Bosniya va Gersegovinada suv toshqinlari kuzatilmoqda. Qurbonlar bor (video)
Olam
−
05 Oktabr
3585Bosniya va Gersegovinaning janubi-g‘arbiy qismidagi Gersegovina-Neretva kantonida sodir bo‘lgan halokatli suv toshqini oqibatida 17 kishi halok bo‘ldi, yana 16 kishi bedarak yo‘qoldi. Bu haqda mamlakat Federal fuqarolik mudofaasi boshqarmasiga tayanib, “Reuters” xabar berdi.
Nashrning yozishicha, kecha, 4 oktyabr kuni kuchli yomg‘ir va ko‘chkilar Gersegovina-Neretva kantonida va Yablanitsa munitsipalitetida suv toshqinini keltirib chiqargan. Federal fuqarolik mudofaasi boshqarmasi 16 kishi halok bo‘lganini va yana ko‘plab odamlar bedarak yo‘qolganini ma’lum qildi.
“Bizda mavjud ma’lumotlarga ko‘ra, Yablanitsa va Konits shahri yaqinidagi Buturovich Pole qishlog‘ida jami 17 kishi halok bo‘ldi, yana 16 kishi bedarak yo‘qoldi”, dedi Bosniya va Gersegovina Federatsiyasi hukumati Bosh vaziri Nermin Nikshich.
Qayd etilishicha, mamlakat hukumati suv toshqinidan jabr ko‘rgan hududlarga vaziyatni baholash uchun armiya muhandislik bo‘linmasini va evakuatsiya qilish uchun Mudofaa vazirligining vertolyotini yo‘naltirgan, shuningdek, Yevropa Ittifoqi kuchlari tinchlikparvar missiyasidan yordam so‘ragan. Qo‘shni mamlakat – Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich yordam berishga tayyor ekanini bildirgan. Bosniya va Gersegovinaning Serb Respublikasi Prezidenti Milorad Dodik esa zarar ko‘rgan har bir munitsipalitetga 25 ming yevrodan ajratilishini ma’lum qilgan. Serbiya patriarxi Pavel ham jabr ko‘rgan oilalarga yordam uchun cherkov mablag‘laridan 100 ming yevro ajratishga ko‘rsatma bergan.
Kecha, 4 oktyabr kuni Bosniyaning saylov komissiyasi suv toshqinidan zarar ko‘rgan munitsipalitetlarda shu hafta oxirida o‘tkazilishi kerak bo‘lgan mahalliy saylovlarni kechiktirishga, lekin boshqa joylarda saylovlarni davom ettirishga qaror qilgan.
Mahalliy meteorologlar bunday keskin ob-havo iqlim o‘zgarishlari bilan bog‘liqligini ma’lum qilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Nepalda 2002 yildan beri rekord darajada yog‘gan yomg‘irdan so‘ng kuzatilgan suv toshqinlari oqibatida 170 kishi halok bo‘lgani, yana 42 kishi bedarak yo‘qolgani haqida xabar berilgan edi.
LiveBarchasi