MSK G‘aniyevning iddaolariga munosabat bildirdi

Jamiyat

image

Farg‘ona viloyati hokimi Shuhrat G‘aniyevning saylovlar to‘g‘risidagi fikrlari ijtimoiy tarmoqlarda jamoatchilik tomonidan keng muhokamaga sabab bo‘ldi. Markaziy saylov komissiyasining Xalqaro matbuot markazi munosabat bildirdi.

Shuhrat G‘aniyev o‘zi o‘tkazgan yig‘ilishda “To‘rt kundan keyin saylovlar turibdi. Saylovlarda ham kim deputat bo‘ladi? Mana shu masalalarda o‘zini ko‘rsatgan odamlar deputat bo‘ladi”, degan.

“Mazkur holat yuzasidan Markaziy saylov komissiyasi shuni ma’lum qiladiki, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan audioyozuvlarda aks etgan fikrlar Farg‘ona viloyati hokimi Shuhrat G‘aniyevning shaxsiy fikri bo‘lib, u yuridik asosga ega emas.

O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksining 3-moddasiga ko‘ra saylov umumiy, teng, to‘g‘ridan-to‘g‘ri saylov huquqi asosida yashirin ovoz berish orqali o‘tkaziladi.

Kodeksning 4-moddasiga ko‘ra, saylov kuni o‘n sakkiz yoshga to‘lgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari saylash huquqiga egadir. Shundan ko‘rinib turibdiki, o‘n sakkiz yoshga to‘lgan fuqarolar siyosiy partiyalar tomonidan ko‘rsatilgan munosib nomzodlarni saylaydilar.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksining 37-moddasiga binoan, Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzod, mahalliy Kengashlar deputatligiga nomzod ko‘rsatish huquqiga siyosiy partiyalar egadir.

Ta’kidlash joiz, joriy yilda bo‘lib o‘tadigan saylovlar ochiq va oshkora, xalqaro normalarga asoslangan xolda o‘tkaziladi.

Unutmaylik, 22 dekabr kuni bo‘lib o‘tadigan saylovlarda munosib nomzodlarni Xalq saylaydi”, deyiladi MSKning Xalqaro matbuot markazi munosabatida.

Eslatib o‘tamiz, kecha Senatda Shuhrat G‘aniyevning soqol va hijob masalasida bildirgan keskin fikrlari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazildi. Senat hokimga ogohlantirish va 3 oy muddat berdi.


Maqola muallifi

Teglar

Markaziy saylov komissiyasi Shuhrat G'aniev

Baholaganlar

101

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing