“Eng go‘zal qotil” umrbod qamaldi

Olam

image

Kecha, 27 avgust kuni Janubiy Koreya poytaxti Seulda “eng go‘zal qotil” deb laqab olgan 20 yoshli Kim So Yon erkaklarni zaharlash ishi bo‘yicha umrbod ozodlikdan mahrum etildi. Bu haqda “Chosun” xabar berdi.

Qayd etilishicha, sud muhokamasi davomida Kim So Yon jabrlanuvchilarni shunchaki uxlatib qo‘ymoqchi bo‘lganini va ular o‘lib qolishi mumkinligini xayoliga ham keltirmaganini aytgan. Qiz ularni uxlatib, go‘yoki jinsiy zo‘ravonlikdan himoyalanmoqchi bo‘lganini bildirgan.

Biroq sud Kim jinoyatni sodir etish vaqtida preparatlar ta’siridan jabrlanuvchilar vafot etishi mumkinligini anglaganini aniqlagan va unda qotillik qasdi bo‘lgan degan xulosaga kelgan. KakaoTalk’dagi yozishmalar va ishning boshqa materiallarini o‘rganib chiqqach, sudya jinsiy zo‘ravonlik yuz bergani haqida hech qanday isbot topmagan. Olti nafar jabrlanuvchidan biriga nisbatan og‘ir hujum qilish ayblovi bo‘yicha sud uni aybsiz deb topgan. Birinchi instansiya sudining hukmi hozircha yakuniy emas va uning ustidan shikoyat qilinishi mumkin.

O‘zi nima bo‘lgan?

Jinoyatlar 2025 yilning oxiri va 2026 yilning boshida Seulning Kanbuk tumanidagi mehmonxonalarda yuz bergan. 20 yoshli Kim So Yon ijtimoiy tarmoqlar, ilovalar va barlarda erkaklar bilan tanishgan hamda ularni motellarga taklif qilgan. U o‘zi bilan teng uch nafar erkakka benzodiazepin guruhiga kiruvchi dori vositalari solingan ichimliklarni berib, ulardan ikki nafarining o‘limiga va bir nafarining hushdan ketishiga sabab bo‘lgani uchun mart oyida hibsga olingan va ayblov e’lon qilingan. Keyingi surishtiruvlar davomida, shu yilning aprel oyida unga xuddi shu usulda yana uch nafar erkakka tan jarohati yetkazgani bo‘yicha qo‘shimcha ayblov qo‘yilgan.

18 avgustda bo‘lib o‘tgan sud majlisida prokurorlar Kim So Yonga o‘lim jazosi berilishini so‘ragan. Shuningdek, ular suddan uni 30 yil davomida elektron kuzatuv qurilmasini taqishga majbur qilish va probatsiya nazoratini o‘rnatishni so‘ragan.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing