Musulmonlar idorasi Umra yo‘lidagi firibgarliklardan ogohlantirdi

Jamiyat

image

Shu kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda umra to‘lovi bilan bog‘liq ayrim fuqarolarning firibgarliklari aks etgan chiqishlar turli muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. O‘zbekiston musulmonlari idorasi mazkur holat yuzasidan bayonot bilan chiqdi.

O‘MIning qayd etishicha, Umra safari Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 7 iyundagi 364-sonli “Haj” va “Umra” tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida amalga oshiriladi. 

“Ushbu qaror bilan tasdiqlangan “Haj” va “Umra” tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi NIZOMda: – to‘lovlar Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida maxsus hisobvaraqlar ochilgan bankning barcha hududiy filiallarida amalga oshiriladi, deb belgilab qo‘yilgan. Shu bois, “Haj” va “Umra” safarlari to‘lovlari faqat bank orqali amalga oshiriladi. Hech bir fuqaro yoki mansabdor shaxs muborak safarlarga oid mablag‘larni qabul qilish vakolatiga ega emas.

Afsuski, ayrim shaxslar mo‘min-musulmonlar ishonchini suiste’mol qilib, Umra amalini niyat qilgan hamyurtlarimizning pullarini aldov yo‘li bilan olib, o‘zining shaxsiy maqsadlari yo‘lida o‘zlashtirib yuborgani achchiq haqiqat va bundan barcha ogoh bo‘lishi lozim”, deyiladi idora bayonotida.

Ta’kidlanishicha, O‘zbekiston musulmonlari idorasi mahalliy hokimliklar tomonidan taqdim etilgan ziyoratchilarning tayyor ro‘yxati asosida Umra ibodatini amalga oshiradi. Ya’ni, ziyoratchilarga viza olish, ularni kuzatish va kutib olish, Saudiya Arabistonida ibodat va ziyoratlarini tashkil etish kabi vazifalar bilan shug‘ullanadi. Bungacha bo‘lgan jarayonlar, ya’ni Umra navbatini yuritish va fuqarolardan to‘lovlarni qabul qilish Diniy idora vakolatiga kirmaydi.

“Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilaridan biror chiqish qilishdan oldin mavzuni yaxshilab o‘rganishni, O‘zbekiston musulmonlari idorasi nomini uning vakolatiga kirmaydigan ishlar bilan bog‘lab tarmoqlarda tarqatib, tashkilot sha’ni, qadr-qimmati, ishchanlik obro‘siga putur yetkazadigan axborot tarqatishdan ehtiyot bo‘lishni so‘raymiz.

Aholi orasida asossiz ma’lumotlarni tarqatish Islom dini ta’limotiga ko‘ra, gunoh, qonunchilikda esa javobgarlikka omil ekanini yana bir bor eslatib o‘tamiz”, deya yakunlangan rasmiy bayonot.

Ma’lumot o‘rnida, Umra ziyoratchilari uchun O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslar har kuni Saudiya Arabistoniga amalga oshirilmoqda. Yil yakuniga qadar kuzgi mavsum doirasida 30 ming nafarga yaqin fuqaro muborak ibodatni amalga oshirishi rejalashtirilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Umra Musulmonlar idorasi Makka

Baholaganlar

149

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing