Muzokaralarda Rossiyaga ishonib bo‘lmaydi – NATO 

Olam

image

Tinchlik muzokaralari haqida gap ketganda, Rossiyaga "ishonib bo‘lmaydi". Bu haqda kecha, 9 aprel kuni NATO Bosh kotibi o‘rinbosari Mircha Joane Britaniyaning LBC radiostansiyasiga bergan eksklyuziv intervyusida so‘z ochdi.

"Agar ular (Rossiya rasmiylari) oxir-oqibat tinchlik haqida gapira boshlasa ham, bu tinchlik haqida emas, balki qayta qurollanish va keyinchalik yana hujum qilish uchun sulh haqida bo‘ladi", deb tushuntirdi u.

Joanening ta’kidlashicha, so‘nggi yillarda NATO a’zolari mudofaani e’tiborsiz qoldirgani oqibatida mamlakatlar ehtimoliy urushga tayyor bo‘lmagan.

"Biz mudofaani e’tiborsiz qoldirdik, chunki biz tinchroq dunyoda yashayotganimizga ishonardik, hammamiz ishonardik. Hozir esa biz shafqatsizlarcha yangi voqelikka uyg‘onmoqdamiz", deydi u.

Joanening qo‘shimcha qilishicha, NATO ishtirokidagi xalqaro mojaroni e’lon qilishga "hech kim to‘liq tayyor emas". U Ukrainaning YeI va NATOga kirishini muqarrar deb atadi va bo‘lajak prezidentlik saylovlarida Donald Tramp g‘alaba qozongan taqdirda ham Qo‘shma Shtatlar alyans bilan hamkorlikni davom ettirishiga ishonch bildirdi.

Ma’lumot uchun, Moskva yaqinda bir necha bor tinchlik muzokaralariga ochiqligini ta’kidlagan. Lekin bu Moskvaning shartlariga ko‘ra, shu jumladan, to‘g‘ridan-to‘g‘ri harbiy mojaro boshlanganidan keyin bosib olingan hududlarni tan olishini o‘z ichiga olishi kerakligi bildirilgan. Ukraina esa Rossiya qo‘shinlarini so‘zsiz olib chiqib ketilishini, Moskva tovon to‘lashini va 1991 yilgi umume’tirof etilgan chegaralarga qaytishni talab qilmoqda.

Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi tinchlik muzokaralarining so‘nggi bosqichi 2022 yil 29 mart kuni Istanbulda bo‘lib o‘tdi. Ular taxminan uch soat davom etdi. O‘sha yilning 4 oktyabrida Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiyning mamlakat Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan muzokara olib borishi mumkin emasligi haqidagi qarori kuchga kirdi.


Maqola muallifi

Teglar

NATO Rossiya Mircha Joane

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing