Mujtabo Xomanaiy jarohat olgani rad etildi
Olam
−
11 mart 1777 2 daqiqa
Eron Prezidenti Mas’ud Pezeshkiyonning o‘g‘li va maslahatchisi Yusuf Pezeshkiyon mamlakatning yangi Oliy rahbari Mujtabo Xomanaiyning jarohat olgani haqidagi xabarlarni rad etdi. Bu haqda u bugun, 11 mart kuni o‘zining Telegram-kanalida ma’lum qildi.
Pezeshkiyonning aytishicha, ayrim nashrlarda Xomanaiy yaralangani haqida xabarlar tarqalgan. Davlat rahbarining o‘g‘li Oliy rahbarning sog‘lig‘i haqidagi mish-mishlarga aniqlik kiritishga harakat qilgan.
“Men janob Mujtabo Xomanaiy jarohat olgani haqidagi xabarlarni eshitdim. Shundan so‘ng tanishlarim va yaqinlarim bilan bog‘lanib, vaziyatni so‘radim. Xudoga shukur, u sog‘lom, hech qanday muammo yo‘q”, deydi Yusuf Pezeshkiyon.
So‘nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda Eron Oliy rahbari go‘yoki jarohat olgani haqida tasdiqlanmagan ma’lumotlar tarqalgan. Rasmiy manbalar esa bu xabarlarni inkor etib, Xomanaiyning sog‘ligi yaxshi ekanini bildirgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Mujtabo Xomanaiy yaqinda Eron Islom Respublikasining Oliy rahbari lavozimini egallagan edi. U mamlakat siyosiy va diniy tizimida eng yuqori rahbar hisoblanadi va davlatning asosiy strategik qarorlarida muhim rol o‘ynaydi.
Ali Xomanaiy 28 fevral kuni Isroil va AQSHning Eronga qarshi qo‘shma operatsiyasi davomida Isroil aviazarbasi oqibatida o‘ldirilgan edi. Bugun, 9 mart kuni Eron nashrlari Mujtabo Xomanaiy yangi oliy rahbar bo‘lganini e’lon qildi. Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi unga sodiqlik qasamini ichdi, Eron Prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon esa Mujtabo Xomanaiyning tayinlanishini “islom millatining milliy birlikni mustahkamlashga bo‘lgan intilishi ifodasi” deb atadi.