AQSH Senati Rossiya va Eronga qarshi sanksiyalarni ma’qulladi

Olam

image

AQSH Senati Rossiya va Eronga qarshi keng qamrovli sanksiyalarni nazarda tutuvchi “Lindsey O. Graham Sanctioning Russia and Iran Act of 2026” qonun loyihasini 86 ovoz bilan 11 ta ovozga qarshi qabul qildi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.

Hujjat Rossiya rasmiylariga qarshi sanksiyalar joriy etish, shuningdek, Rossiya nefti va gaziga qaramlikni kamaytirish maqsadida Xitoy, Hindiston va boshqa davlatlarga nisbatan yuqori boj tariflarini qo‘llash vakolatini prezidentga berishni nazarda tutadi.

Qonun loyihasi marhum senator Lindsi Grem tomonidan ilgari surilgan. U Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushida Kiyevning Kongressdagi eng faol tarafdorlaridan biri bo‘lgan. Hujjatda AQSH Prezidenti Donald Tramp talab qilgan Eronga qarshi sanksiyalarni kengaytirish ham ko‘zda tutilgan.

Agar qonun loyihasi Vakillar palatasida ham ma’qullanib, Tramp tomonidan imzolansa, Prezident Rossiya energetika resurslarini yirik miqyosda sotib oladigan davlatlarga, jumladan, Hindiston, Yaponiya va Yevropa Ittifoqining ayrim davlatlariga import tariflarini 100 foizgacha oshirishi mumkin.

Qayd etilishicha, ayrim kongressmenlar va sanoat vakillari yangi tarif vakolatlari AQSH importchilari va iste’molchilari uchun xarajatlarni oshirishi mumkinligidan xavotir bildirmoqda.

Qonun loyihasi endi AQSH Vakillar palatasida ko‘rib chiqiladi. Palata 31 avgust kuni yozgi tanaffusdan qaytishi kutilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Respublikachi senator, tashqi siyosatda qat’iy pozitsiyasi bilan tanilgan Lindsi Grem Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar to‘g‘risidagi qonun loyihasi ustida ishlayotgan paytda o‘tgan oy boshida Kiyevga tashrif buyurib, Zelenskiy bilan uchrashgan. U Vashingtonga qaytganidan ko‘p o‘tmay, 71 yoshida yurak xastaligi tufayli vafot etgandi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing