Mulkdor buzilgan va berilgan uy-joy narxi o‘rtasidagi farqni to‘lamaydigan bo‘ldi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunni imzoladi.

Qonun bilan “O‘zbekiston Respublikasining referendumi to‘g‘risida”, “O‘zbekiston Respublikasining Davlat gerbi to‘g‘risida”gi qonunlariga, JKning 227-moddasi 2-qismi “a” bandiga, JPKning 429-moddasi 2-qismiga hamda boshqa ayrim qonun hujjatlariga kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalarga ko‘ra, endilikda, pasportlar bilan birga ID-kartalar ham qabul qilinadi.

Shuningdek, Oila kodeksiga doimiy yashab turgan joyi bo‘yicha o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. O‘zgartirishlarga ko‘ra, “yashab turgan joydagi” degan so‘zlar o‘rniga “doimiy yashash yoki vaqtincha turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tgan joydagi” degan so‘zlar qo‘llaniladi. Bundan tashqari, quyidagilar o‘zgartirildi:

225-moddaga ko‘ra, endi o‘limni qayd etish uchun FHDYO organiga marhumning shaxsini tasdiqlovchi hujjatlar taqdim etilishi talab qilinmaydi;

228-moddaning 4-qismiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi hududidan tashqarida tuzilgan fuqarolik holati dalolatnomalari yozuvlariga tuzatishlar kiritish haqidagi arizalarni ko‘rib chiqish ariza beruvchining arizasida ko‘rsatilgan joydagi fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organi tomonidan amalga oshiriladi. Oldingi tahririda, yuqorida ko‘rsatilgan dalolatnomalar ariza beruvchining yashash joyidagi FHDYO organida ko‘rib chiqilar edi.

Uy-joy kodeksining 27-moddasiga ham o‘zgartirishlar kiritildi. Endilikda, berilayotgan uy-joyning yoki yer uchastkasiga bo‘lgan huquqning bozor qiymati va buzilayotgan uyning (kvartiraning) yoki yer uchastkasiga bo‘lgan huquqning bozor qiymati o‘rtasidagi farq mulkdor tomonidan qaytarilishi talab etilmaydi. Ilgari, bu farq uy-joy berilgan yoki yer uchastkasiga bo‘lgan huquq berilgan paytdan e’tiboran besh yil ichida mulkdor tomonidan kompensatsiya qilinishi lozim edi.

Soliq kodeksining 126-moddasiga qo‘shimchalar kiritildi. Ularga ko‘ra, jismoniy shaxslarni soliq organlarida soliq to‘lovchi sifatida hisobga qo‘yish ularga vakolatli organ tomonidan identifikatsiyalovchi ID-kartalarni yoki jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqamini berish bilan bir vaqtda amalga oshiriladi. Bunda soliq to‘lovchi hisobga qo‘yilganligini tasdiqlovchi alohida hujjat berilmaydi.

O‘zbekiston Respublikasining yuridik shaxsini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish chog‘ida u bir vaqtning o‘zida soliq organlarida va davlat statistika organlarida hisobga qo‘yilgan holda berilgan davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganlik to‘g‘risidagi guvohnoma soliq to‘lovchining hisobga qo‘yilganligini tasdiqlovchi hujjatdir.

Chet davlatlarning qonunchiligiga muvofiq tashkil etilgan chet el yuridik shaxslariga (shu jumladan kompaniyalar va boshqa korporativ tuzilmalarga) berilgan soliq to‘lovchining identifikatsiya raqami to‘g‘risidagi guvohnoma soliq to‘lovchining ro‘yxatdan o‘tkazilganligini tasdiqlovchi hujjatdir.

“Davlat boji to‘g‘risida”gi qonunga o‘zgartirishlar kiritildi va ularga ko‘ra, endilikda O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari davlat bojini to‘lashdan quyidagi hollarda ozod qilinadi:

O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining xorijga chiqish uchun biometrik pasportini:

•    voyaga yetmagan shaxsga, shuningdek unga hamrohlik qiluvchi shaxsga xorijiy davlatda ixtisoslashgan tibbiy yordam ko‘rsatilganda yoki jarrohlik amaliyoti o‘tkazilganda;

•    voyaga yetmagan shaxs ilm-fan, ta’lim, sport yoki madaniyat sohalaridan biridagi xalqaro tadbirda yoki musobaqada ishtirok etganda;

•    ijtimoiy himoya yagona reyestriga kiritilgan shaxsga, shuningdek unga hamrohlik qiluvchi shaxsga xorijiy davlatda ixtisoslashgan tibbiy yordam ko‘rsatilganda yoki jarrohlik amaliyoti o‘tkazilganda berganlik uchun;

•    yetim bolaga yoki ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolaga identifikatsiyalovchi ID-kartasini berganlik uchun.

Shuningdek boshqa o‘zgartirish va qo‘shimchalar ham kiritilgan.


Maqola muallifi

Teglar

qonun uy-joy

Baholaganlar

133

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing