sotib olgan edi. “Eshtrela da Amadora” 2023-2024 yilgi mavsumda Portugaliya yuqori divizioni — Primeyra Ligaga qaytdi.
Ayni paytda klub moliyaviy muammolarga duch kelmoqda. 2026 yil may oyida “Eshtrela” 25 million yevrodan ortiq qarzni qayta tartibga solishni so‘rab sudga murojaat qilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Amazon asoschisi Jeff Bezos ishtirokidagi konsorsium Angliyaning “Liverpul” klubining ozchilik ulushini sotib olgandi.
Live
Barchasi