Yevropa G‘azosi. Qit’adagi eng yirik musulmonlar qirg‘ini
Tahlil
−
13 iyul
13039Har yili iyul oyining birinchi yarmida Bolqon va Yevropaning boshqa davlatlaridan, hatto dunyoning turli burchaklaridan minglab ayollar zahri uzoq yillik bo‘lgan alam va dard bilan Bosniya va Gersegovinaga tashrif buyuradi. Ularni bu yerga chorlovchi yagona omil esa mamlakat shimoli-sharqida joylashgan kichik konchilar shaharchasidir. Ha, bu o‘sha bundan 29 yil oldin, aniqrog‘i 1995 yilning 11-13 iyul kunlari serb millatchilari tomonidan minglab musulmon erkaklar qirib tashlangan, jasadlari esa ulkan mashina balonlari ostida qoldirilgan Srebrenitsa shaharchasi.
Qirg‘in uchqunlari
1990 yillarda sotsialistik lager dunyo siyosatida o‘zining oxirgi kunlarini yashayotgan edi. 1991 yildagi SSSRning shov-shuvli qulashi undan rang olgan boshqa shunday ittifoqlarning ham yo‘q bo‘lib ketishiga sabab bo‘ldi. Nomi ko‘pchilikka tanish bo‘lgan sobiq Yugoslaviya shunday taqdirga yo‘liqqandi. Dastlab 6 ta davlatni, Bosniya va Gersegovina, Serbiya, Xorvatiya, Makedoniya, Sloveniya va Montenegroni o‘z ichiga olgan Yugoslaviya Sotsial Federativ Respublikasi asta-sekin sochilishni boshlaydi. Ittifoqdan dastlab Sloveniya, Xorvatiya va Makedoniya 1991 yilda, Bosniya esa 92 yilda ajralib chiqadi. Albatta, bunday o‘zgarishlar muammolarsiz kechmaydi. Ana shunday muammolarning eng dahshatlisi esa aynan Bosniyada yuz beradi. Bu paytda mazkur hududda millatlar va diniy mansublik boshqa ittifoqdosh mamlakatlarga qaraganda ancha rang-barang bo‘lib, mamlakat aholisining deyarli yarmini musulmonlar tashkil qilgan. Yevropadagi bir davlat aholisining bunday tarkib topishi, bu yerlarda o‘rta asrdagi Usmoniylar hukmronligi bilan bog‘liq. Shunday qilib, SSSRning ukasi bo‘lgan Yugoslaviyada o‘tgan asrning 90 yillarida shafqatsiz serblar tomonidan o‘ta ayanchli tarix yoziladi. Yugoslaviyaning asl egasi bo‘lgan serblar ittifoq tarkibidagi davlatlarning mustaqilligini hazm qila olmasligi, keyinchalik ularning qo‘li qonga, nomlari esa sharmandalikka bulg‘anishiga sabab bo‘ldi.
Bosniya mustaqillikka erishishi bilanoq BMTga qabul qilindi. Ammo bu paytda sobiq Yugoslaviyada faqatgina 2 davlat, butun ittifoqni boshqargan Serbiya va Montenegrolar qolgandi. O‘z boshqaruvi ostidagi yirik sotsial lagerning parchalanishidan darg‘azab bo‘lgan serblar endi bu jarayonga parchalash bilan javob qaytarishga kirishdi. Bosniya mustaqillik e’lon qilgach, bu davlat tarkibida yashayotgan serblar Serb Respublikasi tuzilganini ma’lum qiladi. Bunday ayirmachilik rasmiy Belgrad qo‘llovi ostida ro‘y beradi. Biroq bu ular tomonidan tuzilgan rejaning bir qismi edi, xolos. Separatistlar tomonidan tuzilgan ayirmachi davlat keyinchalik Bosniya ichidagi ayrim hududlarni ham o‘zlariniki deb e’lon qiladi va musulmonlarni u yerlardan quvg‘un qiladi. Shu onda Bosniyada ikki yirik kuch bir-biriga to‘qnash keladi. Bular, etnik ko‘pchilik bo‘lgan serblar va diniy ko‘pchilik bo‘lgan musulmonlar edi. Musulmonlar mustaqillik yo‘lidan qaytishni istashmasdi, ammo ayirmachi serblar va ular tomonidan tuzilgan Serb Respublikasi Bosniyani Serbiya tarkibiga qaytarishni maqsad qilgandi. Bunday istaklar qarama-qarshiligi ikki tomon o‘rtasida naqd 3 yil davom etgan ziddiyatli va ayovsiz qurolli to‘qnashuvlarga olib kelgan. Ayni paytda urush muqarrar edi va u o‘zini uzoq kuttirmadi. 1992 yilda ayirmachi Serb Respublikasi armiyasi ishga kirishadi va Bosniyani Serbiyaga qaytarishni mamlakat sharqidagi kichik Srebrenitsa shaharchasidan boshlaydi. Chunki bu shaharcha Serbiya bilan chegara yaqinida joylashgandi. Srebrenitsa shahri va uning atrofidagi hududlar Ratko Mladich boshchiligidagi armiyasi tomonidan egallanadi. Ammo 1992 yil may oyida Nosir Orich ismli qo‘mondon Srebrenitsa musulmonlarining joniga oro kiradi va hududni qaytarib oladi. Shunday bo‘lsa-da, millatchi serblarning to‘xtash niyati yo‘q edi. Ular ushbu voqealardan bir yil o‘tib yana mazkur hududga ko‘z olaytiradi. 1993 yil martida Srebrenitsa yana serb bosqini ostida qolib ketadi.
Bu safar masalaga shaxsan BMTning o‘zi aralashadi va shu yilning may oyida Xavfsizlik Kengashi Srebrenitsani qurollardan holi hudud deb e’lon qiladi. Srebrenitsa atrofidagi Potochari qishlog‘iga esa tinchlikparvar missiya yuboriladi. Ammo bu qo‘shtirnoq ichidagi tinchlikparvar kuchlar edi va ularni harbiylar ham deb bo‘lmasdi. Nima uchunligini esa keyinroq bilib olamiz. Xullas, mazkur masala yuzasidan BMT rezolyutsiyasi qabul qilinadi va u o‘z mazmuniga ko‘ra Srebrenitsada qurolli mojarolar sodir etmaslikni bildirardi. Ammo…
Srebrenitsa qirg‘ini
1995 yil mart oyida o‘zini-o‘zi avtonom deb e’lon qilgan Serb Respublikasi prezidenti Radovan Karadjich o‘z harbiy kuchlariga “Srebrenitsa aholisini omon qolish yoki hayotga umid qilmaslik darajasiga tushirish va chidab bo‘lmas to‘liq ishonchsizlik holatini yaratishga" ko‘rsatma berdi. Bu esa amalda shaharchadagi musulmonlarni ham ma’nan, ham jismonan yo‘q qilishni anglatardi. 1995 yilning may oyiga kelib bosniyalik serb askarlari tomonidan oziq-ovqat va boshqa materiallarga embargo joriy etildi. Bu esa shahardagi bosniyalik jangchilarning aksariyatini hududni tark etishga majbur qildi. Iyun oyining oxirida, hududda qolgan bir necha bosniyalik musulmon jangchilar bilan bir qancha to‘qnashuvlardan so‘ng, serb harbiy qo‘mondonligi qirg‘in bilan yakunlangan Krivaja 95 kodli operatsiyaga rasman buyruq berdi.
Hujum 1995 yil 6 iyulda boshlandi, serb kuchlari janubdan oldinga siljib, yo‘lda bosniyaliklarning uylarini yoqib yubordi. Betartiblik va terror sharoitida minglab tinch aholi Srebrenitsadan qochib, yaqin atrofdagi Potochari qishlog‘iga ketishdi, u yerda esa osmonga ogohlantiruvchi o‘q uzishdan nariga o‘ta olmaydigan bir necha yuzta golland tinchlikparvar kuchlari joylashgandi. Ushbu tinchlikparvar kuchlar musulmonlarni himoya qila olmadi, ularning aksari taslim bo‘ldi, qolganlari esa serb harbiylariga qarshi chiqmadi. Oradan 5 kun o‘tib, 11 iyul kuni Bosniya serblarining harbiy rahbari Ratko Mladich Srebrenitsa bo‘ylab sayr qildi va serb jurnalistiga qarab “Biz bu shaharni serb xalqiga beramiz... Musulmonlardan o‘ch olish vaqti keldi”, deya ta’kidlaydi.
11 iyulga o‘tar kechasi 10 000 dan ortiq bosniyalik musulmonlardan iborat kolonna xavfsizlikka erishish maqsadida Srebrenitsadan zich o‘rmon orqali yo‘lga chiqadi. Ertasi kuni ertalabdan boshlab, serb zobitlari odamlarni taslim bo‘lishga undash uchun xavfsizlik haqida yolg‘on va’dalar beradi. Xiyla qurboni bo‘lgan minglab musulmonlar taslim bo‘lgan holda asirga olinadi va keyinchalik vahshiylarcha qatl etiladi. O‘sha kuni mojaro avvalida Potocharidan qo‘nim topgan bosniyalik qolgan musulmonlar ham serb kuchlari tomonidan sodir etilgan terror, jumladan, qotillik va zo‘rlash tufayli jismonan yo‘q qilindi yoki hududdan quvib chiqarildi. Ba’zi qotilliklar 12 iyul kuni kechqurun sodir bo‘ldi, lekin asosan ko‘zlari bog‘langan bosniyalik musulmon erkaklarni qatl qilish joylariga ommaviy evakuatsiya qilish 13 iyul kuni kechqurun boshlandi. Bratunacdagi futbol maydoni, Vlasenitsa yaqinidagi bir nechta o‘tloqlar va dalalar, Kravitsadagi ombor, Karakaydagi zavod, Orahovacdagi maktab, Cyerska vodiysidagi tuproq yo‘l va Pilicadagi madaniyat markazi bosniyalik islom diniga e’tiqod qiluvchi erkaklar, yosh yigitlar va hatto bolalarning qoni va o‘limidan oldingi chinqiriqlariga guvoh bo‘lgan joylardir.
11 iyulda boshlangan qatllar kamida 16 iyulgacha davom etgan. O‘shanda Branjevo qishlog‘idagi sovxozda yuzlab odamlar otib tashlangan. Ushbu qatliom dunyodagi jamiyki xunrezliklarni o‘z ichiga olgan tarzda sodir etilgan. 3-5 kun ichida rasmiy manbalarga ko‘ra 8000 dan ortiq odam yo‘q qilinadi. Qurolsiz, qo‘l-oyog‘i bog‘langan va har tomonlama imkoniyati cheklangan qamaldagi 8000 dan ortiq begunoh musulmonlar. Vahshiylik shu darajada bo‘lganki, keyinchalik ma’lum bo‘lishicha, qirg‘in qurbonlarining ko‘pchiligi qo‘llari va oyoqlari bog‘langan va juda ko‘plab jasadlarda turli darajadagi tan jarohatlari belgilari ham bor bo‘lgan. Bu esa ular o‘ldirilishidan oldin, dahshatli qiynoqlarni ham boshidan o‘tkazganini anglatadi. Eng achinarlisi esa ko‘plab marhumlar, qatliom qurbonlarining qabrlari noma’lum bo‘lganligi va ularni yillar davomida ommaviy qabrlarni topish va tekshirish orqali aniqlanganligidir. Bu yerda insonni taajjubga soladigan yana bir jihat borki, taxminlarga ko‘ra shu kecha-kunduzga qadar Srebrenitsada qurbon bo‘lgan musulmonlarning hammasi ham topilmagan. Masalan, ilk ommaviy qabr 1996 yilda topilgan bo‘lsa, so‘nggisi shu yilning 11 iyulida bundan bir necha kun oldin aniqlandi. Ammo katta ehtimol bilan bu so‘nggi topilgan qabr emas.
Intiqom
Bu vahshiylikning jazosi berilishi va bunga javobgarlar qachonlardir begunoh musulmon erkaklar, ularning oilalari va butun dunyo oldida o‘z jazosini olishi kerak edi. Bu adolat biroz uzoqqa cho‘zilgan bo‘lsa-da, hechdan ko‘ra kech deganlaridek, baribir yuzaga chiqdi. Qatliom tashkilotchisi bo‘lgan Radovan Karajich 2016 yilda Xalqaro Tribunal tomonidan 40 yillik qamoq jazosiga hukm qilinadi. Ammo 2019 yilda bu hukm bekor qilinib, jazo umrbod qamoq bilan o‘zgartiriladi. Bu vahshiylikning asosiy ijrochisi Ratko Mladich esa juda uzoq davom etgan sud protsesslaridan so‘ng umrbod qamoq jazosiga hukm qilindi.
Bundan tashqari, 2010 yilgacha bo‘lgan davrda ham bir qancha urush jinoyatchilari ushbu keys bo‘yicha o‘z ulushini olishga ulgurgandi. Srebrenitsa musulmon aholisini ta’qib qilgani uchun Dragan Obrenovich 17 yil, qotillik, ta’qib va g‘ayriinsoniy harakatlar uchun Vidoje Blagojevich 15 yil, qirg‘in va insoniyatga qarshi jinoyatlarning yordamchisi sifatida Dragan Jokich 9 yil, genotsid va insoniyatga qarshi jinoyatlar uchun Vuyadin Popovich va Lyubisha Bearaga umrbod qamoq jazosi tayinlangan. Shuningdek, urush jinoyatchisi Drago Nikolich genotsid va insoniyatga qarshi jinoyatlar uchun 35 yillik qamoq jazosiga hukm qilindi. Xalqaro tashkilotlar bu yuzsizlikni genotsid deb tan oldi. Xususan, Buyuk Britaniya BMTga bosniyalik serblarning Srebrenitsadagi musulmonlarga qarshi qilgan jinoyatini genotsid sifatida e’lon qilish haqidagi rezolyutsiya kiritdi. Ha, bu genotsid uchun qayg‘urgan, o‘zi esa 2000 yillar boshida Iroqni ostin-ustun qilgan Britaniya edi. Ushbu rezolyutsiya ko‘pchilik ovoz bilan qabul qilindi. Shuningdek, BMT ushbu voqeadan oldin Srebrenitsani himoya qila olmagani uchun uzr so‘raydi. G‘arb davlatlari bu genotsidni Yugoslaviyaning bugungi merosxo‘ri bo‘lgan Serbiya hukumati tomonidan tan olinishiga serb elitasini majburladi. Vuchich va undan oldingi Serb rahbarlari esa buni tan olmagani sababli hatto Serbiya uchun Yevropa Ittifoqi eshiklari yopildi. Ammo bu nuqtada kollektiv G‘arbning harakatlarida qaysidir ma’noda shubha bordek go‘yo. Negaki, ba’zi siyosiy tahlillarga ko‘ra, Yevropa va Qo‘shma Shtatlar Yaqin Sharq va dunyoning turli burchaklaridagi siyosiy va harbiy jinoyatlarni xaspo‘shlash maqsadida o‘zlarini Srebrenitsa qalqoni sifatida ko‘rsatishga uringan. Bo‘lishi mumkin. G‘arb siyosatdonlari Yaqin Sharq va Shimoliy Afrikada qonga botgan qo‘llarini Srebrenitsada yuvishga uringan emas, deb aytolmaymiz. Negaki ular butun dunyo musulmonlari oldidagi shuvut yuzlarini bu ishi orqali ozgina bo‘lsa ham pardalashga erishdi. Ammo bu muhim emas. Asosiysi, Srebrenitsani qonga botirgan maxluqlar o‘z jazosini oldi. Umid qilamizki, 10000 ga yaqin musulmon erkaklarni o‘ldirganlar panjara ortida har kuni o‘lmoqda.
