Murodjon Azimov Muborak tumani hokimiga hayfsan berdi
Jamiyat
−
14 fevral 2022
6530Qashqadaryo viloyati hokimi Murodjon Azimov Muborak tumani hokimiga hayfsan berdi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot kotibi xabar berdi.
Bugun, 14 fevral kuni viloyat hokimi rahbarligida o‘tgan yig‘ilishda Muborak tumani hokimi Akrom Aripovga faoliyatidagi kamchiliklar, tadbirkorlar va fuqarolar murojaatlariga e’tiborsiz qaragani uchun “hayfsan” berilgan.
Shuningdek, majlisda viloyat hokimi Murodjon Azimov sektor rahbarlarini viloyat markaziga chaqirish kamaytirilishi kerakligini ta’kidlagan.
“Sektor rahbarlarini Qarshi shahriga chaqirish meni ruxsatim bilan amalga oshiriladi endi. Yig‘ilishni kamaytirib, umumiy topshiriqlarni Zoom orqali qisqa tushuntirsa, rahbarlarning ko‘p vaqti yo‘lda o‘tmaydi”, degan viloyat hokimi.
Ma’lumot uchun Akrom Oripov Muborak tumaniga 2021 yil iyun oyida hokim etib tayinlangan edi, ungacha Qarshi tumani hokimi o‘rinbosari sifatida faoliyat yuritgan.
Avvalroq, Muborak tumani IIB boshlig‘i pora olayotganda qo‘lga tushgan Mirishkor tumani hokimi o‘rinbosari bilan sherik ekani gumonlanib, hibsga olingandi.