Moskvada migrantlar ommaviy janjal uyushtirdi. 49 kishi hibsga olindi
Olam
−
30 avgust 2021
11160Rossiyaning Moskva shahridagi Baumanskaya ko‘chasida migrantlar ishtirokidagi ommaviy janjaldan so‘ng, 49 kishi qo‘lga olindi. Bu haqda TASS xabar bermoqda.
Rossiya Tergov qo‘mitasining ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilning 27 avgust kuni Markaziy Osiyo davlatlarining 10 ga yaqin fuqarolari ishtirokida Baumanskaya ko‘chasida ommaviy mushtlashuv sodir bo‘lgan.
Moskva shahrining Ichki ishlar vazirligi shtab-kvartirasining Matbuot xizmatining xabar qilishicha, politsiya hodisaga aloqadorlikni tekshirish uchun bo‘limga qariyb 50 kishini olib ketgan. Ulardan 15 nafariga nisbatan kichik bezorilik bo‘yicha protokollar tuzilib, qolganlari bilan profilaktik suhbat o‘tkazilgan.
Mazkur holat yuzasidan Rossiya Federatsiyasi Jinoyat kodeksining 213-moddasi 2-qismi (bezorilik) bo‘yicha jinoyat qo‘zg‘atilgan. Ushbu modda sanksiyasida 500 dan 1 million rublgacha jarima belgilash yoki besh yilgacha majburiy mehnat yoki yetti yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinlash ko‘zda tutilgan.
Eslatib o‘tamiz, Moskva meri Sergey Sobyanin 200 ga yaqin odam mamlakatdan chiqarib yuborilgani va yana 17,5 ming muhojirga Rossiyaga kirish taqiqlanganini ma’lum qilgandi.
LiveBarchasi