Mojaro markazi bo‘lgan So‘x tumani har jihatdan rivojlantiriladi. Prezident alohida qaror imzoladi
Jamiyat
−
08 avgust 2020
7034O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “2020-2021 yillarda Farg‘ona viloyatining So‘x tumanini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi.
Mazkur qaror bilan 2020-2021 yillarda Farg‘ona viloyatining So‘x tumanini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari dasturi tasdiqlandi.
Dasturda sanoat, xizmat ko‘rsatish, qishloq xo‘jaligi sohalarini rivojlantirish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash orqali aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha quyidagilar belgilandi:
• sanoat, xizmatlar va qishloq xo‘jaligini rivojlantirish bo‘yicha 95 ta loyihani amalga oshirish hisobiga 5 000 ta yangi ish o‘rinlarini yaratiladi;
• tumanning tabiiy gaz ta’minoti yaxshi bo‘lgan “Navobod” MFY hududida “Rishton kulolchilik markazi” bilan kooperatsiya aloqalarini yo‘lga qo‘yish orqali, kulolchilik, chinnichilik va yog‘och o‘ymakorligiga ixtisoslashgan “Hunarmandchilik markazi”ni barpo etish va bu orqali 60 nafar aholining bandligini ta’minlanadi;
• “Sebzor” MFY hududida “Mikrokreditbank” ATB xususiy sherikchiligi asosida adras, atlas va trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “To‘quv tikuvchilik” kooperatsiya markazini tashkil etish hamda Savdo-sanoat palatasi tomonidan kooperatsiya asosida ishlab chiqarilgan mahsulotlarini sotishni tashkil etish va bu orqali kam ta’minlangan oilalar vakillari bo‘lgan 120 nafar xotin-qizlarning bandligini ta’minlanadi;
• tumandagi maydoni 0,5 gektar bo‘lgan 6 ta bo‘sh turgan davlat mulki ob’ektlaridan samarali foydalanish maqsadida investorlarning takliflaridan kelib chiqqan holda boshlang‘ich narxini belgilash orqali Farg‘ona viloyati hokimligi va Davlat aktivlarini boshqarish agentligi qo‘shma qaroriga asosan tadbirkorlarga yangi ish o‘rinlarini yaratish majburiyati bilan ommaviy savdolarda sotiladi;
• “So‘x dehqon bozori” MCHJ ustav kapitalidagi davlat ulushini (51%) investorlar takliflari asosida hududiy tanlov komissiyasi orqali belgilangan tartibda investitsiya kiritish sharti bilan ommaviy savdo orqali sotish va bozor negizida zamonaviy savdo kompleksini tashkil etiladi;
• “Qal’acha” MFYda 2 gektar, “Chashma” MFYda 2 gektar, “Ravon” MFYda 1 gektar, “Hushyor” MFYda 1 gektar, jami 6 gektar maydonda kichik sanoat zonalarini tashkil etish va zarur muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari bilan ta’minlanadi;
• Xalqaro pul o‘tkazmalarini amalga oshirish, milliy va chet el valyutasini ayirboshlashga mo‘ljallangan zamonaviy 2 ta “Bank xizmatlari markazi” va 1 ta “24/7 o‘ziga xizmat ko‘rsatish shoxobchasi”ni tashkil qilinadi;
• chetdan olib kelinadigan chorva mollarini aholi tomonidan sotib olish uchun tijorat banklari tomonidan “Har bir oila – tadbirkor” dasturi hisobidan kreditlar ajratiladi;
• ohaktosh, gil, bentonitli gil, gips, slanets, qum va shag‘al istiqbolli maydonida geologiya-qidiruv ishlarini olib borish va kon zaxiralarini tasdiqlanadi;
• mavjud foydalanilmayotgan noruda foydali qazilma Surattosh marmar (635 ming m3) va Suratsoy qurilish toshi (830,7 ming m3) konlarini sanoat yo‘sinida o‘zlashtirish uchun salohiyatli tadbirkorlarga yer qa’ri uchastkalaridan foydalanish huquqini beruvchi litsenziyalar beriladi. Mazkur konlarda qurilish materiallari ishlab chiqarish bo‘yicha loyihalarni amalga oshiriladi;
• sement ishlab chiqarish bo‘yicha loyiha amalga oshiriladi;
• qo‘lda to‘qiladigan gilamchilik korxonasi faoliyati tashkil etiladi;
• “Chashma” bulog‘ining suvini qadoqlab, ishlab chiqarish bo‘yicha korxona tashkil etiladi;.
• “Ozod” shirkat xo‘jaligida zamonaviy chorva kompleksini qurish va naslli qoramol olib kelinadi;.
• baliqchilik yo‘nalishida 2 ta loyiha bo‘yicha 1,5 gektar maydonda intensiv usulda sovuq suvga moslashgan baliqlarni yetishtirishni hamda Toshkent shahridagi yirik savdo komplekslariga yetkazib berish yo‘lga qo‘yiladi.
• yirik tadbirkorlarni jalb qilgan holda tumanda 20 ming boshga mo‘ljallangan yirik parrandachilik kompleksi tashkil etiladi;
• 2020 yilda yillik quvvati 200 tonna bo‘lgan meva-sabzavotni qayta ishlash va saqlash korxonasi tashkil etiladi;
• 2021 yilda kamida 5 ming tonna qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash bo‘yicha yangi loyihalar amalga oshiriladi;
• “Hushyor” MFY hududidagi yangi o‘zlashtiriladigan yerlarda O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi tomonidan 10 ming dona yong‘oq, 10 ming dona pista va 20 ming dona bodom ko‘chatlarini yetkazib berib, 50 gektar yer maydonda bodomzor, pistazor va yong‘oqzorlar tashkil qilinadi;
• Respublikaning boshqa hududlaridan yaxshi tajribaga ega bo‘lgan yirik tadbirkorlik sub’ektlarini jalb qilgan holda 10 gektar maydonda zamonaviy issiqxonalar tashkil qilinadi;
• 1 230 gektar bog‘ maydonlarini to‘liq xatlovdan o‘tkazish, eski va samarsiz bog‘lar o‘rnida intensiv bog‘larni tashkil etish tadbirlarini amalga oshirish va kamida 50 gektar maydonda intensiv olma bog‘larini plantatsiya shaklida tashkil etish hamda aholiga 20-30 sotixdan sotish orqali 250 ta yangi ish o‘rinlari yaratiladi;
• 3 ta shirkat xo‘jaliklarida ish yuritishni oilaviy pudrat asosida tashkil etib, 1 gektar maydonga 5 tadan oilani pudrat usulida biriktirish orqali 5 100 ta oilani ish bilan bandligini ta’minlanadi;
• aholini qishloq xo‘jaligi sohasida band qilish maqsadida tumanning “Tul”, “Hazrati Ali” va “Hushyor” MFYlari hududida 10 gektardan jami 30 gektar yer maydonida 3 ta qishloq xo‘jaligi kooperativlarini tashkil etish va kooperativlarga a’zo etib qabul qilingan 200 nafar ishsiz fuqarolarning har biri uchun 2,2 mln so‘mdan subsidiya ajratiladi;
• tumandagi “Qayroq”, “Vargan”, “Toyon”, “Javpaya”, “Dukur” massivlaridagi hamda “So‘x”, “Ozod”, “Hushyor” shirkatlari hududida qishloq xo‘jaligida foydalanilmaydigan yerlarni o‘zlashtirish orqali fuqarolarga 20 sotixdan dala tomorqalari uchun yer maydoni ajratib, har bir fuqaroga 2,2 mln so‘mdan subsidiya ajratiladi;
• yil yakuniga qadar band bo‘lmagan aholini jamoat ishlariga jalb etish hisobiga 2 235 ta, ehtiyojmand va kam ta’minlangan ishsiz fuqarolarning shaxsiy tomorqalariga 2,2 mlrd so‘m subsidiya ajratish hisobiga 325 ta, tadbirkorlik faoliyatini boshlash uchun subsidiya berish hisobiga 122 ta, ehtiyojmand aholini ishga qabul qilish uchun subsidiya ajratish orqali 25 ta, ishsizlik nafaqasi to‘lab berish hisobiga 60 ta, vakant ish o‘rinlariga ishsiz fuqarolarni doimiy ish o‘rinlariga ishga joylashtirish hisobiga 180 ta, Agrosanoat va Qishloq xo‘jaligi kasb-hunar kollejlari bazasida qisqa muddatli kasbga o‘qitish kurslarini tashkil etish hisobiga 300 ta ishsiz aholining bandligini ta’minlanadi;
• “So‘x-don” xususiy korxonasidagi mavjud tegirmon sexini zamonaviy texnologiyalar asosida modernizatsiya qilib, yillik un ishlab chiqarish quvvatini qo‘shimcha 18 ming tonnaga oshiriladi;
• tumanning tuproq-iqlim sharoitidan kelib chiqib urug‘lik kartoshka yetishtirishga ixtisoslashtiriladi;
• So‘x daryosi himoya zonasidagi yer maydonlarini xatlovdan o‘tkazish va sholichilikka ixtisoslashgan qishloq xo‘jaligi kooperativini tashkil etiladi;
• Xotin-qizlar bandligini ta’minlash maqsadida tuman hududidagi mavjud tikuv-trikotaj korxonalariga buyurtmalar taqdim etgan holda uzluksiz faoliyat yuritishini tashkil etiladi;
• Turistlarni jalb qilish uchun zarur infratuzilmani tashkil qilgan holda ekoturizmni rivojlantirib, mehmon uylari tashkil qilinadi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 31 may kuni So‘x tumanining Chashma qishlog‘i va Qirg‘izistonning Botken viloyati Qadamjoy tumanidagi Chechma qishlog‘i aholisi o‘rtasida to‘qnashuv yuz bergandi.
Ushbu voqealarga nisbatan Prezident Shavkat Mirziyoyev quyidagicha munosabat bildirgandi.
“Keyingi yillarda qo‘shni davlatlar bilan chegaradosh joylardagi ko‘p muammolarni hal qilishga erishdik. So‘xdagi voqealar qirg‘iz xalqi bilan do‘stligimizga, bordi-keldimizga, rejalarimizga ta’sir qilmasligi kerak. Vazmin, sabr-toqatli, mehr-oqibatli bo‘lishimiz zarur. Qo‘shnichilik - ming yilchilik. Xalqlarimiz yelkadosh bo‘lib, bir-birini hurmat qilib yashashi kerak”.
LiveBarchasi