Moskvadan Indoneziyaga uchgan samolyot favqulodda Toshkentga qo‘ndi
Olam
−
16 aprel
5789“Aeroflot” aviakompaniyasining Moskva-Denpasar (Indoneziya) yo‘nalishida uchayotgan samolyot yo‘lovchilardan birining ahvoli to‘satdan yomonlashgani sababli Toshkent xalqaro aeroportiga majburiy qo‘nishni amalga oshirdi. Bu haqda aviakompaniya matbuot xizmati o‘zining Telegram-kanalida xabar berdi.
“Samolyot komandiri yo‘lovchining sog‘lig‘i keskin yomonlashgani sababli Toshkent aeroportiga qo‘nish to‘g‘risida qaror qabul qildi”, deyiladi xabarda.
Samolyot qo‘nganidan so‘ng bemor yo‘lovchi shifokorlarga topshirilgan. “Aeroflot”ning ma’lum qilishicha, samolyot ko‘p miqdorda yoqilg‘i bilan favqulodda qo‘ngani sababli unga texnik ko‘rik zarur bo‘lgan. Ushbu kechikishni bartaraf etish maqsadida Moskvadan zaxira samolyot yo‘lga chiqarilgan.
Toshkentdan Denpasarga parvoz bugun, 16 aprel kuni soat 10:00 da (Toshkent vaqti bilan) amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Shu vaqtgacha esa yo‘lovchilar mehmonxonaga joylashtirilgan va oziq-ovqat hamda ichimliklar yetkazib berilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Samarqand-Moskva yo‘nalishi bo‘yicha uchayotgan Rossiyaning Utair aviakompaniyasiga tegishli Boeing 737 (RA-73091) samolyoti balandlikka ko‘tarilayotganda chap dvigatelida nosozlik (kuchli silkinish) kuzatilgani sababli Samarqand aeroportiga qaytgandi.
LiveBarchasi