Tramp Rossiyaga qarshi “do‘zaxiy” sanksiyalar joriy qilmoqchi – WSJ
Olam
−
20:10 1247 2 daqiqa
AQSH Kongressi Vakillar palatasi Rossiyaga qarshi “do‘zaxiy sanksiyalar” joriy etishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini ko‘pchilik ovoz bilan ma’qulladi. Hujjat mamlakat Prezidenti Donald Trampga yuborilgan va AQSH Prezidenti uni imzolamoqchi. Bu haqda ismi oshkor qilinmagan vakilga tayanib, “The Wall Street Journal” xabar berdi.
Avvalroq, AQSH Vakillar palatasi Rossiyaga qarshi “do‘zaxiy” sanksiyalar joriy etishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini ko‘pchilik ovoz bilan ma’qullagandi. Hujjatni 262 nafar kongressmen qo‘llab-quvvatlagan, 159 nafari qarshi ovoz bergan, 12 nafari esa ovoz berishda qatnashmagan. Avgust oyi boshida qonun loyihasi Senat tomonidan ham ma’qullangandi.
Gap Amerikaning “Lindsey O. Graham Sanctioning Russia and Iran Act of 2026” qonun loyihasi haqida bormoqda. U norasmiy ravishda “do‘zaxiy” sanksiyalar deb ataladi.
Loyiha Rossiya nefti va gazini sotib oladigan davlatlarga nisbatan ikkilamchi savdo cheklovlarini joriy etishni nazarda tutadi. Unga ko‘ra, AQSHga olib kiriladigan Rossiya mahsulotlariga 500 foizgacha, Rossiya nefti yoki gazini xarid qiladigan davlatlardan import qilinadigan mahsulotlarga esa 100 foizgacha boj joriy etilishi mumkin. Yakuniy variantda, xususan, Rossiya nefti va gazining beshta eng yirik importchisi ham tilga olingan.
Moskva esa sanksiyalarni noqonuniy deb hisoblaydi. Rossiyaning AQSHdagi elchixonasi Grem nomi bilan atalgan qonun loyihasini Tramp ma’muriyatiga “ayiq xizmati” deb atagan. Elchixona cheklovlar Vashingtonning o‘ziga ham iqtisodiy oqibatlar keltirib chiqarishi mumkinligini bildirgan. Rossiya Prezidenti Vladimir Putin avvalroq “Sanksiyalar qancha ko‘p bo‘lsa, ularni joriy qilayotganlar uchun shuncha yomon”, degan.
Kreml esa Rossiyaga qarshi joriy etilgan misli ko‘rilmagan miqdordagi sanksiyalar “hech qanday ta’sir ko‘rsatmaganini” bildirgan. Shuningdek, hech qanday cheklovlar Moskvaning o‘z maqsadlarini o‘zgartirishiga majbur qila olmasligini ma’lum qilgan.
Bundan tashqari, bugun, 17 sentyabr kuni Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov yangi sanksiyalar joriy etilishi Ukrainadagi tinchlik kelishuviga erishish yo‘llarini izlashni qiyinlashtirishini aytgan.
“Biz, albatta, ushbu hujjatning ko‘rib chiqilishini kuzatyapmiz. Bu do‘stona bo‘lmagan harakatlarga taalluqli va, albatta, AQSH tomonidan qandaydir qo‘shimcha sanksiyalarning joriy etilishi Ukrainada tinchlik o‘rnatish yo‘llarini izlash borasidagi sa’y-harakatlarni albatta qiyinlashtiradi”, degan u.
Live
Barchasi