Muzetti “Rolan Garros”da qatnashmaydigan bo‘ldi
Sport
−
14 may 414 1 daqiqa
Dunyoning 10-raqamli tennischisi, italiyalik Lorenso Muzetti jarohati sabab “Rolan Garros” (Fransiya ochiq chempionati)da ishtirok etolmaydi. Bu haqda sportchi o‘zining Instagram sahifasida ma’lum qildi.
Lorenso Muzetti joriy yilning 12 may kuni Rim Masters turnirining 1/8 finalida Kasper Ruudga 3/6, 1/6 hisobida mag‘lub bo‘ldi. Musobaqadan so‘ng o‘tkazilgan tibbiy tekshiruvlar italiyalik sportchida son mushagi — rektus femoris (sonning to‘g‘ri mushagi) jarohatini aniqladi.
Shu sabab Muzetti bir necha hafta davomida tiklanish jarayonini o‘taydi va nafaqat “Rolan Garros”, balki Germaniyaning Gamburg shahrida o‘tadigan ATP 500 turnirini ham o‘tkazib yuboradi.
“Kecha o‘yindan keyin tibbiy tekshiruvlardan o‘tdim va natijada rektus femoris jarohati aniqlandi. Bu bir necha hafta dam olish va tiklanishni talab qiladi. Afsuski, bu men uchun katta zarba bo‘ldi, chunki Gamburg hamda “Rolan Garros” turnirlarida qatnasha olmayman”, deb yozdi Muzetti o‘zining Instagram sahifasida.
Shuningdek, italiyalik tennischi Rimdagi muxlislarga minnatdorlik bildirib, uy turnirida o‘zini to‘liq sog‘lom his qilmaganiga qaramay, kortga chiqishga harakat qilganini ta’kidladi.
Ma’lumot uchun, 24 yoshli Muzetti ATP turnirlarining ikki karra g‘olibi hisoblanadi. U, shuningdek, 2024 yilgi Parij yozgi Olimpiada o‘yinlarining bronza medali sovrindori hamdir.
Live
Barchasi