Mozambikda qamoqxonadan 6 mingga yaqin xavfli jinoyatchi qochib ketdi
Olam
−
26 dekabr 2024 5593 2 daqiqa
Mozambikdagi “Machava” qattiq tartibli qamoqxonasidan taxminan 6 ming xavfli jinoyatchi qochib ketdi. Bu haqda SABC xabar berdi.
Qayd etilishicha, mahbuslar qamoqxona qo‘riqchilarini qurolsizlantirib, Machava tumanida joylashgan qamoqxona hududidan qochib ketgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, ular qo‘riqchilardan tortib olingan qurollarga ega bo‘lishi mumkin. Ushbu qamoqxonada mamlakatdagi eng xavfli jinoyatchilar saqlanadi.
Mahbuslarning qochishi Mozambikda muxolifat tomonidan uyushtirilgan norozilik namoyishlari fonida sodir bo‘lgan. Ushbu tartibsizliklar mamlakatda joriy yilning 9 oktyabr kuni o‘tkazilgan prezidentlik va parlament saylovlari natijalarining e’lon qilinishi ortidan boshlangan. Markaziy saylov komissiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, saylovda “Frelimo” partiyasi va uning prezidentlikka nomzodi Daniel Shapu g‘olib bo‘lgan. Mozambik Konstitutsiyaviy kengashi 23 dekabr kuni saylov natijalarini tasdiqlab, Shapuni yangi prezident sifatida e’lon qilgan.
Ammo saylovlarda ikkinchi o‘rinni egallagan muxolifat yetakchisi Venansiu Mondlane va “Renamo” partiyasi yetakchisi Osufo Momadi Konstitutsiyaviy kengash qarorini tan olishdan bosh tortgan. Ular hukumatni natijalarni soxtalashtirishda ayblab, tarafdorlarini namoyishlar o‘tkazishga chaqirgan.
Mozambik hukumatining ma’lum qilishicha, saylov natijalarining e’lon qilinishidan keyingi 24 soat ichida tartibsizliklarda kamida 21 kishi halok bo‘lgan. Shu bilan birga, muxolifat 23 dekabrdan buyon namoyishlarda 84 kishi halok bo‘lganini ma’lum qilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Kongo Demokratik Respublikasi (KDR) poytaxti Kinshasadagi Makala markaziy qamoqxonasidan qochishga uringan kamida 129 kishi halok bo‘lgan edi.
Live
Barchasi