Myanmalik aktyor qamoqxonadaligida dunyoning eng kelishgan erkagi unvonini oldi

Olam

image

Myanmalik aktyor va model Paing Taxon 2021 yilda qamoqda o‘tirgan vaqtida dunyoning eng kelishgan erkagi deb topilgan. Bu haqda “The day” xabar berdi.

Qayd etilishicha, Paing Taxon 1996 yilda Myanmaning Kotaun shahrida tug‘ilgan. U oiladagi olti farzandning to‘rtinchisi bo‘lgan. 18 yoshida Yangon shahriga borib, modellik maktabida o‘qigan va ko‘p o‘tmay o‘z faoliyatini boshlagan.

Uning uzun sochlari, tatuirovkalari va sportchilarga xos gavdasi tezda muxlislar e’tiborini tortgan. Shu sababli unga “osiyolik Akvamen” laqabi ham berilgan.

Paing Taxon keyinchalik aktyorlik va xonandalik bilan ham shug‘ullangan. 2017 yilda u “Midnight Traveller” filmida bosh rolni ijro etgan. Uning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarini esa millionlab odam kuzatgan.

2020 yilda u TC Candler tomonidan tuziladigan dunyoning eng kelishgan erkaklari reytingida 10-o‘rinni egallagan.

2021 yil boshida esa model kutilmagan qaror qilgan. U sochini qirdirib, buddist monastiriga borgan va u yerda ikki hafta yashagan. Paing Taxon bu vaqt davomida ibodat qilgani, ro‘za tutgani va meditatsiya bilan shug‘ullanganini aytgan.

Biroq o‘sha yil uning hayotida yana bir katta o‘zgarish yuz bergan. 2021 yil 1 fevral kuni Myanmada harbiylar hokimiyatni egallaganidan so‘ng mamlakat bo‘ylab norozilik namoyishlari boshlangan. Paing Taxon ham namoyishchilarga qo‘shilgan. U ijtimoiy tarmoqlarda harbiy to‘ntarishni tanqid qilgan va mamlakat kelajagini fuqarolarning o‘zi belgilashi kerakligini bildirgan.

2021 yil 8 aprel kuni harbiylar uni onasining uyidan olib ketgan. Shundan keyin uning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari ham o‘chirilgan.

Keyinchalik sud Paing Taxonni uch yilga ozodlikdan mahrum qilish va majburiy mehnatga jalb etishga hukm qilgan. Aynan shu paytda TC Candler 2021 yilgi reyting natijalarini e’lon qilgan. Unga ko‘ra, Paing Taxon dunyoning eng kelishgan erkagi deb topilgan. Ya’ni u mazkur unvonni qamoqda bo‘lgan vaqtida qo‘lga kiritgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Janubiy Koreya poytaxti Seulda “eng go‘zal qotil” deb laqab olgan 20 yoshli Kim So Yon erkaklarni zaharlash ishi bo‘yicha umrbod ozodlikdan mahrum etilgani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing