MSK raisi o‘rinbosari ishdan ketdi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi raisi o‘rinbosari Gulnoza Rahimova lavozimini tark etdi. U o‘z xohishiga ko‘ra ishdan ketish haqida ariza yozgan. Bu haqda kecha, 23 iyul kuni Komissiya raisi Mirzo Ulug‘bek Abdusalomov boshchiligida o‘tgan yig‘ilishda ma’lum qilingan.

Yig‘ilishda Gulnoza Rahimovani lavozimidan ozod etish va O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlab kelgan, Markaziy saylov komissiyasi a’zosi Mahmudjon Shuhratovich Istamovni rais o‘rinbosari lavozimiga saylash haqida qarorlar qabul qilingan. 

Shuningdek, yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasining Saylov kodeksini qabul qilinganligi munosabati bilan Markaziy saylov komissiyasining bir qator Nizom va Yo‘riqnomalari o‘z kuchini yo‘qotgan deb topildi.

Komissiya qarori bilan “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga saylov o‘tkazuvchi okrug saylov komissiyalarining faoliyatini tashkil qilish tartibi to‘g‘risida”gi Nizom hamda “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga saylov o‘tkazuvchi uchastka saylov komissiyalarining faoliyatini tashkil qilish tartibi to‘g‘risida”gi Nizom tasdiqlandi.

Majlis kun tartibidagi Markaziy saylov komissiyasining 2019 yil birinchi yarim yillikdagi faoliyati yuzasidan hisoboti ma’lumot uchun qabul qilinib, joriy yilning ikkinchi yarmiga mo‘ljallangan ish rejasi tasdiqlandi.

O‘z navbatida, Markaziy saylov komissiyasi tomonidan tayyorlangan “Saylov qonunchiligi va zamonaviy axborot texnologiyalari bo‘yicha tizimli o‘qitish Konsepsiyasi”, “Konsepsiyani amalga oshirish yuzasidan chora-tadbirlar dasturi”, “Trener-ekspertlar ishtirokidagi saylov komissiyalari uchun o‘quv-seminar mashg‘ulotlari dasturi”, “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari hamda xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar kengashlari deputatlari saylovini o‘tkazuvchi saylov komissiyalari a’zolarini o‘qitish bo‘yicha ekspert-trenerlar ro‘yxati” tasdiqlanib, Markaziy saylov komissiyasining saylov qonunchiligi va zamonaviy axborot texnologiyalari bo‘yicha O‘quv markaziga saylov komissiyalari a’zolari va saylov jarayonlarining boshqa ishtirokchilarini saylov qonunchiligi va zamonaviy axborot texnologiyalari bo‘yicha tizimli o‘qitishda Konsepsiya doirasida qat’iy chora-tadbirlar dasturiga muvofiq samarali natijadorlikni ta’minlashga alohida e’tibor qaratish vazifasi belgilandi.

Shu bilan birga, saylov jarayoniga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish yuzasidan tegishli mutasaddi vazirlik va idoralar hamda joylardagi ijroiya hokimiyati organlariga yuborilgan topshiriqlar ijrosi bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar muhokama etildi.

Ma’lumot o‘rnida,  Gulnoza Rahimova 1959 yilda tug‘ilgan, oliy ma’lumotli - Toshkent davlat universitetini tamomlagan, mutaxassisligi - huquqshunos. Ko‘p yillar mobaynida prokuratura organlari tizimida mas’ul lavozimlarda, 2010 yildan O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Matbuot xizmati rahbari, jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot bo‘limi boshlig‘i vazifasida faoliyat yuritgan. 2018 yilda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining a’zosi etib saylangan. Shu yil 4 maydan O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi Raisining o‘rinbosari lavozimiga tayinlangan. 

MSK raisi o‘rinbosari lavozimida ish boshlagan Mahmud Istamov 1979 yil 24 fevralda Buxoro shahrida tug‘ilgan. Ma’lumoti oliy, huquqshunos, 1-darajali adliya maslahatchisi.

2000 yil Toshkent davlat yuridik institutini tamomlagan.

Mehnat faoliyatini 2000 yilda O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Idoraviy me’yoriy hujjatlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish boshqarmasining katta maslahatchisi lavozimida boshlagan. Keyinchalik mazkur boshqarmada bosh maslahatchi, bo‘lim boshlig‘i, boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari lavozimlarida ishlagan.

2004-2005 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Huquqiy axborot bilan ta’minlash markazi rahbari, 2005-2006 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Normativ-huquqiy hujjatlarning  amalga oshirilishi ustidan monitoring qilish markazi bo‘limi boshlig‘i, 2006-2011 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devoni Huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat idoralari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Davlat maslahatchisi xizmatining Adliya va sud idoralari faoliyati masalalari bo‘yicha inspektori, 2011-2014 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devoni Huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat idoralari faoliyatini muvofiqlashtirish xizmatining Adliya idoralari masalalari sho‘’basining yetakchi inspektori, 2014-2017 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devoni Oliy Majlis, siyosiy va jamoat tashkilotlari bilan hamkorlik qilish xizmati Siyosiy partiyalar bilan hamkorlik qilish sho‘’basi mudiri, 2017 yil 14 avgustiga qadar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devoni Siyosiy-huquqiy masalalar xizmati Sud-huquq sohasidagi qonunchilik sho‘’basi mudirilavozimlarida faoliyat ko‘rsatgan. 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 14 avgustdagi PQ-3208-son qaroriga muvofiq Mahmud Istamov O‘zbekiston Respublikasi adliya vaziri o‘rinbosari lavozimiga tayinlangan.
 


Maqola muallifi

Teglar

Markaziy saylov komissiyasi Gulnoza Rahimova Mahmud Ismatov

Baholaganlar

10

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing