“Muammolar juda ko‘p”. “O‘zbekfilm” qarzga botgani ma’lum bo‘ldi
Madaniyat-san’at
−
13:34 2186 3 daqiqa
“O‘zbekfilm”ning 22,9 million yevro miqdorida kredit majburiyati va 1 milliard so‘mdan ortiq soliqdan qarzi borligi ma’lum bo‘ldi. Bu haqda Madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari – Kinematografiya agentligi direktori Jahongir Ahmedov ma’lum qildi.
“Muammolar ko‘p. Juda ko‘p. Lekin bugun ularning hammasini birma-bir sanab o‘tirishni lozim topmadim. Chunki hozir hal qilinishi kerak bo‘lgan eng muhim masala – “O‘zbekfilm”ni asrash va uni garovdan xalos qilish. Bugun “O‘zbekfilm”ning 22,9 million yevro miqdorida kredit majburiyati borligini bilarmidingiz? Studiyaning mol-mulki, jumladan, yer maydonlari ham ushbu kredit uchun garovga qo‘yilgan. Bu hali hammasi emas”, deydi Jahongir Ahmedov.
Uning bildirishicha, soliqlardan qariyb 1 milliard so‘mdan ortiq qarzdorlik to‘plangani sababli kinostudiya balansidagi 12 ta avtomashina 12 kun ichida auksionga qo‘yilishi xavfi bor. Xodimlarning ish haqlari bo‘yicha ham yirik qarzdorliklar shakllangan. Kinostudiya bir yilda kamida 60 milliard so‘mlik buyurtma bajarmasa, o‘zini saqlab turolmaydi. Ya’ni u amalda davlat buyurtmasiga qaram bo‘lib qolgan. Biznes modeli yo‘q. Bozor mexanizmiga to‘liq o‘tilmagan.
“Bu – oddiy raqamlar emas. Bu raqamlar ortida asrlik o‘zbek kinosi tarixi, uning obro‘si va taqdiri turibdi. “O‘zbekfilm”da ne-ne buyuk rejissyorlar, aktyorlar, operatorlar, rassomlar va kino mutaxassislari o‘z yo‘lini boshlagan. Xalqimiz bugun ham sevib tomosha qiladigan ko‘plab filmlar shu yerda yaratilgan. Shuning uchun bugungi vazifa – studiyani shunchaki saqlab qolish emas. Uni tubdan isloh qilish kerak”, deydi Kinematografiya agentligi direktori.
Uning bildirishicha. moliyaviy jihatdan barqaror, zamonaviy boshqaruvga ega, kuchli ijodiy jamoalarni birlashtiradigan, xususiy investitsiya va xalqaro hamkorlikni jalb qiladigan, o‘z mahsuloti bilan bozorga chiqadigan haqiqiy milliy kino kompaniyasi barpo etish kerak.
“Hurmatli Prezidentimiz “O‘zbekfilm”ga “Milliy” maqomini berdilar. Menimcha, bu shunchaki maqom emas. Bu — yuksak ishonch. Bu — ulkan mas’uliyat. Shu ishonchni oqlashimiz kerak. “O‘zbekfilm” – oddiy kinostudiya emas. U – o‘zbek kinosi tarixi. Va endi u o‘zbek kinosi kelajagining ham tayanchi bo‘lishi kerak”, deydi Ahmedov.
Ma’lumot uchun, “O‘zbekfilm” – eng birinchi tashkil qilingan va eng katta badiiy filmlar ishlab chiqaruvchi o‘zbek kinostudiyasi. Studiyaga 1925 yil asos solingan. Uning ilk nomi “Sharq yulduzi” bo‘lgan. 1936 yil “O‘zbekfilm” deb nomlangan. Ikkinchi jahon urushi yillarida studiya “Toshkent Kino Studiyasi” deb ham nomlangan. 1958 yil nomi yana qaytadan “O‘zbekfilm” deb o‘zgartirilgan. Kino studiya shu kungacha 400 dan ortiq to‘la metrajli va 100 dan oshiq multiplikatsiya qilingan film chiqargan. “O‘zbekfilm” kinostudiyasi ishlab chiqargan mashhur filmlar qatoriga “Maftuningman” (1958) va “Mahallada duv-duv gap” (1960) filmlarini kiritish mumkin.
Live
Barchasi