Yunusoboddagi “snos”da bosh-qosh bo‘lganlarga chora ko‘rilishi kerak – Kusherbayev BP va IIVga murojaat qildi
Jamiyat
−
28 yanvar 2022
12371Avvalroq, QALAMPIR.UZ’da “Yunusobodning yangi hokimi ishni “snos”dan boshladi...mi?” nomli jurnalistik surishtiruv e’lon qilingandi. Mazkur jurnalistik surishtiruv yuzasidan Oliy Majlis Qonunchilik patalasi deputati Rasul Kusherboyev ham munosabat bildirib, Bosh prokuratura va Ichki ishlar vazirligi tadbirkorlarning mulkini hech qanday hujjatsiz buzish ishlariga bosh-qosh bo‘layotgan xodimlarning noqonuniy xatti-harakatlariga baho berib, qonuniy chora ko‘rishga chaqirdi.
Gap shundaki, maqola va videoda 2018 yilning 24 avgust kuni Yunusobod tumani hokimi Baxtiyor Abdusamatov tumanning Moyqo‘rg‘on ko‘chasi 6-uy oldida Toshkent shahar Arxitektura va qurilish bosh boshqarmasi tomonidan tasdiqlangan namunaviy loyiha asosida 0,20 gektarli (chegara rejasiga asosan) “ASIA GAMMA LINE” MCHJga bolalar bog‘i tashkil qilish va uning tarkibida yengil turdagi oynavand ko‘rinishdagi savdo do‘koni, umumiy ovqatlanish shoxobchasi va xizmat ko‘rsatish maskanlarini o‘rnatishga ruxsat berish haqidagi qarorni imzolagani, tadbirkorlar esa shu qaror asosida qurilish ishlarini olib borgani, savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchalari allaqachon ish boshlab, oradan vaqt o‘tgach, joriy yilning 25 yanvar kuni inshootlarni buzishga kirishilgani, “snos” jarayonida prokuratura, hokimlik vakillari tomonidan hech qanday ogohlantirish xati yoki sud qarori taqdim etilmagani yozilgan edi.
Deputat Kusherboyev holatni joyiga chiqib o‘rgandi. U shunday munosabat bildirgan:
“Yunusobod tumanida fuqarolar tomonidan tadbirkorlik faoliyati uchun qurilgan qurilmalarni buzish ishlari noqonuniy amalga oshrilgan. Xususan, Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 5 iyuldagi 467-son qarori bilan tasdiqlangan nizomga ko‘ra, o‘zboshimchalik bilan qurilgan imoratlarni aniqlash hamda ularni buzib tashlashni tashkil etish sohasidagi vakolatli davlat organlariga hokimiyat, kadastr, arxitektura, ekologiya va madaniy meros departamenti kiradi.
Bu yerda prokuraturaga ham, ichki ishlar organlariga ham o‘zboshimcha qurilmani buzdirish vakolati berilmagan.
Shuningdek, o‘zboshimcha qurilma aniqlangan taqdirda nizomga ko‘ra, qurilmani o‘n besh kunlik muddatda ixtiyoriy buzib tashlash to‘g‘risida dalolatnoma tuzilib, qurilma egasi ogohlantirilishi shart.
Agar ushbu muddatda fuqaro bu qurilmaga nisbatan mulk huquqini e’tirof etish to‘g‘risida sudga da’vo bersa, da’vo berilgan kundan boshlab sudning yakuniy qarori qabul qilinishiga qadar ushbu imoratni buzish to‘xtatib turiladi.
O‘zboshimcha qurilmani buzib tashlash uchun belgilangan muddat tugaganidan so‘ng, vakolatli organ ikki ish kunida bu to‘g‘risida tuman (shahar) hokimligi huzuridagi Yer uchastkalarini berish masalalarini ko‘rib chiquvchi komissiyaga xabarnoma kiritadi.
Komissiya uch ish kuni mobaynida tartibga asosan, o‘zboshimcha qurilmani buzib tashlash to‘g‘risidagi tuman (shahar) hokimining da’vo arizasini sudga kiritadi.
Toki sudning yakuniy qarori chiqmagunga qadar hech bir organ yoki shaxs fuqarolarning qurilmalarini o‘zboshimcha deb, shikast yetkazishi, buzishi va bosim o‘tkazishi mumkin emas!
Yunusobod tumanida sodir bo‘lgan holatda prokuratura va ichki ishlar organlari mas’ul xodimlari mansab vakolatidan chetga chiqib, fuqarolarning huquqlari qo‘pol darajada buzilishiga yo‘l qo‘yishgan. Bu jinoiy javobgarlika sabab bo‘lishi mumkin.
Shu munosabat bilan, Bosh prokuratura va Ichki ishlar vazirligi o‘z tizimining quyi bo‘g‘inida sodir etilayotgan ushbu qonunbuzilishi holatiga huquqiy baho berib, qonuniy choralar ko‘rishi shart, deb hisoblaymiz”, deydi Kusherboyev.
Deputat o‘z munosabati so‘ngida O‘zbekiston "Hukumat sud qarorisiz va adolatli tovon pulisiz mulkni musodara qilmaslik" reytingida 139 ta davlat ichida 138-o‘rinda turishini eslatib o‘tgan.
Shuni alohida ta’kidlash o‘rinliki, Yunusobodda tadbirkorlar faoliyatiga bu tarzda to‘sqinlik qilish va bir necha sonida yillar davomidagi mehnati evaziga qurgan binosining kunini ko‘kka sovurish birinchi marta uchrayotgani yo‘q. 2021 yilning sentyabr oyida sodir bo‘lgan holat, uning ortidan o‘ziga berilgan hayfsandan xulosa qilmagan, hayotiy dars olmagan prokuratura xodimi Umid Azizov galdagi “snos”da ham bosh-qosh va bu safar ham tadbirkorlarga buzish haqida hech qanday rasmiy hujjatni taqdim etmagan. Atrofni o‘rab olgan huquq-tartibot organi – ichki ishlar xodimlari ham tadbirkorlarning huquqlari toptalayotgan joyda ularni himoya qilmay, aksincha, topshiriqqa ko‘ra, kuch ishlatib, qarshi chiqqanlarni mashinaga solib, idoraga olib ketgan. Qizig‘i shundaki, sentyabrda ro‘y bergan voqeada Umid Azizov qatorida ichki ishlar xodimlari ham bo‘lgan va ularga nisbatan xizmat tekshiruvi tayinlangandi. Oradan 4 oydan ortiq muddat o‘tdi hamki, tekshiruv natijalari e’lon qilingani yo‘q.
Yunusobod tumani 6-mavzeda bo‘lgan "snos"dan aziyat chekkan tadbirkorlar faryodi va hokimlik vakilining izohini QALAMPIR.UZ’ning YouTube kanali, shuningdek ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida tomosha qilishingiz mumkin.
LiveBarchasi