Mulkidan ayrildi, navbat erkigami? Yunusobodda do‘konlari “snos”ga tushgan tadbirkor qamab qo‘yildi
Jamiyat
−
31 yanvar 2022
16989Toshkentning Yunusobod tumanidagi do‘konlari “snos”ga tushgan tadbirkor qamoqqa olindi. Bu haqda tadbirkorning oila a’zolari QALAMPIR.UZ’ga ma’lum qildi.
Ularning aytishicha, Ashraf Nadjmiddinov joriy yilning 29 yanvar kuni guvoh tariqasida Yunusobod tuman prokuraturasiga chaqirilgan. Tadbirkor prokuraturaga advokati bilan birga borgan. Oradan bir necha soat vaqt o‘tib, Nadjmiddinov Jinoyat kodeksining 228-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) bilan gumonlanuvchi tariqasida olib qolingan.
QALAMPIR.UZ holat yuzasidan izoh olish uchun Toshkent shahar prokuraturasi Matbuot xizmati bilan bog‘landi.
“Joriy yilning 29 yanvar kuni A. Nadjmiddinov JKning 228-moddasi (Hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) 2-qismi “b” bandi, 228-moddasi 3-qismi va 229-moddasi (o‘zboshimchalik) 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etgandikda gumon qilinib, Jinoyat-protsessual kodeksining 221-moddasi (ushlab turish asoslari) tartibida ushlangan. Jinoyat ishlar bo‘yicha Yunusobod tuman sudining 31 yanvardagi ajrimiga muvofiq gumon qilinuvchi A. Nadjmiddinovga nisbatan “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan”, deydi Toshkent shahar prokuraturasi Matbuot xizmati.
Yunusoboddagi “snos” ishi
2018 yilning 24 avgust kuni Yunusobod tumani hokimi Baxtiyor Abdusamatov tumanning Moyqo‘rg‘on ko‘chasi 6-uy oldida Toshkent shahar Arxitektura va qurilish bosh boshqarmasi tomonidan tasdiqlangan namunaviy loyiha asosida 0,20 gektarli (chegara rejasiga asosan) “ASIA GAMMA LINE” MCHJga bolalar bog‘i tashkil qilish va uning tarkibida yengil turdagi oynavand ko‘rinishdagi savdo do‘koni, umumiy ovqatlanish shoxobchasi va xizmat ko‘rsatish maskanlarini o‘rnatishga ruxsat berish haqidagi qarorni imzolagani, tadbirkorlar esa shu qaror asosida qurilish ishlarini olib borgani, savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchalari allaqachon ish boshlab, oradan vaqt o‘tgach, joriy yilning 25 yanvar kuni inshootlarni buzishga kirishilgani, “snos” jarayonida prokuratura, hokimlik vakillari tomonidan hech qanday ogohlantirish xati yoki sud qarori taqdim etilmagan.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherboyev masalaga munosabat bildirib, qonunchilikka ko‘ra, noqonuniy bino va inshootlar qanday tartib buzilishi kerakligini tushuntirgandi hamda Bosh prokuratura va Ichki ishlar vazirligidan “snos”ga bosh-qosh bo‘lgan xodimlariga nisbatan chora ko‘rishni talab qilgandi.
Yunusobod tumani 6-mavzeda bo‘lgan "snos"dan aziyat chekkan tadbirkorlar faryodi va hokimlik vakilining izohini QALAMPIR.UZ’ning YouTube kanali, shuningdek ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida tomosha qilishingiz mumkin
LiveBarchasi