Aqli kirmagan dunyo va Yevropa
Mana 29 yildirki, Srebrenitsa va unga tutash hududlardan ommaviy qabrlar topilaveradi, topilaveradi. Qatliom qay darajada dahshatli va insoniylikdan butkul yiroq tarzda amalga oshirilganini, ushbu vahshiylik qurbonlarining aniq soni, ular ko‘mib tashlangan ommaviy qabrlarning miqdori va qayerda joylashgani kabi ma’lumotlar hali ham to‘liq ochiqlanmagan. Masalan, 2024 yilning 11 iyulida ya’ni bundan bir necha kun ilgari, Bosniyada qatliom yilligi munosabati bilan Srebrenitsa qurbonlarining 14 nafari jasadlari qayta dafn qilindi. Qayta dafn etilgan 14 qurbonning eng kichigi 17 yoshli bola, kattasi esa 68 yoshda edi. Ularning jasadi dastlab ommaviy qabrlardan qazib olingan. Ular Bosniya sharqidagi Srebrenitsa tashqarisidagi yodgorlik qabristoniga qo‘yildi. Ma’lumot o‘rnida shuni ta’kidlash joizki, o‘zi umuman olganda, qirg‘in qurbonlarining 6750 ga yaqini memorial qabristonga, yana bir qismi mahalliy qabristonlarga dafn etilgan.
Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Srebrenitsa shahrida sodir etilgan genotsidning 29 yilligi munosabati bilan yo‘llagan videomurojaatida G‘azodagi vahshiylik uchun aybdorlar, xuddi Srebrenitsadagi singari, sudga tortilishini aytdi.
Erdo‘g‘an o‘z hayotini Bosniya va Gersegovina ozodligiga bag‘ishlagan davlat arbobi Aliya Izetbegovichning so‘zlaridan iqtibos keltirdi:
“Nima qilsangiz ham, genotsidni unutmang. Chunki unutilgan genotsid yana takrorlanmoqda. Bugun G‘azo sektori va bosib olingan hududlardagi Falastin xalqi 29 yil avval Srebrenitsada sodir bo‘lgan vahshiyliklarga duchor bo‘lmoqda”, deydi Erdo‘g‘an.
Uning aytishicha, xalqaro institut va tashkilotlar bundan 29 yil avval bo‘lgani kabi 40 mingga yaqin begunoh inson, jumladan, 16 ming bola o‘ldirilganini shunchaki kuzatmoqda.
Ta’kidlash joizki, ushbu qora tarixdagi adolatni tiklash va bu xotiralarning himoyachisi bo‘lgan norasmiy tashkilot “Srebrenitsa onalar uyushmasi” ham tuzilgan. Bir necha kun oldin o‘tkazilgan xotirlash marosimida uyushma prezidenti Munira Subashich dunyoga murojaat qildi va siyosiy rahbarlarga quyidagi og‘riqli so‘zlarni yo‘lladi.
“Afsuski, men shu yerda turganimda Ukraina va Falastinda boshqa onalar farzandlarini yo‘qotmoqda”.
Subashich o‘z so‘zi oxirida alamli haqiqatni ham aytib o‘tdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, dunyoda sodir bo‘lgan va bo‘layotgan qatliomlardan dunyo va Yevropa hali ham hech narsa o‘rganmagan.
LiveBarchasi