Muborak GQIZ 11 mlrd so‘mlik kompensatsiyani rad etdi
Jamiyat
−
13 may 1673 2 daqiqa
Avvalroq, Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi Muborak gazni qayta ishlash zavodidagi aniqlangan noqonuniy holatlar oqibatida korxonaga salkam 11 milliard so‘mlik kompensatsiya va 7 banddan iborat majburiy ko‘rsatmalar berilgani haqida xabar qilgan edi. Vaziyat yuzasidan korxona raddiya bildirib, aniqlangan noqonuniy holatlarni rad etdi.
Unga ko‘ra, “O‘zbekneftgaz” AJ Muborak gazni qayta ishlash zavodida joriy yilning 12–19 mart kunlari Muborak tumanida yashovchi fuqaro Sh. Egamberdiyevning murojaati asosida Ekologiya va iqlim o‘zgarishi vazirligi mas’ul shaxslari tomonidan tekshiruv o‘tkazilgan. Mazkur jarayonda amaldagi qonunchilik talablari buzilgan holda ish olib borilib, yakunda asossiz ravishda 10 mlrd 800 mln so‘m kompensatsiya to‘lovi undirish to‘g‘risida dalolatnoma imzolangan. Ta’kidlanishicha, mazkur dalolatnoma zavod rahbariyati ishtirokisiz, tekshiruvchilar tomonidan bir tomonlama rasmiylashtirilgan.
“Mazkur tekshirish va rasmiylashtirilgan dalolatnoma yuzasidan Muborak gazni qayta ishlash zavodi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil (Biznes-ombudsman) devoniga belgilangan tartibda shikoyat kiritilgan”, deyiladi raddiyada.
Bildirilishicha, vakil devoni tomonidan shikoyat atroflicha o‘rganib chiqilib, tekshiruv davomida Ekologiya qo‘mitasi mansabdor shaxslari amaldagi qonunchilik talablarini buzganligi aniqlangan. Ularga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 241-2-moddasiga (tadbirkorlik sub’ektlarining faoliyatini tekshirish va moliya-xo‘jalik faoliyatini taftish qilish tartibini buzish) asosan ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risida bayonnoma rasmiylashtirilgan. To‘plangan hujjatlar tegishli chora ko‘rish uchun jinoyat ishlari bo‘yicha Muborak tuman sudiga yuborilgan.
“Shuningdek, hozirgi kunda ushbu nizoli vaziyat Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudida ko‘rib chiqilmoqda”, deb qo‘shimcha qilingan.
Shu bilan birga, sud jarayonlari yakuniga yetmasdan turib to‘liq asoslanmagan (aslida, axborot rasmiy hukumat portalida e’lon qilingan ma’lumotni keng jamoatchilikka tarqatish va tadbirkorlik sub’ektini “aybdor” sifatida ko‘rsatish “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida”gi qonun talablariga ko‘ra tadbirkorning ishchanlik obro‘siga zarar yetkazish deb baholanishi ta’kidlangan.
Oybek Rustamov
Live
Barchasi