Mudhish jinoyat. Bir oilaning 3 a’zosi vahshiyona qotillik sabab uzoq muddatga qamaldi

Jamiyat

image

Jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona viloyat sudida 2018 yil avgust oyida bitta oilaning to‘rt nafar a’zosi birgalikda sodir etgan o‘ta og‘ir jinoyat bo‘yicha aybdorlarga hukm o‘qildi.

Gap shundaki, Oltiariq tumanida yashovchi Soipovlar oilasi – oila boshlig‘i Tursunmurod Soipov, xotini Hanifa Soipova hamda o‘g‘illari Abbosxon, Dilmurod va voyaga yetmagan Ozodbek Soipovlar (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) bir kishining umriga zomin bo‘lib, ikkinchi bir shaxsni o‘ldirishga qasd qilishgan.

Kirakashlik bilan shug‘ullanuvchi Tursunmurod Soipov zo‘ravonlik bilan navbatsiz mijoz olishni odat qilib olgan. 2018 yil 17 avgustida uning bu odatiga bir yo‘nalishda qatnovchi Doniyor Amanov va Nuriddin Bo‘ronov jim turmay, e’tiroz bildirgan.

E’tirozdan Tursunmurodning jahli chiqib, xotini Hanifa hamda o‘g‘illari Abbosxon va Ozodbekni chaqirgan. Ular birgalikda pichoq va toshlar bilan qurollanib, Doniyor Amanov va Nuriddin Bo‘ronovni kaltaklagan. Voqeani videotasvirga olgan Z. Hayitqulovga biroz jarohat yetkazishgan.

Shundan so‘ng mazkur holat yuzasidan dastlabki surishtiruv harakatlari boshlandi. Mazkur surishtiruv doirasida 2018 yil 20 avgust kuni Hanifa Soipova va Nuriddin Bo‘ronov profilaktika inspektorining xizmat xonasiga chaqirtirilgan.

O‘sha yerda Hanifa yana janjallashib, Nuriddinni uyatli so‘zlar bilan haqoratladi. Bunga chidolmagan N. Bo‘ronov esa, H. Soipovaning yuziga urib, tan jarohati yetkazgan.

Buni qarangki, Tursunmurod va uning oilasi yuqoridagi ikkala janjaldan tegishli xulosa chiqarish o‘rniga badtar alamzada bo‘lib, Nuriddin va Doniyorning “popugini pasaytirib” qo‘yishni rejalashtirdi.

2018 yil 5 sentyabr soat 18:00 atrofida Tursunmurod shohbekatda har doimgidek navbatsiz yo‘lovchi ola boshladi. Shunda Nuriddin yana uning harakatlariga e’tiroz bildirdi va ular tortishib qolgan.

Lekin T. Soipov baribir navbatsiz yo‘lovchi olib, yo‘lga tushgan. Yo‘lda keta turib u o‘g‘illari Abbosxon, Dilmurod va Ozodbekka shohbekatga kelib turishlarini tayinlagan. Bir soatdan keyin esa o‘zi ham qaytib kelgan.

Bungacha voqea jiddiy tus olayotganini sezgan D. Amanov ham Nuriddinning ukasi Umidjon Bo‘ronovni yordamga chaqirib qo‘ygandi.

Shuning uchun ota-bolalar avval unga hujum qilishdi. Ota o‘g‘liga Umidjonni o‘ldirishni buyurgan.

Otasining shu qabih ko‘rsatmasiga asosan Dilmurod U. Bo‘ronovning chap biqini, yelka va bo‘yin sohalariga ketma-ket pichoq sanchgan.

So‘ngra Abbosxon ukasi Dilmurodning qo‘lidan pichoqni olib, Nuriddinning o‘ng ko‘kragiga urgan. 

Butkul quturib ketgan Soipovlar Doniyor Amanovni ham obdan do‘pposlagan.

Voqea tuman ichki ishlar bo‘limi binosi hamda tuman markaziy shifoxonasi yaqinida yuz bergani uchun oradan ko‘p vaqt o‘tmay ichki ishlar xodimlari va “Tez yordam” yetib kelgan. Buni ko‘rib ota-bolalar qochib ketgan.

Dilmurod Soipov qochib borayotib, taxminan 800 metr narida turgan “Tiko” avtomashinasi haydovchisi D. Zokirovga zo‘rlik ishlatib, uni mashinadan tushirgan. So‘ng avtomashinani olib qochib, o‘zining yashash xonadoni yaqiniga tashlab ketgan.

Eng achinarlisi, ko‘rsatilgan tibbiy muolajalarga qaramay, U. Bo‘ronov kasalxonada vafot etgan. Shifokorlar Nuriddinning hayotini saqlab qolishga muvaffaq bo‘lgan.

Tursunmurod, xotini va o‘ziga o‘xshagan noqobil, berahm o‘g‘illariga nisbatan Jinoyat kodeksining bir qator moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona viloyat sudi ularni qonuniy jazoga mahkum etgan. Xususan, nobakor ota, Abbosxon va Dilmurod uzoq muddatga ozodlikdan mahrum etilgan. Hanifa va voyaga yetmagan Ozodbekka ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan. Ammo sud jarayonida ham qilmishlariga iqror bo‘lmagan aybdorlar viloyat sudiga apellyatsiya shikoyati berishgan. Apellyatsiya sudlov hay’ati ishdagi barcha holatlarni atroflicha o‘rganib chiqqan.

Pirovardida sud hukmi Oliy sud Plenumining 2006 yil 3 fevraldagi “Sudlar tomonidan jinoyat uchun jazo tayinlash amaliyoti to‘g‘risida”gi qarori talablari doirasida chiqarilgan, deb topilgan. Binobarin, apellyatsiya shikoyati qanoatlantirilmasdan, sud hukmi o‘zgarishsiz qoldirilgan.

Ma’lumot uchun, Soipovlar oilasi boshlig‘i Tursunmurod muqaddam 1994, 2008, 2010, 2012, 2013, 2014 va 2016 yillarda Jinoyat kodeksining bir qator moddalari bo‘yicha qasddan badanga yengil shikast yetkazish, muhofaza etiladigan tabiiy hududlarning rejimini buzish, ko‘p miqdorda giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlamay, qonunga xilof ravishda tayyorlash, egallash, saqlash, shuningdek, bezorilik bilan bog‘liq jinoyatlarni sodir etgan.

Uning xotini Hanifa takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan ko‘p miqdorda tovlamachilik jinoyatini sodir etishda ayblangan va sudlangan. Ota-ona jinoyatchilarning o‘g‘li Dilmurod esa, 2014 va 2015 yillarda qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish, belgilangan tartibni buzib, chet elga chiqish yoki O‘zbekiston Respublikasiga kirish yoxud chegaradan o‘tish bilan bog‘liq jinoyatlarni sodir etgani uchun sudlangan.

Rahmatjon ARAPOV,
Tojiddin VAHOBOV,
jinoyat ishlari bo‘yicha 
Farg‘ona viloyati sudining sudyalari


Maqola muallifi

Teglar

qotillik Farg'ona

Baholaganlar

122

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing