Moskvada yana bir general mashinasida portlatildi (video)
Olam
−
12:52 5760 2 daqiqa
Kecha, 9 iyun kuni erta tongda Moskva viloyatining Balashixa shahrida yuz bergan portlash oqibatida general-leytenant Damir Davidov halok bo‘ldi. U Rossiya Mudofaa vazirligida frontga raketa va artilleriya o‘q-dorilarini yetkazib berish uchun javobgar ofitser bo‘lgan. Bu haqda “The Insider” xabar berdi.
Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, portlashdan so‘ng general tirik bo‘lgan, biroq hozircha rasman tasdiqlanmagan ma’lumotlarga ko‘ra, u shifokorlar yetib kelguniga qadar vafot etgan. Portlash “Aviatorlar” mavzesida sodir bo‘lgan. Portlovchi modda BMW avtomobilining tagiga yashirilgan va haydovchi turarjoydan harakatlana boshlaganidan ko‘p o‘tmay portlagan. Davidov Balashixa shahri, Kojedub ko‘chasi (“Aviatorlar” mavzesi), 6-uy, 21-xonadonda – portlash sodir bo‘lgan joydan bir necha yuz metr uzoqlikda istiqomat qilgan. “The Insider” ma’lumotlariga ko‘ra, Davidov U028YeR750 davlat raqamli BMW X3 avtomobilidan foydalanib kelgan.

Nashrga ma’lum bo‘lishicha, ushbu operatsiya Ukraina Xavfsizlik xizmati kuchlari tomonidan amalga oshirilgan.
Ma’lumot uchun, Davidov 1969 yil 4 fevralda Penza-19 (Zarechniy) shahrida tug‘ilgan. Uning otasi 2002 yilgacha yadroviy raketalar ishlab chiqargan “Start” ishlab chiqarish birlashmasida ishlagan. Davidov ixtisoslashgan harbiy-texnik ma’lumotga ega bo‘lgan va raketa dvigatellari hamda artilleriya o‘q-dorilari sohasida bir nechta patentlarni ro‘yxatdan o‘tkazgan.
2009 yilda u 51-arsenal huzuridagi Markaziy sinov texnik byurosiga (63341-harbiy qism) rahbarlik qilgan. 2017 yilda esa Rossiya Mudofaa vazirligi Raketa-artilleriya bosh boshqarmasining raketa va o‘q-dorilarni yetkazib berish boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga tayinlangan.
Ukraina uchun ushbu general harbiy jinoyatlar ishtirokchisi sifatida anchadan beri nishonda bo‘lgan. Ukrainaning “Jallodlar kitobi” bazasiga ko‘ra, Davidov 2022 yil 24 fevraldagi Rossiya harbiy bosqinini rejalashtirish va tashkil etishda bevosita ishtirok etgan. Generalning vazifalariga armiyani o‘q-dorilar bilan ta’minlash kirgan.
Eslatib o‘tamiz, bu “Aviatorlar” mavzesida sodir bo‘lgan ikkinchi shunday hodisadir. 2025 yilning aprel oyida xuddi shu hududdagi portlash oqibatida Rossiya Qurolli Kuchlari Bosh shtabi Bosh operativ boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari general-leytenant Yaroslav Moskalik halok bo‘lgan edi. 9 iyundagi portlash joyi Moskalikning avtomobili portlatilgan uydan taxminan 350 metr uzoqlikda joylashgan.
Umuman olganda shu paytgacha 2022 yil fevral oyida Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli bosqini boshlanganidan beri kamida 19 nafar rossiyalik general halok bo‘lgan.
Live
Barchasi