Rossiya yana 3 ta davlatga hujum qilmoqchi yoxud AQSH sirli signal berdi
Tahlil
−
19:13 3084 8 daqiqa
Vashington kartinani qanday ko‘rishimizni xohlaydi?
Ba’zan “maxfiy tashriflar” shu qadar keng jamoatchilikning muhokamalariga sabab bo‘ladiki, hatto o‘zimiz bilgan maxfiy so‘zining ma’nosiga shubha qilib qoladi kishi. Axir davlat darajasidagi shu qadar sirli voqeani qanday qilib hamma bemalol gapirishi, OAVlarda muhokama qilishi mumkin? Hammasi yashirincha qilingan bo‘lsa, qanday qilib bundan hamma xabardor?
AQSH Markaziy Razvedka Boshqarmasi direktori Jon Retkliffning Moskvaga “maxfiy tashrif” statusi ostida qilingan safari ham xuddi shunday, tinmay muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Nimamish, dunyodagi eng kuchli razvedka tashkiloti rahbari maxfiy tarzda Moskvaga borib, Rossiya Tashqi razvedka xizmati rahbari bilan uchrashib, unga “NATOga a’zo davlatlarga hujum qilmang, aks holda yomon bo‘ladi”, deb kelarkanda, ammo oradan hech qancha vaqt o‘tmay bu haqida hamma xabar toparkan. Nima? AQSH va Rossiyadek ikki gigant davlat bitta uchrashuvni maxfiy tashkil eta olmay qoldimi? Yoki bunday ma’lumotlarning sizib chiqishini o‘zlari xohlashdimi? Xo‘sh, bu orqali qanday signal berishmoqda? MRB rahbari Moskvaga nima maqsadda bordi? Bizni yaqin kelajakda nimalar kutmoqda?
Bizga nimalar deyishdi?
Jon Li Retkliff – AQSH Markaziy razvedka bo‘limi boshlig‘i. U odatiy diplomat emas, harbiy ham emas, qaysidir davlatga borib u bilan muzokaralar olib borish uning vazifasiga kirmaydi. Janob Retkliff dunyodagi barcha sirli operatsiyalar, razvedka ma’lumotlari va kontrrazvedka bo‘yicha ma’lumot yig‘uvchi hamda tahlil qiluvchi tashkilotning rahbari. Ya’ni u yaqin kelajakda nima bo‘lishini biladi.
Bizga ochiqlangan ma’lumotlarga ko‘ra, 25 avgust kuni Retkliff Moskvaga yetib borgan va qator Rossiya rahbarlari bilan uchrashgan. Aytilishicha, AQSH harbiylariga tegishli C-17 rusumli yirik transport samolyoti 25 avgust kuni Latviya orqali Moskvaga uchgan. Samolyot Moskvadagi Vnukovo aeroportiga taxminan soat 07:04 GMT (Greenwich Mean Time – Grinvich o‘rtacha vaqti)da qo‘ngan va soat 17:00 GMT atrofida Rigaga qaytib kelgan.
Ijtimoiy tarmoqlarda Moskva ko‘chalarida diplomatik kortej harakatlangani aks etgan videolar ham tarqalgan. AQSH tomoni Ukrainani Moskvaga yuqori martabali delegatsiya borishi haqida xabardor qilgan va delegatsiya Rossiyadan chiqib ketguncha Kiyevdan zarbalarni to‘xtatib turishni so‘ragan, deb xabar bergan CBS’ga ukrainalik yuqori lavozimli amaldor.
Samolyot parvozi haqidagi xabarlar va Rossiyadagi diplomatik kortej videolari OAVlarda tarqala boshlagach, 2019–2022 yillarda Buyuk Britaniyaning Rossiyadagi sobiq harbiy attashesi bo‘lib ishlagan hamda xalqaro xavfsizlik va harbiy masalalar bo‘yicha britaniyalik yetakchi ekspertlardan biri hisoblanuvchi Jon Forman BBC va Newsweek nashrlariga bergan intervyularida MRB direktori tashrifi ortida jiddiy sabab bo‘lishini aytdi.
“AQSH prezidenti favqulodda yoki o‘ta jiddiy masala bo‘lmaganida MRB direktorini Moskvaga shoshilinch va maxfiy ravishda yubormaydi”, dedi u.
Uning ta’kidlashicha, AQSH odatda yuqori martabali amaldorni qisqa vaqt ichida va oldindan e’lon qilmasdan Moskvaga yubormaydi. Forman muzokaralarda Rossiyada saqlanayotgan AQSH fuqarolarini ozod qilish masalasi ham ko‘tarilishi mumkinligini istisno qilmagan.
Ammo keyinchalik Politico nashri ma’lum qilgan ma’lumotlarga ko‘ra, tashrifning sababi ancha jiddiy bo‘lgan. Nashrning qayd etishicha, uchrashuv birinchi navbatda Rossiyani Boltiqbo‘yi davlatlariga qarshi har qanday keskinlashuvdan ogohlantirishga qaratilgan bo‘lgan. Ma’lum qilinishicha, Retkliff NATO davlatlariga, xususan, Estoniya, Latviya va Litvaga hujum qilmaslikni hamda Eronga harbiy va iqtisodiy yordam ko‘rsatishni to‘xtatishni talab qilgan.
Rossiya Prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov esa Retkliffning Moskvaga tashrifi ikki mamlakat maxsus xizmatlari o‘rtasidagi aloqalar bilan bog‘liq bo‘lganini ma’lum qildi. Rossiya Tashqi razvedka xizmati rahbari Sergey Narishkin ham Jon Retkliff bilan Moskvada uchrashganini tasdiqladi.
“Uchrashuv bo‘lib o‘tdi, bunda hech qanday g‘ayrioddiy narsa yo‘q”, degan Narishkin jurnalistlarga.
Ammo Retkliffning Vladimir Putin bilan ko‘rishmagani aytilmoqda.
Fotograf Endryu Leydenning X ijtimoiy tarmog‘ida yozishicha, Retkliffning Moskvaga safaridan bir kun o‘tib, 26 avgust kuni Tramp ishlaydigan Oq uydagi Oval kabinetga tashrif buyurgan. Uchrashuvda Pentagon rahbari Pit Hegset va AQSH Qurolli kuchlari shtab boshliqlari qo‘mitasi rahbari Den Keyn ham qatnashgan.
Hammasi bir qarashda ishonarli, kortej videolari, GPS yoqib uchgan parvoz ma’lumotlari, Oq uy, Kapitoliy va milliy xavfsizlikka oid voqealarni yorituvchi fotografning postlari. Ammo hammasi bu qadar jo‘n bo‘lganida video shu yerda tugagan bo‘lardi, biroq…
“Maxfiy ma’lumotlar” atay sizdirilganmi?
Shunchaki bizga taqdim etilayotgan tashrif sabablariga qarang, NATO davlatlariga hujum qilmaslik, Eron bilan hamkorlikni to‘xtatish. Xo‘sh, ochiq muzokaralardagi mavzulardan nima farqi bor? Ya’ni nima uchun doimiy masalalarni yana qayta ko‘rib chiqish uchun maxfiy uchrashuv tashkil etildi?
Rossiyaning Eron bilan munosabatlari haqida hamma biladi. Tehrondan jo‘natilgan “Shahed” dronlari Ukraina bilan mojaroda hech qanday yashirishlarsiz ishlatilmoqda. Ikki mamlakat ham hozir geosiyosiy qiyin ahvolda bo‘lsa ham, xavfsizlik, savdo, energetika, transport va mudofaa sohalaridagi hamkorlik davom etmoqda. AQSH ham Eron bilan mojaroga kirishgandan keyin bir necha bor Moskvadan Tehron bilan hamkorlikni to‘xtatishni talab qildi. Qisqa qilib aytganda, ochiq muloqotlarda million martalab takrorlangan masalani ko‘rib chiqish uchun dunyodagi eng qudratli maxfiy ma’lumotlar to‘planadigan tashkilot rahbarini maxfiy muzokaraga yuborilishi mantiqqa to‘g‘ri kelmaydigandek tuyulmoqda.
Estoniya, Latviya yoki Litvaga hujum qilmaslik masalasi esa boshqa gap. Barcha harbiy operatsiyalarning sodir bo‘lishini oldindan biladigan odamning bu masalada bosh qotirib qolgani odamni cho‘chitadi. Har holda Retkliff hazillashadigan odam emas, aniq razvedka ma’lumoti bo‘lmasa, biror mavzuni ochmaydigan xilidan. Buning ustiga deyarli har uch davlat Rossiya bilan quruqlik chegarasiga ega. Xo‘sh, ularning boshiga ham Ukrainaning kuni tushadimi?
MRB direktori diplomat emas, u muzokaralar o‘tkazmaydi. Unda qandaydir jiddiy razvedka ma’lumoti bo‘lsagina bir davlat hududiga yashirincha safar uyushtirib, unga “biz sizlarni nima qilmoqchi ekaningizdan xabardormiz, ehtiyot bo‘ling”, deb ogohlantirib kelishi mumkin. Tramp yoki Rubio kabilar istalgan vaqtda Kreml bilan bog‘lanishi, urushni to‘xtatish masalasida besamar yana yuzlab gaplarni gapirishi mumkin, ammo Retkliff bunday odam emas, uning tashrifi muhim signal.
Xuddi shunday tashrif 2021 yil, hali Rossiya – Ukraina urushi oldidan amalga oshirilgan edi. 2021 yilning 2–3 noyabr kunlari AQSH prezidenti Jo Baydenning topshirig‘i bilan o‘sha vaqtdagi Markaziy razvedka boshqarmasi direktori – Uilyam Berns Moskvaga o‘ta muhim va maxfiy missiya bilan yuborilgan edi. Ko‘zlangan asosiy maqsad esa – Vashington Rossiyaning maxfiy rejalaridan to‘liq xabardor ekanini bildirish va Vladimir Putinni ushbu qadamdan qaytarish edi. Oradan uch oy o‘tib esa Rossiya Ukrainaga bostirib kiradi.
Ha, 2021 yilning kuz oylarida AQSH razvedkasi Rossiya Ukraina chegaralari yaqinida misli ko‘rilmagan miqdorda qo‘shin va harbiy texnika to‘playotgani, shuningdek, keng ko‘lamli bostirib kirishga tayyorgarlik ko‘rayotgani haqida aniq va inkor etib bo‘lmaydigan ma’lumotlarni qo‘lga kiritgandi. Bernsning vazifasi esa ushbu urushni oldini olish edi. U Moskvada Rossiya Xavfsizlik kengashi kotibi Nikolay Patrushev va Tashqi razvedka xizmati rahbari Sergey Narishkin bilan yuzma-yuz uchrashgan, Putin bilan telefon orqali gaplashgan. Berns AQSHning ogohlantirishini yetkazgan, agar urush boshlangudek bo‘lsa, Yevropa va AQSH Rossiyaga mislsiz sanksiyalar qo‘yishini, xalqaro izolyatsiya qilinishini, Ukraina esa muttasil harbiy qo‘llov olib turishini ta’kidlagandi. Biroq, 2022 yil 24 fevralda Rossiya Ukrainaga baribir keng ko‘lamli hujum boshladi.
Buni qarangki, endigi MRB direktori Boltiqbo‘yi davlatlariga hujum qilmaslikni talab qilmoqda. Agar shuncha faktdan xulosa qiladigan bo‘lsak, demak, MRBga chindan Rossiya Estoniya, Latviya yoki Litvaga hujum qilishga tayyorlanmoqda mazmunidagi razvedka ma’lumotlari kelib tushgan. Bu esa urush fronti hali yana kengayishini, urush domiga yana boshqa davlatlar tortilishini bildiradi. Axir yuqoridagi davlatlar NATOga a’zo, tashkilot nizomining o‘sha mashhur 5-moddasiga ko‘ra esa, bir davlatga qilingan hujum boshqa davlatlarning harbiy reaksiya bildirishiga sabab bo‘ladi. Ya’ni faqat Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi urush qisqa fursatda keng ko‘lamda G‘arb va Rossiya urushiga aylanib ketishi mumkin.
Ammo Kreml bunday ssenariyni rad etmoqda. Chindan ham NATOga allaqachon a’zo davlatlardan biriga hujum qilish Moskva uchun o‘z joniga qasd qilish bo‘ladi. Ukraina-ku hali to‘la a’zo bo‘lib ulgurmagan edi. Shunda ham tinmay qo‘llov va Ukraina xalqining mardonovor harakati tufayli bugun dunyoning eng katta davlati, urushgacha ikkinchi eng qudratli armiyaga ega deb hisoblab kelingan davlatni “dumini qayrib” qo‘ya oldi. Bugun Moskva bazo‘r tik oyoqda qolmoqda. Front chizig‘i qimirlamay qo‘yganiga ancha bo‘lyapti. Dronlar esa allaqachon mamlakat ichiga bemalol kirib “sayr qilib yuribdi”. Xohlasa, sanoat korxonalariga, xohlasa Wildberries yoki Ozon kabi tijorat korxonalarining omborlariga, xohlasa plyajlarga hujum qilmoqda. Bunday vaziyatda Ukrainadan karrasiga kuchli bo‘lgan yana o‘nlab davlatlarga qarshi turish Putin tugul Stalin tirilib kelsa, qo‘lidan kelmaydi.
Xo‘sh, nega unda yolg‘on ma’lumot sizdirildi? Haqiqiy savol aynan shu yerda. Vashington kartinani qanday ko‘rishimizni o‘zi belgilab bermoqchi. Maxfiy ma’lumotlar hanuz maxfiy saqlanmoqda, bizga tashlangan “non uvoqlari” esa haqiqiy vaziyatni xiraroq ko‘rishimizga olib kelyapti xolos. Xo‘sh, bunday xavotirli ma’lumotlar orqali qanday signal berilmoqda? Moskvadan cho‘chish kerakmi yoki Vashingtondan?
Live
Barchasi