“Munosabatlar uzilish arafasida”. Moskva AQSH elchisiga norozilik notasini topshirdi
Olam
−
21 mart 2022
16002Rossiya Tashqi ishlar vazirligi bugun, 21 mart kuni AQSHning Moskvadagi elchisi Jon Sallivanni chaqirtirdi. Unga ogohlantirish (demarsh) berilgan va AQSH Prezidenti Jo Baydenning yaqinda Rossiya Prezidenti Vladimir Putinga nisbatan qabul qilib bo‘lmaydigan so‘zlari uchun norozilik notasi topshirilgan. Bu haqda Rossiya Tashqi idorasi Matbuot xizmati xabar bermoqda.
“21 mart kuni Rossiya Federatsiyasi Tashqi ishlar vazirligiga chaqirilgan AQSH elchisi Jon Sallivan demarsh qilindi va Oq uy rahbari Jo Baydenning yaqinda Rossiya Prezidentiga nisbatan qilgan nomaqbul bayonotlari munosabati bilan norozilik notasi topshirildi”, deyiladi vazirlik bayonotida.
Qayd etilishicha, elchi bilan uchrashuvda Amerika Prezidentining bunday yuqori martabali davlat arbobiga noloyiq bayonotlari Rossiya-Amerika munosabatlarini buzish yoqasiga qo‘ygani ta’kidlangan.
“Ular Rossiyaga qarshi qilingan dushmanona harakatlariga qat’iy javob olishi haqida ogohlantirildi", deb yozadi TIV.
Bundan tashqari, Rossiya TIVda ta’kidlanganidek, dolzarb ikki tomonlama masalalarni muhokama qilish chog‘ida elchi “Rossiyaning AQSHdagi diplomatik vakolatxonalari uchun normal ish sharoitlarini ta’minlash, jumladan, ularning uzluksiz ishlashi kafolatlari masalasini keskin qo‘ygan”.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 16 mart kuni Prezident Jo Bayden jurnalistlar bilan suhbatda Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putinni “harbiy jinoyatchi” deb bilishini aytgan.
Bundan tashqari, Bayden, 17 mart kuni Putinni qotil, diktator degan ta’riflar bilan ham siylagan. Jumladan u Irlandiya Bosh vaziri Mishol Martin bilan uchrashuvda shunday degan:
“Putinning shafqatsizligi, uning va qo‘shinlarining Ukrainada qilayotgan ishlari shunchaki g‘ayriinsoniydir.
Hozir sizda Buyuk Britaniya va boshqa jamoatchilik bilan birgalikda qotil diktatorga, Ukraina xalqiga qarshi axloqsiz urush olib borayotgan sof banditga qarshi turayotgan Irlandiya bor”.
LiveBarchasi