Mo‘ynoqdagi ko‘l yana yonib ketdi
Jamiyat
−
13 iyul 2019
5370Kecha, 12 iyul kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Mo‘ynoq tumanida joylashgan “Mo‘ynoq akva sanoat” DUKga qarashli ko‘lidagi qamishzorda yong‘in kelib chiqqan. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi FVV YOXBB OAV bilan hamkorlik qilish bo‘linmasi xabar bermoqda.
Yong‘inni bartaraf etishga 2 ta yong‘in o‘chirish bo‘linmalari jalb etilgan. Ko‘rilgan harakatlar natijasida yong‘in o‘chirilgan. Tan jarohati olganlar va halok bo‘lganlar yo‘q. Yong‘in oqibatida 2-3 gektar ochiq maydonda qamishlar yongan. Yong‘inni kelib chiqish sababi va moddiy zarar miqdori aniqlanmoqda.
Shu o‘rinda Respublikasi FVV YOXBB O‘zbekiston fuqarolariga kichik murojaat bilan chiqdi: “Aziz hamyurtlar! Quruq o‘tlar bilan bog‘liq yong‘inlar katta miqdorda moddiy zarar yetkazmaydigandek tuyulsada, lekin atrof tabiiy muhitga zarar yetkazadi, shular bilan bir qatorda ushbu yong‘inlar, yashash uylari yoki bo‘lmasam boshqa bino va inshootlarga o‘tib ketishi bilan havfli hisoblanadi. Harakatlanib ketayotgan avtomobillardan ba’zi bir kishilarning sigaret qoldig‘ini o‘chirmasdan tashlab yuborishi oqibatida yo‘l chetidagi quruq o‘t, xashaklar alangalanib, shamoldan olov kuchayib keng maydonlarga tarqalib ketishi katta talafotlarni keltirib chiqarishi mumkinligi haqida unutmang”, deyiladi murojaatda.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 4 iyul kuni ham Qoraqalpog‘istonning Mo‘ynoq tumanidagi qo‘riqxonaga aylantirilgan Sudoche ko‘lida yong‘in kelib chiqqan edi.
Respublikaning shimoli-g‘arbida joylashgan mazkur ko‘lda yong‘inning yuz berishiga tabiiy ofat sabab bo‘lgani haqida ma’lum qilingan edi.
LiveBarchasi