MSK Prezident sayloviga tayyorgarlikni boshladi

Jamiyat

image

Joriy yil oxirida O‘zbekistonda yirik siyosiy jarayon – Prezident saylovi kutilmoqda. Bugun, 6 yanvar kuni Markaziy saylov komissiyasida Prezident sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Majlisni MSK raisi Mirzo Ulug‘bek Abdusalomov boshqargan. 

Komissiya a’zolari hamda xodimlari ishtirok etgan majlis kun tartibidan Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining (YeXHT) Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi (DIIHB) Missiyasining O‘zbekistonda 2019 yil 22 dekabrda o‘tkazilgan saylovlarni kuzatish yuzasidan tavsiyalari, MSKning 2020 yilning ikkinchi yarmidagi faoliyati natijalari va 2021 yilning birinchi yarmi uchun ish rejasiga oid hamda Komissiya faoliyatini yanada takomillashtirishga doir ayrim nizomlar loyihalarini tasdiqlash bilan bog‘liq masalalar joy olgan. 

“Joriy yilda mamlakatimiz va xalqimiz hayotidagi muhim siyosiy voqea – prezident saylovlari o‘tkaziladi. Shu bois Markaziy saylov komissiyasi bo‘lajak saylovlarni milliy qonunchilik va umum’etirof etilgan xalqaro demokratik tamoyillar asosida yuqori darajada tashkil etishga hozirdan alohida e’tibor qaratmoqda. Bunda, o‘tgan saylovlarda orttirilgan milliy tajriba hamda xalqaro kuzatuvchilar tomonidan berilgan maqbul tavsiyalarni milliy saylov qonunchiligi va amaliyotiga tatbiq etish ishlari muhim o‘rin tutadi.

YeXHT Byurosining “Yangi O‘zbekiston – Yangi saylovlar” shiori ostida o‘tgan parlament saylovlarini kuzatgan to‘laqonli missiyasining Yakuniy hisobotida mamlakatimiz milliy saylov tizimidagi bir qator ijobiy o‘zgarishlar e’tirof etilgan. Jumladan, saylovlar takomillashgan qonunchilik asosida o‘tkazilgani va mustaqil, ochiq fikrlarga nisbatan erkin qarash muhitining oshgani alohida ta’kidlangan. Bu boradagi ishlarni sobitqadamlik bilan davom ettirish bo‘yicha tavsiyalar berilgan”, deyiladi MSK xabarida.

Qayd etilishicha, MSK qarori bilan yakuniy xisobotda bildirilgan tavsiyalarni atroflicha o‘rganish va maqbullarini amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi tasdiqlandi hamda tegishli vazifalar belgilab olingan.

Majlisda Markaziy saylov komissiyasining Kotibiyati va Markaziy saylov komissiyasining Matbuot xizmati to‘g‘risidagi nizomlarni tasdiqlash to‘g‘risidagi qarori qabul qilingan. Hujjatga muvofiq Matbuot xizmati Markaziy saylov komissiyasi Raisiga bevosita bo‘ysunadigan alohida mustaqil bo‘lim sifatida faoliyat yuritadi. Markaziy saylov komissiyasi tomonidan tashkil etiladigan tadbirlarni ommaviy axborot vositalarida yoritish, Markaziy saylov komissiyasi faoliyatida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlashda Matbuot xizmati Kotibiyat bilan yaqindan hamkorlikni amalga oshirishi lozim.

 

Majlisda “O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi Axborotnomasi – Vestnik Sentralnoy izbiratelnoy komissii Respubliki Uzbekistan” jurnali to‘g‘risidagi nizom hamda uning tahrir hay’ati tarkibi tasdiqlangan. 

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining idoraviy arxiviga oid, hujjatlarning qiymatini aniqlash va ularni doimiy saqlovga topishirish bo‘yicha ekspert komissiyasiga doir  nizomlar ham tasdiqlangan.

Majlisda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining 2020 yilning ikkinchi yarmidagi faoliyati natijalari batafsil tahlil etilib, 2021 yilning birinchi yarmi uchun ish rejasi tasdiqlandi.


Maqola muallifi

Teglar

Prezident saylovi Markaziy saylov komissiyasi

Baholaganlar

403

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing