Migrantlarning Fransiyaga kirishi taqiqlanishi mumkin
Olam
−
25 may 557 2 daqiqa
Fransiya Adliya vaziri Jerald Darmanen mamlakat “integratsiya va assimilyatsiya sohasida o‘z imkoniyatlari chegarasiga yetganini” ma’lum qildi va qonuniy immigratsiyaga uch yillik moratoriy joriy etishni taklif qildi. Bu haqda u “Le Journal du Dimanche” gazetasiga bergan intervyusida so‘z ochdi.
“Biz integratsiya va assimilyatsiya sohasida o‘z imkoniyatlarimiz chegarasiga yetdik. Shu sababli, men endi qat’iy ishonaman: biz immigratsiyaning hozirgi ko‘rinishiga chek qo‘yishimiz kerak. Aynan shu bois, men qonuniy immigratsiyaga uch yillik moratoriy joriy etishni taklif qilaman”, deydi vazir.
Uning so‘zlariga ko‘ra, mamlakatga kirayotganlarning soni, kelib chiqishi va malakasi bo‘yicha ijro etilishi majburiy bo‘lgan kvotalarni belgilash imkoniyatiga ega bo‘lish uchun Konstitutsiyaga o‘zgartirish kiritish zarur. Darmanen, shuningdek, ishlash huquqini beruvchi yashash guvohnomalari endilikda oilani birlashtirish huquqini avtomatik tarzda bermasligi kerakligini yoqlab chiqqan.
“Keling, immigratsiyani to‘xtataylik, deportatsiya qilinishi zarur bo‘lgan shaxslarni badarg‘a qilaylik. Bunda vizalar berilishini deportatsiya to‘g‘risidagi buyruqlarning qabul qilinishiga bog‘liq qilib qo‘yishimiz kerak va mamlakatda allaqachon bo‘lib turganlarni assimilyatsiya qilish ustida ishlashni boshlaylik”, dedi u o‘z intervyusida.
Darmanen, shuningdek, ish haqini pasaytirish uchun migratsiyadan foydalanadigan “jilovlanmagan kapitalizmni rag‘batlantirish”ning oldini olish zarurligini qo‘shimcha qilgan.
“Hozirgi kunda ko‘plab og‘ir ishlar xorijlik ishchilar uchun band qilib qo‘yilgan bo‘lib, ularga juda kam haq to‘lanadi va insofsiz ish beruvchilar tomonidan ekspluatatsiya qilinadi”, deydi u.
Yangi bahs-munozaralar to‘lqiniga migratsiya bo‘yicha so‘nggi raqamlar sabab bo‘lgan. Darmanenning aytishicha, 2025 yilda Fransiya 4,5 million dona yashash huquqini beruvchi hujjat bergan bo‘lib, bu o‘tgan yilga nisbatan 3,2 foizga ko‘p degani. Har uchinchi hujjat oilani birlashtirish yo‘nalishi bo‘yicha rasmiylashtirilgan.
Live
Barchasi