Ukraina Rossiya aerodromlarini bombaladi

Olam

image

Ukraina dronlari Rossiyaning Yaroslavl viloyatidagi neftni qayta ishlash zavodi va Rostov-Dondagi harbiy aerodromga zarba berdi. Bu haqdagi videoni bugun, 17 sentyabr kuni Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy o‘zining Telegram-kanalida e’lon qildi.

Zelenskiyning aytishicha, hujum Ukraina Xavfsizlik xizmati, Maxsus operatsiyalar kuchlari, Bosh razvedka boshqarmasi va Tashqi razvedka xizmati hamkorligida amalga oshirilgan. Rostovdagi aerodromda 2 ta An-26 va 1 ta An-12 transport samolyoti, shuningdek, 3 ta vertolyot shikastlangan.

Keyinchalik Ukraina Bosh shtabi ham hujum tafsilotlarini ma’lum qilgan. Unga ko‘ra, Rostov-Don shahridagi “Markaziy” harbiy aerodrom hududida yong‘in va keyinchalik portlash sodir bo‘lgan. Shuningdek, Yaroslavl viloyatidagi “Slavneft-YANOS” neftni qayta ishlash zavodining neftni birlamchi qayta ishlash qurilmasida zarar va yong‘in qayd etilgan.

Ma’lumot uchun, “Slavneft-YANOS” Rossiyadagi eng yirik neftni qayta ishlash korxonalaridan biri hisoblanadi. Zavod yiliga qariyb 15 mln tonna neftni qayta ishlash quvvatiga ega bo‘lib, avtomobil benzini, dizel va aviatsiya yoqilg‘isi, mazut, bitum hamda boshqa neft mahsulotlarini ishlab chiqaradi.

Ukraina Bosh shtabi korxona Rossiya qurolli kuchlari ehtiyojlarini ta’minlashda ishtirok etishini bildirgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya harbiylari Ukrainaning Dnepropetrovsk viloyati Nikopol tumanida yo‘lovchi avtobusiga dron orqali zarba bergan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing